O‘zA O`zbek

15.10.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston – Malayziya: hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Oʻzbekiston – Malayziya: hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Toshkentda 15-oktyabr kuni Oʻzbekiston – Malayziya biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Malayziyaning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 30 dan ortiq Malayziya kompaniyasi hamda 100 ga yaqin mahalliy tadbirkorlik subyekti vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadi koʻzlangan biznes-forumda ikki davlat oʻrtasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Mehmonlar Oʻzbekistonda investitsion muhitni yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

Malayziya delegatsiyasi vakillari Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsishning ijobiy dinamikasi kuzatilayotganini taʼkidlab, respublikamiz hukumati tomonidan iqtisodiyotning turli sohalarini erkinlashtirish, xorijiy sarmoyadorlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni yuqori baholadi.

Taʼkidlash joiz, soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar tobora kengaymoqda. 2018-yil yakunlariga koʻra, oʻzaro mahsulot ayirboshlash hajmi 78,274 million dollarni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oldingi yillarga nisbatan qariyb 20 foiz koʻp demakdir. Ayni paytda esa oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan oʻsish 50 foizni tashkil etdi.

Malayziyaga Oʻzbekistondan asosan kimyoviy oʻgʻitlar, meva-sabzavot, asal eksport qilinadi. Bu davlatdan yurtimizga oʻsimlik yogʻi, sanoat, laboratoriya uskunalari, qahva hamda choy konsentrati, sovun va boshqa yuvish vositalari ishlab chiqarish uchun xomashyo kabi mahsulotlar kirib keladi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda Malayziya kapitali ishtirokidagi 14 qoʻshma va 2 xususiy korxona faoliyat yuritmoqda.

Malayziya vakillari Oʻzbekiston bilan hamkorlikni, ishbilarmonlik aloqalarini kelgusida yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini taʼkidladi. Hozirgi paytda Oʻzbekistonning xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalariga nisbatan Malayziya bilan ikki tomonlama savdo aylanmasi atigi 3-4 foizni tashkil etadi. Demak, hali bu borada foydalanilmagan koʻp imkoniyatlar mavjud. Shu bois, Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Toshkentda oʻz vakolatxonasini ochdi.

Malayziya kompaniyalari vakillari mintaqada savdo aloqalarini rivojlantirish, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy biznes sharoitlari bilan yaqindan tanishish, mahalliy bozor talablarini oʻrganish maqsadida alohida uchrashuvlar oʻtkazdi, mamlakatimizdagi importga ixtisoslashgan va distribyutor korxonalarga tashrif buyurdi.

Biznes-forum doirasida boʻlib oʻtgan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi “V2V“ uchrashuvlari chogʻida hamkorlikni yanada jadallashtirish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.

1 530
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA