O‘zA O`zbek

20.05.2019 Chop etish versiyasi

“O‘zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi” loyihasi taqdim etilmoqda

“O‘zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi” loyihasi taqdim etilmoqda


Sizlarning muhokamangizga “O‘zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi” loyihasini taqdim etyapmiz.

Ushbu loyiha ustida bir necha yillar davomida ish olib borildi. Xususan, 2018 yili bu mavzuda bir necha yig‘ilish va davra suhbatlari o‘tkazildi. Ularda nafaqat milliy ekspertlar, tajribali jurnalistlar taklif-mulohazalari tinglandi, balki YuNESKO, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Mintaqaviy muloqot va boshqa ko‘plab xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillarining bu boradagi xorijiy tajribalar bo‘yicha fikrlari bilan tanishildi. Mazkur muhokamalarda bildirilgan taklif-mulohazalar asosida sizga taqdim etilayotgan O‘zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi loyihasi yuzaga keldi.

Etika kodeksi – har bir jurnalist faoliyatining mezoni, uning burchi, mas’uliyati, axloqiy madaniyati, ma’naviyatini belgilab beruvchi o‘ziga xos muhim hujjat. Kodeksning kasbiy faoliyatimizda qanchalik muhim o‘rin tutishi uning nechog‘li mukammal bo‘lishiga bog‘liq. Shu bois barcha jurnalistlarni taqdim etilayotgan kodeks loyihasiga befarq bo‘lmaslik va mas’uliyat bilan yondashish, fikr-mulohazalari, takliflari bilan o‘rtoqlashishga chaqiramiz.

Muhokamalarda ishtirok etish muddati loyiha e’lon qilingan kundan boshlab 1 oy.

Fikr-mulohazalar, takliflarni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga (Toshkent, 11. Navoiy ko‘chasi 30 uy, elektron manzil: info@journalist.uz va ijod@sarkor.uz) yuboring.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Loyiha

O‘ZBEKISTON JURNALISTLARINING KASB ETIKASI KODEKSI

MUQADDIMA

Inson manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblangan demokratik jamiyatni so‘z va axborot erkinligisiz tasavvur etib bo‘lmasligini e’tirof etib, biz – O‘zbekiston jurnalistlari mazkur kasb etikasi kodeksini (keyingi o‘rinlarda – Kodeks) qabul qildik.

Kodeks Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (BMT BA, 1948 y), Jurnalistikada kasb etikasi xalqaro prinsiplari (YuNESKO,1983y), Jurnalistlar odob-ahloqi prinsiplari xalqaro deklaratsiyasi (Xalqaro jurnalistlar federatsiyasining kongressi, 1954 y) va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda qonunchiligi inobatga olingan holda ishlab chiqildi.

Kodeks jurnalistlar va barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘z kasb majburiyatlarini bajarishda rioya etishi shart bo‘lgan ma’naviy-axloqiy yo‘nalishlarni belgilaydi.

1.JURNALISTNING KASB MAJBURIYaTI

Haqqoniylik, xolislik, adolat, fikrlar xilma-xilligi va inson huquqlariga hurmat O‘zbekiston jurnalistlari faoliyatining asosiy qoidasi hisoblanadi.

Jurnalist o‘zining so‘z va axborot erkinligini ta’minlash yo‘lidagi faoliyati jamiyat oldidagi burchi ekani va uning materiallari jamiyat manfaatlariga xizmat qilishi kerakligini to‘liq anglaydi.

Jurnalist O‘zbekistonning amaldagi qonunlari va xalqaro qonunlarga asoslanib ish olib boradi, media makonda ijtimoiy mas’uliyat muhitini yaratgan holda sohada o‘zini-o‘zi boshqarish tizimini vujudga keltirish va mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi, jurnalist obro‘-e’tibori va sha’nini himoya qiladi.

2.JURNALISTNING IJTIMOIY MAS’ULIYaTI

Jurnalist jamiyat uchun axborot to‘plashi, tayyorlashi va uni tarqatishi, shuningdek fuqarolarning o‘z fikrlarini bildirishlari uchun maydon yaratishi lozim.

3.BETARAFLIK, HALOLLIK VA XOLISLIK

Jurnalist betaraf va halol bo‘lishi, voqea-hodisalarni xolisona yoritishi, muomala madaniyatiga amal qilishi, faoliyatini shaxsiy ishonchi, qat’iyati va prinsiplariga muvofiq bajarishi zarur.

Jurnalist o‘z kasb majburiyatlarini bajarishda axborot olishning qonunga zid usullaridan foydalanmasligi (qo‘rqitish, ta’magirlik, tovlamachilik, ig‘vogarlik, mukofot va’da qilish yoki odob-axloq normalariga zid boshqa usullar bilan), shuningdek o‘z xizmat vakolatlaridan shaxsiy maqsadlari yo‘lida foydalanmasligi shart.

Jurnalist har qanday sharoitda ham yolg‘on axborot e’lon qilmasligi, dalillarni buzib ko‘rsatmasligi va ijtimoiy ahamiyatga ega axborotni ataylab yashirmasligi lozim.

4.AXBOROTNING IShONChLILIGI VA XOLISLIGI

O‘zi tarqatayotgan axborotning ishonchliligini tekshirish va xolis axborot taqdim etish jurnalistning bevosita majburiyatidir. Jurnalist haqqoniyligiga ishonch hosil qilgan axborotnigina tarqatadi va sharhlaydi (bunda u kamida ikkita mustaqil manba orqali axborotni tekshirib ko‘rishi tavsiya etiladi).

Ishonchsiz va dalillarga asoslanmagan axborot tarqatgan taqdirda jurnalist zudlik bilan o‘z xatosini tan olishi, buning uchun uzr so‘rashi va xatosini tuzatish chorasini ko‘rmog‘i lozim.

