O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston izolyatsiyadan chiqmoqda

O‘zbekiston izolyatsiyadan chiqmoqda

“Izolyatsionizm uzoq yillar davomida O‘zbekistonning tashqi dunyo bilan munosabatlarini belgilab keldi. Biroq Markaziy Osiyoning eng aholisi zich joylashgan mamlakatidagi islohotlar Toshkentdan ancha uzoq joylarda ham aks-sado bermoqda. O‘zbekiston siyosiy evolyusiyasi – tadriji natijasi o‘laroq, Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash barobarida Rossiya, Xitoy va Qo‘shma Shtatlarning ham tobora jozibador hamkoriga aylanib bormoqda, chunki ular mintaqaga ta’sir ko‘rsatish yo‘lidagi strategik raqobatlashuv va investitsiyalar kiritishda qatnashmoqda. O‘zbekistonning ochilayotgani unga o‘z mintaqasidagi iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi faoliyatini kengaytirish uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratadi, biroq shu bilan birga muammolar ham tug‘diradi. Chunki zikr etilgan buyuk davlatlar o‘rtasidagi raqobat mamlakatdagi voqealar rivojini o‘zi istamagan o‘zanlarga burib yuborishi mumkin”, deya so‘z yuritiladi Stratfor Worldview saytida e’lon qilingan “Uzbekistan Comes in From the Cold” nomli maqolada. Quyida ushbu maqolaning tarjimasini qisqartirilgan holda e’tiboringizga havola qilamiz.

O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida an’anaviy izolyatsionizmdan voz kechmoqda hamda Rossiya, Xitoy bilan jadal rivojlanayotgan munosabatlarda kun sayin muhim, AQSh bilan munosabatlarda esa kamroq rol o‘ynamoqda.

O‘zbekiston Rossiya bilan iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi rivojlanib borayotgan munosabatlarga tobora ochiladi, ammo shu bilan birga tashqi siyosatini rang-baranglashtirish uchun Xitoy va G‘arb mamlakatlari sari parallel qadamlar qo‘yadi.


Toshkentning o‘zgarishi Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiyot va xavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

O‘tmishdan voz kechib Shavkat Mirziyoevning birinchi qilgan katta ishi mamlakatda chet el valyutasini konvertatsiya qilishni erkinlashtirgani bo‘ldi. Garchi bu qisqa vaqt mobaynida inflyatsiyani oshirib yuborgan bo‘lsa-da, biznes muhitini jiddiy tarzda yaxshiladi, o‘rta sinfga mansub vatandoshlar uchun pulni konvertatsiya qilish imkonini ko‘paytirdi va muhim iqtisodiy samara berdi.

Prezident Mirziyoev keyingi qadam sifatida ko‘proq chet ellik sayyohlarni va xorijiy investitsiyalarini jalb qilish maqsadida mamlakatning viza olish jarayonini liberallashtirdi. O‘zbekiston 100 ga yaqin mamlakat vatandoshlariga mamlakatga vizasiz kirish huquqini berdi hamda elektron viza olishning soddalashtirilgan jarayonini joriy etdi. Ayni choralar turizmdan olinadigan daromadni ikki barobar oshirdi, bu ko‘rsatkich 2016 yilda taxminan 500 million AQSh dollari bo‘lgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib, 1,1 milliard dollardan oshib ketdi hamda investitsiyalar miqdorini YaIMga nisbatan 38 foiz, ya’ni o‘tgan yillar bilan solishtirganda, ikki xonali songa oshirdi.

Izolyatsiyaga barham berish yo‘lida

Ushbu ichki islohotlar O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan munosabatlarini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlari bilan bir vaqtda amalga oshirildi. Karimov davrida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari, ayniqsa, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan munosabatlari og‘ir kechgan edi, ushbu mamlakatlar bilan Farg‘ona vodiysidan o‘tgan chegaralarining bahsli o‘rinlari bor. Chegara demarkatsiyasi va suv resurslariga oid munozaralar ular o‘rtasida muttasil to‘qnashuvlarni keltirib chiqardi, bu jiddiy siyosiy beqarorlikka sabab bo‘lar, vaqti-vaqti bilan zo‘ravonliklardan iborat noroziliklarga va etnik to‘qnashuvlarga olib kelar edi. Shavkat Mirziyoev mamlakatlar o‘rtasidagi murakkab chegaralarni aniq demarkatsiya qilish uchun sa’y-harakatlarini ayamayapti, mavjud bahslarni kamaytirish barobarida suvdan birgalikda foydalanish masalasida hamkorlik qilmoqda. Bu o‘z navbatida mintaqadagi tovar aylanmasi jiddiy ravishda oshishiga olib keldi.

