O‘zA O`zbek

15.05.2019 21:54 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston – Fransiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston – Fransiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi

“MEDEF International” Fransiya tadbirkorlari harakati raisi Kristof Fonten boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida 15 may kuni Xalqaro hamkorlik markazida Oʻzbekiston – Fransiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan “MEDEF International” Fransiya tadbirkorlari harakati tomonidan, Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning savdo, investitsiya, bank-moliya, turizm, qurilish, kimyo sanoati, energetika, yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika kabi sohalar uchun masʼul vazirlik va idoralari, kompaniya rahbarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, “MEDEF International” Fransiya tadbirkorlari harakati raisi Kristof Fonten va boshqalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi faol hamkorlik 1992 yildan buyon rivojlanib kelayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi yakuni boʻyicha erishilgan kelishuv va imzolangan bitimlar ushbu sheriklik munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkonini bergani taʼkidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, “MEDEF International” Fransiya tadbirkorlari harakati hamkorligida biznes-forum ham tashkil etilgandi. Forum yakuni boʻyicha Yevropaning ilgʻor tajribasi, bilimi va texnologiyalari asosida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishilgan, xususan, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan umumiy qiymati qariyb 600 million yevro boʻlgan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik dasturi imzolangandi.

– Bugungi tashrifimiz mamlakatlarimiz biznes doira vakillari ishtirokida Fransiyada oʻtgan amaliy muloqotning mantiqiy davomi sifatida tashkil etildi, – deydi K.Fonten. – Mazkur biznes-forumda Oʻzbekistonda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash jarayonida Fransiyaning bevosita ishtirokini taʼminlash, shuningdek, fransiyalik ishlab chiqaruvchilarning mamlakatingiz ichki bozoriga investitsiya kiritishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan fikr almashdik.

Forum doirasida mehmonlarga Oʻzbekistonda biznes yuritish uchun yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar, mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy zonalar, soliq va bojxona imtiyozlari haqida soʻzlab berildi. Fransiya ishbilarmonlari mamlakatimizda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif etildi.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohalardagi, xususan, avtomobil sanoati, meva-sabzavot va poliz ekinlari, qattiq va maishiy chiqindilarni qayta ishlash kabi yoʻnalishlardagi hamkorlik rivojlanib bormoqda. Mamlakatimizda Fransiya fuqarolari uchun 90 kungacha vizasiz tartib joriy etilgani sayyohlik sohasidagi munosabatlarda yangi ufqlar ochmoqda. Joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida mamlakatimizga kelgan fransiyalik sayyohlar oqimi 40 foizga ortgani ham fikrimizga misol boʻladi.

– Fransiya Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim savdo sheriklaridan, – deydi mamlakatimizning Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev. – 2018 yilning oktyabr oyidan buyon hamkorlikda 20 ta tadbir oʻtkazildi, fransiyalik hamkorlarning Jizzax va Namangan viloyatlariga, shuningdek, Buxoro viloyati hokimligi vakillarining Parij shahriga tashriflari amalga oshirildi. Bu oʻzaro manfaatli sheriklik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Anjumanda Investitsiyalar va tashqi savdo, Energetika vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakillari tomonidan mamlakatimizning investitsion salohiyati, hamkorlik yoʻnalishlari, koʻzda tutilayotgan istiqbolli loyihalarga doir taqdimotlari namoyish etildi. Fransiyaning “ADEO”, “Airbus”, “Alstom”, “Lazard Freres”, “Bouygues”, “BPI France”, “Catering International Services”, “EGIS”, “IDEMIA” kabi 20 dan ziyod kompaniyalari vakillari tomonidan taklif etilayotgan biznes rejalar koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatlarimizda qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik, yengil sanoat kabi istiqbolli sohalar boʻyicha hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish uchun yuqori salohiyat mavjud. Farmatsevtika, kimyo sanoati, shuningdek, iqtisodiyotning turli sektorlariga innovatsion dasturiy ishlanmalarni joriy etish, infratuzilmani rivojlantirishdagi sheriklik hamkorlikdagi istiqbolli yoʻnalishlar hisoblanadi.

Kunning ikkinchi yarmida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “G2B” va “B2B” shaklidagi muzokaralar tashkil etildi. Uning doirasida oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA
675