O‘zA O`zbek

07.08.2018 16:11 Chop etish versiyasi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Yevroosiyo mukofotiga sazovor bo‘ldi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Yevroosiyo mukofotiga sazovor bo‘ldi
“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi aviamarketing sohasidagi yutuqlari uchun Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “Network 2018” forumida Yevroosiyo mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda MAK axborot xizmati xabar qildi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Qozondagi vakolatxonasi 29-iyuldan 1-oktyabrgacha mazkur shaharda yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan “Network-2018” Yevroosiyo forumida ishtirok etdi.

To‘rt kun davom etgan forumda aviakompaniyalar, aeroportlar, mintaqaviy sayyohlik markazlari, aviatsiya infratuzilmasi va turizmni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan federal va mintaqaviy idoralar vakillari hamda dunyoning barcha hududlaridan kelgan sayyohlik operatorlari qatnashdi. 

Network muzokaralar dasturi ushbu anjumanning asosiy tadbiri bo‘ldi. Dunyoning 200 dan ortiq mashhur aviakompaniyalari vakillari “B2B” formatidagi uchrashuvlarda ishtirok etib, yo‘nalish tarmog‘ini kengaytirish, aviakompaniyalarning rejalashtirish strategiyasini shakllantirish va sohani rivojlantirish tendensiyalarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Forum doirasida Yevroosiyo mintaqasidagi fuqaro aviatsiyasi korxonalari, aviakompaniyalar va aeroportlar o‘rtasida aviatsiya marketingi sohasida Yevroosiyo mukofoti laureatlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning Milliy aviakompaniyasi “Marketing awards 2018” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

Ma’lumot uchun: Yevroosiyo mukofoti Rossiya fuqarolik aviatsiyasi Strategik rivojlanish markazi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, aviakompaniya va aeroportlarning tijoriy va marketing faoliyatini ma’lum mezonlar va sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha obyektiv baholash yo‘li bilan laureatlarni tanlab olishni ko‘zda tutadi.

O‘zA
2 058