Biroq mintaqadagi yetakchi tashqi kuchlar haqida gap ketganda, Shavkat Mirziyoev amalga oshirgan eng muhim o‘zgarish sifatida uning O‘zbekistondagi izolyatsionizmga barham berganini aytish lozim bo‘ladi.

O‘zbekiston qo‘shnilari Qozog‘iston va Qirg‘izistondan farqli o‘laroq, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi singari Rossiyaning bloklar tarmog‘iga qo‘shilmaslik yo‘lini tanladi (lekin Toshkent KXShTga bir muddat a’zo bo‘lib, keyin undan chiqib ketgan edi), Moskva bilan Pekinni o‘zidan nariroq tutishga qaror qildi, sababi ularning siyosiy ta’siri kuchayib ketishidan xavfsirayotgan edi. Boz ustiga, 2005 yili O‘zbekiston Qo‘shma Shtatlarni Qarshi shahridagi harbiy havo bazasidan chiqarib yubordi. Ushbu choralar mamlakatning betarafligini saqlab qoldi, biroq ular ancha qimmatga ham tushdi, chunki O‘zbekiston chet investitsiyalari va iqtisodiy o‘sishdan benasib qoldi, ammo mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda, uning neft, tabiiy gaz, foydali qazilmalar, paxta va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari singari rang-barang resurs bazasi bor. Prezident Mirziyoev ushbu muammoni iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, Rossiya va Xitoy bilan yirik, bir qancha G‘arb mamlakatlari bilan esa kamroq miqdordagi energetika, transport, telekommunikatsiya, bank va boshqa sohalar uchun foydali bo‘lgan savdo-sotiq va investitsiya bitimlari imzolash orqali bartaraf etishga intildi. Prezident yana xavfsizlik sohasida yirik qo‘shnilari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini izhor qildi, o‘n yildan oshiq vaqtdan beri birinchi marta Rossiya bilan qo‘shma harbiy mashqlarni tikladi, terrorizmga qarshi amaliyotlarda Moskva va Pekin bilan hamkorlik qildi.

Tashqi dunyoga ochilishning bahosi 

O‘zbekistonning o‘lchami, resurslari va strategik joylashuvi, ro‘y bergan keyingi o‘zgarishlar nafaqat mamlakatning ichkarisiga, qolaversa, butun mintaqaga ta’sir ko‘rsatdi. Ammo shunga qaramasdan, islohot o‘tkazish sa’y-harakatlari to‘siqlarsiz yoki oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan oqibatlarsiz kechmadi. Biroq Shavkat Mirziyoev bu to‘siqlarini tirishqoqlik bilan bosqichma-bosqich yengib o‘tib, islohotlarni davom ettirish uchun yo‘lni to‘siqlardan tozaladi. Lekin byurokratiya inersiyasi saqlanib qolayotganidan va ayrim unsurlar Shavkat Mirziyoev tashabbuslariga qarshi chiqayotganidan ajablanmasa ham bo‘ladi.

O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va keng qamrovli chet el investitsiyalarini jalb qilish yo‘lida duch kelayotgan yana bir boshog‘riq struktural muammodir. Mamlakatning markazlashtirilgan iqtisodiyoti necha o‘n yillar davomida arzimas o‘zgarishlar bilan rivojlandi, xususiylashtirish jarayoni o‘ta sust kechdi; aslida mamlakatdagi korxonalarning 85 foizdan ortig‘i davlatga qarashliligicha qolmoqda, chunki hukumat barcha sohalarda nazorat paketini qo‘lida ushlab turibdi va o‘sha korxonalarni strategik deb hisoblaydi.

