O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Jahon sayyohlik yarmarkasi – “World travel market-2019”da ishtirok etdi

O‘zbekiston Jahon sayyohlik yarmarkasi – “World travel market-2019”da ishtirok etdi
Londonda o‘tgan “World travel market-2019” yarmarkasida mamlakatimiz delegatsiyasi ham ishtirok etib, milliy stend ostida O‘zbekiston brendini keng targ‘ib qilishdi.

“World travel market” yarmarkasi – turizm sohasidagi eng yirik va mashhur xalqaro ko‘rgazmalardan biri. Uning doirasida turizm sohasidagi xizmatlarning deyarli barcha turlari namoyish etiladi. 1980 yildan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tadbir Yevropaning ikkinchi (Berlindan keyin) yirik sayyohlik yarmarkasi sifatida qayd etiladi. Bu yil xalqaro yarmarkada dunyoning 182 mamlakatidan 50 mingdan ortiq mutaxassislar to‘plandi. Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar soni 100 ming kishidan ortiqni tashkil qildi, uning ishini 2 mig 800 jurnalist yoritib bordi.

O‘zbekiston 2009 yildan boshlab ushbu tadbirda muntazam qatnashib keladi. Bu galgi delegatsiya tarkibida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari“ Milliy aviakompaniyasi, bir qator sayyohlik agentliklari vakillari kirdi. O‘zbekiston ekspozitsiyasida namoyish etilgan tarixiy shaharlar va madaniy merosimiz, O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan maxsus videolar ko‘rgazma mehmonlarini o‘ziga jalb etdi.

Mamlakatimiz vakillari tadbir doirasida turizmni rivojlantirish tendensiyalari va istiqbollari to‘g‘risida batafsil ma’lumot olish, yangi yo‘nalishlar, samarali boshqaruv usullari va ushbu biznesning yuqori darajadagi raqobatbardoshligini ta’minlash imkoniyatlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Buyuk Britaniya sayyohlik birlashmalari vakillari, jumladan, Guruh operatorlari assotsiatsiyasi, Milliy sayyohlik idoralari va vakillari assotsiatsiyasi, Yevropa sayyohlik agentliklari va turoperatorlari uyushmasi, Buyuk Britaniya sayyohlik agentliklari uyushmasi, Uyushma vakillari bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi. Britaniya va boshqa xorijiy sheriklar bilan shartnomalar imzolandi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi “Qishloq joylarda turizmni rivojlantirish uchun zamonaviy texnologiyalar“ mavzusidagi vazirlar sammitida ishtirok etdi. Sammitda 50 dan ortiq turizm vazirlari va dunyoning turistik kengashlari ma’muriyatlari rahbarlari ishtirok etdi. Ishtirokchilar global turizm sohasidagi dolzarb muammolar, sohani rivojlantirish tendensiyalari va istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Ko‘rgazma davomida amerikalik mutaxassis Tara Pandeya o‘zbek milliy raqslarini ijro etdi. U o‘zbek raqslariga mehr qo‘ygan va milliy raqs san’atimizni butun dunyoda namoyish etish, targ‘ib qilish ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda.

Mamlakatimiz delegatsiyasining ushbu xalqaro tadbirga tashrifi O‘zbekistonning sayyohlikni rivojlantirishdagi manfaatlarini yanada ilgari surish va mamlakatimizga Yevropa mamlakatlari sayyohlari oqimini sezilarli ravishda oshirish imkonini beradi.

335
O‘zA