Jurnalist mish-mishlar va uydirma gaplarga chalg‘imaydi, jamiyatda va odamlar orasida sarosima, g‘alayon va tartibsizliklar keltirib chiqaruvchi, shuningdek jamiyatning hayotiy muhim tizimlarining izdan chiqishiga sabab bo‘ladigan axborotni tarqatish bilan shug‘ullanmaydi.

Jurnalist fikr va nuqtai nazarlar xilma-xilligini hurmat qiladi, materiallarida bunga alohida e’tibor qaratadi.

5.AXBOROT MANBALARI VA MAXFIYLIGI

Jurnalist jismoniy yoki yuridik shaxsning axborot taqdim etishni rad etish yoki taqdim etishdan tiyilish huquqini tan oladi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilgan holatlar bundan mustasno.

Jurnalist axborot manbai ruxsatisiz ma’lumotlarni oshkor qilmasligi, axborotdan g‘arazli manfaatlari yoxud uchinchi shaxslar manfaatlari uchun foydalanmasligi kerak.

Jurnalist maxfiy yo‘l bilan olingan axborot manbaiga nisbatan kasb sirini saqlaydi. Jurnalistni manbani oshkor etishga majburlashga hech kimning haqqi yo‘q. Maxfiylik huquqi qonunchilikda belgilangan holatlardagina sud qarori bilan buzilishi mumkin.

6. MILLIYLIK VA MILLIY MA’NAVIYaT

Jurnalist qanday mavzuga qo‘l urmasin milliy o‘ziga xoslik, milliy ma’naviyat va axloqiy qadriyatlarga, shu bilan bir vaqtda boshqa millatlar va madaniyatlarga hurmat saqlaydi.

Jurnalist hech bir xalq va elatning milliy, diniy yoki irqiy kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

7. ShAXSIY HAYoTGA HURMAT. ShAXS ShA’NI VA QADR-QIMMATINI HIMOYaLASh

Jurnalist odamlarning shaxsiy hayotini hurmat qiladi. Shaxs sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Jurnalist odamlarning shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlarni faqat ularning roziligi va hujjatlarning sir saqlanishiga rioya qilgan holda e’lon qiladi.

Jurnalist noqonuniy yo‘llar va boshqa nomaqbul vositalar yordamida odamlarning shaxsiy hayoti haqida axborot to‘plash, ovoz yozib olish va boshqa materiallar to‘plashi mumkin emas.

Jurnalist balog‘atga yetmaganlar, jabrlanuvchilar, bemorlar sha’nini saqlash nuqtai nazaridan ularning shaxsini oshkor etmaydi.

Jurnalist jinoiy ishni yorituvchi materialni tayyorlayotganida hukm chiqarishdan tiyiladi. Shaxsning aybi sud tomonidan isbotlanmaguniga qadar jurnalist uni aybdor deb atash huquqiga ega emas.

8.PLAGIAT

Jurnalist o‘z faoliyatida plagiatga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Plagiat – hech bir havola ko‘rsatmay o‘zga manbaning matni, ovozi, kadri hamda tasvirini o‘zlashtirib olish - ko‘chirmakashlikdir.

Jurnalist boshqa ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar muallifligidagi materiallardan foydalanganida yoki ularga murojaat qilganida aniq manbani ko‘rsatishga burchlidir.

9.JURNALISTLAR BIRDAMLIGI

Jurnalistlar kasbiy birdamlik talablariga rioya qiladilar. Jurnalist professional obro‘-e’tiboriga putur yetkazadigan va ijtimoiy burchiga zid bo‘lgan ishlarga qo‘l urmaydi. Jurnalistlar ommaviy axborot vositalaridan g‘arazli maqsadlarda va hamkasblari o‘rtasida kelishmovchiliklar keltirib chiqarish yo‘lida foydalanmasliklari darkor.

Professional faoliyati uchun ta’qib ostiga olingan jurnalist jurnalistlar birdamligi tuyg‘usi va prinsiplaridan kelib chiqqan holda hamkasblari tomonidan himoya qilinishi lozim.

10. OAV BO‘YIChA JAMOATChILIK KENGAShI

Jurnalist kasb etikasi talablari va me’yorlari buzilish holatlarini kuzatish, tahlil qilish va tegishli xulosa chiqarish maqsadida OAV bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuziladi.

Jamoatchilik kengashi nizomi O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi konferensiyasida tasdiqlanadi.

Jamoatchilik kengashi yetti kishidan iborat tarkibda besh yillik muddatga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi konferensiyasida saylanadi.

Jamoatchilik kengashi:

-milliy va xorijiy (kezi kelganda) ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan (tarqatilgan) materiallarni jurnalistning kasb etikasi me’yorlari nuqtai nazaridan o‘rganadi, tahlil qiladi, baholaydi, xulosa chiqaradi;

-jurnalistlik faoliyati bilan bog‘liq bahsli holatlarga oydinlik kiritilishida yordamlashadi;

-Kodeks me’yorlariga rioya etilmaslik holatlari yuzasidan taqdim etilgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi va qaror qabul qiladi;

-jurnalist kasb etikasiga taalluqli boshqa masalalarni jamoatchilik e’tiboriga havola etadi.

-ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Jamoatchilik kengashining qarori O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi muassisligidagi nashrlarda chop etiladi.

Jamoatchilik kengashi qarori jurnalistni intizomiy, ma’muriy yoki boshqa turdagi javobgarliklarga tortish uchun asos hisoblanmaydi, faqat tavsiya xususiyatiga ega bo‘ladi.


2 241
O‘zA