Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.09.2018 18:10 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston – islom tamadduni markazi

Oʻzbekiston – islom tamadduni markazi
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 3-sentyabr kuni misrlik taniqli olimlar Ahmad Tarabik, Ahmad Rajab Muhammad Ali Rizq va Magda Maxluf muallifligidagi yurtimiz tarixi va boy madaniy merosi haqida hikoya qiluvchi kitoblar taqdimoti oʻtkazildi.

Unda misrlik olimlar, shuningdek, OʻzFA ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, akademiklar, tadqiqotchilar qatnashdi.

Ahmad Tarabik Qohira universitetining Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha yetakchi mutaxassisi sifatida Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan yaxshi xabardor. U mamlakatimizda barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan siyosiy islohotlar, iqtisodiy, ijtimoiy yangilanishlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ilmiy maʼruzalari bilan maʼlum. Olim oʻzining Oʻrta asrlarda islom taʼlimoti, madaniyati va ilm-fani rivojiga munosib hissa qoʻshgan allomalarimiz haqidagi izlanishlari, ommabop maqola va risolalari bilan Sharq jamoatchiligi orasida keng tanilgan.

Ahmad Tarabikning “Oʻzbekiston: islom tamadduni manbai” kitobida mamlakatimiz tarixi, madaniyati, ilm-fan rivoji haqida hikoya qilinadi.

Mazkur kitob 2017-yili Misrda arab tilida chop etilgan. Ushbu fundamental tadqiqot ikki qismdan iborat. Birinchi qismda mamlakatimiz tarixi, geografik joylashuvi, iqtisodiyoti, aholisi, tili, arab dunyosi bilan tarixiy aloqalari, shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termiz, Xorazm va Nasaf shaharlari haqida maʼlumotlar keltiriladi. Islom tamadduni rivojiga hissa qoʻshgan buyuk mutafakkirlar tilga olingan ikkinchi qismdan Imom Buxoriy, Hakim at-Termiziy, Mahmud az-Zamaxshariy kabi yurtimizdan yetishib chiqqan koʻplab allomalar hayotiga oid maʼlumotlar oʻrin olgan.

Misrlik tarixchi, arxeolog olim Ahmad Rajab Muhammad Ali Rizq ham oʻz hayotini Sharq diyori, xususan, mamlakatimiz nomoddiy madaniy merosini tadqiq qilishga bagʻishlagan. Uning madaniy, tarixiy mavzularga bagʻishlangan yigirmaga yaqin kitoblari, koʻplab ommabop maqolalari bugungi kunda ilmiy izlanishlar uchun manba boʻlib xizmat qilmoqda.

Tadbirda muallifning 2017 yilda nashrdan chiqqan “Yodgorliklar va Buxoro islom madaniyati” nomli ikki jildli kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Mazkur kitob oʻn yillik izlanishlarning mahsuli sifatida yaratilgan.

“Ushbu zamindan yetishib chiqqan mashhur qomusiy olimlar Sharq uygʻonish davrining ilmiy-madaniy yuksalishida munosib hissa qoʻshgan”, deya qayd etadi muallif kitob muqaddimasida.

Ikki boʻlimdan iborat asarning birinchi qismida Buxoro madaniy yodgorliklari, diniy tamoyil va mazhablar haqida batafsil hikoya qilinsa, madaniy yodgorliklardagi yozuvlar, devoriy tasvirlar va naqshlar boʻyicha izlanishlar bayoni asosiy boʻlimdan oʻrin olgan.

Taniqli olima Magda Maxluf turkiy tildan tarjima qilgan “Boburnoma” 20 yillik mehnat samarasi oʻlaroq, arab tilida chop etildi.

Taʼkidlanganidek, kitob Markaziy Osiyo, Afgʻoniston, Hindiston xalqlarining XV-XVI asrga oid tarixiy-etnografik, adabiy hayoti haqidagi maʼlumotlarni jamlagan. Buyuk davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur faoliyati haqida koʻplab maʼlumot beradi.

Taqdimotda kitoblarning Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan qomusiy olimlarning dunyo ilm-fani rivojiga qoʻshgan hissasini ochib berishdagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA
2 281