Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2018 18:24 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – Koreya do‘stligi: tarix sahifalari, istiqbol ufqlari

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 26 yilligiga bag‘ishlab “O‘zbekiston – Koreya do‘stligi: tarix sahifalari, istiqbol ufqlari” mavzuida o‘tkazildi.

Unda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro ekspertlar, diplomatik korpus, talaba-yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi. Yig‘ilishda o‘zbek va koreys xalqlarining ko‘p asrlik tarixiy-madaniy aloqalari, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari xususida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston – Koreya do‘stlik jamiyati raisi, Toshkentdagi Inha universiteti rektori Sarvar Boboxo‘jayev, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi maslahatchisi Kim Je U va boshqalar mamlakatlarimiz katta salohiyat va imkoniyatlarga ega ekani, jumladan, fan-ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

1992-yilda ikki davlat o‘rtasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingani savdo-iqtisodiy, sarmoya, sanoat, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qurilish, neft-gaz, mashinasozlik, to‘qimachilik, logistika, kimyo sanoati, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi ko‘plab sohalar bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizning oliy o‘quv yurtlari Janubiy Koreyaning 30 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasasi bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Yurtimizdagi 13 oliy o‘quv yurti, 28 maktab, litsey va kasb-hunar kollejlarida koreys tili va madaniyati markazi tashkil etilgan.

Ko‘p millatli xalqimizning ajralmas qismi hisoblangan koreys diasporasi vakillari ham O‘zbekistonda kechayotgan islohotlar va o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etmoqda.

Sessiyada iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish va investitsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari assotsiatsiyasi mutasaddilari, Toshkentdagi Inha universiteti hamda Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
7 059