Qonun ustuvorligi hamda davlat xizmatchilarining islohotlarni qanday o‘tkazishga oid bilimlari o‘rta yoki past ekani bilan bog‘liq muammolar hisobga olinsa, O‘zbekiston ko‘p miqdordagi chet el – ayniqsa, G‘arb mamlakatlari – investitsiyalarini jalb qilishi uchun ko‘p yillar talab qilinsa ajab emas. Bu Rossiya bilan Xitoyga, ularning davlatga qarashli yirik korxonalariga O‘zbekistonning ochilishi va uning resurslaridan foydalanish imkoniyati kengaytirilishidan ko‘proq foyda olishda ustunlik beradi, biroq Toshkent AQSh va Yevropadan kelajak boshqa investitsiya sheriklarini ham istisno qilishni istamaydi.

O‘zbekiston ochila borgani sari uning Moskva bilan Pekin o‘rtasida muvozanatni saqlashga oid sa’y-harakatlari ortib borishi va ayni hol kelgusida Rossiya bilan Xitoy o‘rtasidagi ixtilof va potensial ziddiyatning kuchayish manbasiga aylanishi ehtimoldan xoli emas.

Tashqi siyosat nuqtai nazaridan, Rossiya va Xitoy e’tiborini ko‘proq jalb etgan ayni ochilish ular o‘rtasidagi raqobat kuchayishiga turtki berishi mumkin, chunki ikkala mamlakat ham O‘zbekistonda ta’sirini oshirishga intilmoqda. Xususan, Rossiya Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi orqali O‘zbekistonni o‘z orbitasiga tortib olish borasidagi sa’y-harakatlarini faollashtirmoqda; Toshkent unga a’zo bo‘lish masalasini ko‘rib chiqayotganini bildirdi, biroq manyovr qila olmay qolish xavfi va Xitoy singari boshqa kuchli davlatlar bilan – ayniqsa, O‘zbekistonning “Makon va yo‘l” tashabbusidagi ishtirokini hisobga olganda – hamkorligiga putur yetishi ehtimoliga oid xavotirlar sabab qarshilik ko‘rsatishi ham mumkin. Toshkentning mustaqilligiga putur yetkazmay, ko‘p yo‘nalishli tashqi siyosatining bir bo‘lagi o‘laroq, chet elliklar yetakchiligidagi bloklarga qo‘shilmagan holda barcha asosiy tashqi kuchlar bilan iqtisodiy va xavfsizlik aloqalarini o‘rnatishi O‘zbekiston uchun risoladagiday ish bo‘lur edi. O‘zbekiston ochila borgani sari uning Moskva bilan Pekin o‘rtasida muvozanatni saqlashga oid sa’y-harakatlari ortib borishi va ayni hol kelgusida Rossiya bilan Xitoy o‘rtasidagi ixtilof va potensial ziddiyatning kuchayish manbasiga aylanishi ehtimoldan xoli emas. Tabiiyki, bu siyosiy beqarorlikni qo‘zg‘ashi, investitsiyalarni xavf ostiga qo‘yishi, O‘zbekistonning tashqi dunyo bilan aloqalarini yaxshilashi va izolyatsiyadan chiqishi jarayoniga to‘sqinlik qilishi, hatto uni orqaga surib yuborishi mumkin.

Pirovardida, islohotlar jarayoni O‘zbekiston uchun imkoniyatlar yaratish barobarida muqarrar muammolarni keltirib chiqardi. Prezident Mirziyoev hukumati bundan buyongi – bank sohasi va soliq islohotlaridan tortib, turizm va valyutani liberallashtirishgacha – o‘zgarishlarga kirishar ekan, bu boradagi takliflar mamlakat haqiqatan ham izolyatsiyadan chiqishga intilayotgani uchun sinov bo‘ladi, chunki buyuk davlatlarning Toshkentning muvozanat saqlashi va kimga qarab yo‘nalish olishiga qaratilgan raqobati jadallashib boraveradi.

Manba: uzanalytics.com

5 578
O‘zA