O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri AQSh savdo vaziri bilan uchrashdi

O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri AQSh savdo vaziri bilan uchrashdi

Vashingtonda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umrzoqov hamda AQSh savdo vaziri U.Ross o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida o‘zaro savdoning hozirgi holati hamda savdo aylanmasi hajmini oshirishning istiqbolli mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.

Bu borada investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik yo‘lida to‘siqlarni bartaraf etish hamda mavjud masalalarni tezkor hal etish uchun idoralararo darajadagi doimiy aloqalarning zarurligi e’tirof etildi.

Muloqot chog‘ida o‘zbek tomoni umumiy qiymati 1,5 milliard dollarga teng 60 nomdagi tovar nomenklaturasi bo‘yicha O‘zbekistonning AQShga eksporti hajmini oshirish orqali o‘zaro savdoni jadallashtirish taklifini bildirdi.

Bu taklif ijobiy baholanib, o‘rganish uchun qabul qilindi. Kelgusida savdo kelishuvlari va shartnomalarini ishlab chiqish uchun hajmi ko‘rsatilgan holda eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ro‘yxati AQSh savdo vazirligi rahbariyatiga topshirildi.

Amerikalik hamkasblar taklif etilgan tovarlar savdosi bo‘yicha Amerika bozorining ehtiyojini puxta o‘rganish hamda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Amerika bozoriga chiqishiga ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Uchrashuv doirasida shuningdek, tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga mas’ul vazirlar ishtirokida “S5+1” formatida vazirlar darajasidagi davlatlararo aloqalar platformasini tashkil etish orqali AQSh va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik darajasini oshirish taklif etildi. 

Uchrashuvda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishini Amerika tomonining qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq masalalar alohida muhokama etildi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha o‘zaro savdoni jadallashtirish va masalalarni tezkor hal etish bo‘yicha doimiy birgalikda ishlashni ta’minlash maqsadida AQSh savdo vazirligi hamda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining yuqori darajadagi ekspertlaridan tashkil topgan idoralararo ishchi guruhini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

501
O‘zA