O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Akademik Jumanazar Bazarbayev

Akademik Jumanazar Bazarbayev

Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi. Falsafa, adabiyot va pedagogika fanlari boʻyicha taniqli olim, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Jumanazar Bazarbayev shu yil 25-sentyabrda 87 yoshida vafot etdi.
 
J.Bazarbayev 1933-yil 13-noyabrda Muynoq tumanida tugʻildi. 1955-yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini tugatib, mehnat faoliyatini ushbu dargohda katta oʻqituvchi sifatida boshladi. Keyinchalik Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti) aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, soʻngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi koʻp yillik xizmatlari uchun 2000-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi.

Isteʼdodli olim 60 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimining Tarix, til va adabiyot instituti direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, boʻlim boshligʻi, Nukus davlat universiteti (hozirgi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti) falsafa kafedrasining mudiri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining rektori, kafedra mudiri kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va taʼlim sohalarini rivojlantirish hamda yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshdi.

Zahmatkash olimning falsafa sohasining dolzarb nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan 500 dan ziyod ilmiy maqolalari, 30 yaqin kitob va monografiyalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligi oʻrtasida yaxshi maʼlum.

Katta tashkilotchilik salohiyatiga ega boʻlgan J.Bazarbayev 1990-1995-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati sifatida samarali faoliyat koʻrsatib, mamlakatimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish jarayonlarida munosib ishtirok etdi.

Jonkuyar ustoz sifatida koʻplab yoshlarga taʼlim-tarbiya bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida oʻnlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlandi.

Akademik J.Bazarbayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat mukofotiga sazovor boʻlgan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Jumanazar Bazarbayevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, B.Yoʻldoshev, O.Davletov

1 628
OʻzA