O‘zA O`zbek

24.05.2019 22:55 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston – Germaniya: Qishloq xoʻjaligi ekinlarini sinash boʻyicha yangi kelishuvga erishildi

Oʻzbekiston – Germaniya: Qishloq xoʻjaligi ekinlarini sinash boʻyicha yangi kelishuvga erishildi

Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markazi mutaxassislari Germaniyaning Gannover shahrida boʻlib turibdi. 

Bu haqida markaz matbuot xizmati OʻzAga xabar qildi.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati koʻmagida tashkil etilgan safar dasturiga koʻra, oʻzbekistonlik mutaxassislar “Bundessortenamt” qishloq xoʻjaligi ekinlarini sinash federal markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

“Bundessortenamt” qishloq xoʻjaligi ekinlarini sinash federal markazi prezidenti Udo fon Kryoxer qishloq xoʻjaligi navlari va ularning huquqiy himoya qilish sinovlarini olib borish boʻyicha maʼlumot berdi.

Oʻzbekistonlik mutaxassislar Magdeburg nav sinash stansiyasida ham boʻldi.

60 gektar maydonda joylashgan bu stansiyada qariyb 1500 ga yaqin yangi ekin navlari zamonaviy texnika va texnologiyalar boʻyicha “Bundessortenamt” qoʻllanmasiga asosan sinovdan oʻtkazilmoqda.

Maʼlum uchun aytish kerakki, Germaniyada barcha qishloq xoʻjaligi ekinlari navlari 22 nav sinash stansiyalarida majburiy sinovdan oʻtkaziladi. Undan keyingina navlar sinov natijasiga asosan milliy roʻyxatga kiritiladi. Soʻngra ishlab chiqarishga joriy qilish boʻyicha tartib oʻrnatiladi.

Ahamiyatli jihati shundaki, Germaniya davlati nav sinash ishlariga bir yilda 22 million yevro ajratadi. Sinov ishlari pullik xizmat asosida amalga oshiriladi. 

– Tashrif natijasida Oʻzbekiston – Germaniya qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash sohasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Germaniyaning sohadagi ilgʻor tajribasini mamlakatimizda ham tatbiq qilishga kelishib olindi, – dedi Qishloq xoʻjalik ekinlari navlarini sinash markazi direktori oʻrinbosari M.Murtolibov.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning yanvar oyida Berlinda Oʻzbekiston –Germaniya iqlimiga mos yuqori hosilli, sifatli navlarni joriy qilish hamda bu borada ikki mamlakat tajribasini qoʻllash masalalariga bagʻishlangan uchrashuvda ilk hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan edi.

OʻzA
2 993