Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.03.2018 16:54 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston fond bozori rivojlanishiga nima to‘sqinliq qilmoqda?

Mutaxassis mulohazasi

O‘zbekistonda aksiyadorlik jamiyatlarining soni muttasil kamayib ketmoqda. Nima uchun?

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2004-yilda mamlakatda 1 ming 800 aksiyadorlik jamiyati faoliyat ko‘rsatgan. Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining ma’lumotiga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda 604 aksiyadorlik jamiyati mavjud.


Xo‘sh, nima uchun xususiy biznes vakillari tomonidan yangi tashkil qilinayotgan korxonalar uchun asosan “Mas’uliyati cheklangan jamiyati” shakli tanlanmoqda?  

“Toshkent” respublika fond birjasida 2017-yilda aksiyalarining aylanmasi amalga oshirilgan aksiyadorlik jamiyatlarining soni 99 tani tashkil etgan. Bu 2016 yildagidan 45 taga kam deganidir. 

Tokio fond birjasida kunlik o‘rtacha aylanma 22,9, Istambul birjasida 2,1, Moskva birjasida 1,13, Qozog‘iston birjasida 0,7 milliard dollarni tashkil etadi. “Toshkent” RFBda esa ushbu ko‘rsatkich 2017 yilda bor-yo‘g‘i 143 ming dollarni tashkil etgan. 

O‘zbekiston fond bozorining rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan va “Aksiyadorlik jamiyati” tashkiliy-huquqiy shaklining tadbirkorlar uchun umuman jozibador emasligining sababi – amaldagi tartiblarga ko‘ra aksiyadorlik jamiyatlari uchun haddan tashqari ko‘p talablar belgilanganidir.

Buni yaxshiroq anglash uchun aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy-iqtisodiy faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha talablarni o‘rganib chiqish kifoya qiladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatining tarkibida uning faoliyatini nazorat qilish uchun quyidagi majburiy talablar mavjud:

1. Jamiyat kuzatuv kengashi (5-11 kishi);

2. Taftish komissiyasi (1-3 kishi);

3. Jamiyat ichki auditori (1-3 kishi);

4. Jamiyat tashqi auditori tomonidan har yillik tekshiruv o‘tkazish;

5. Xalqaro audit standartlariga muvofiq har yillik tashqi auditdan o‘tkazish;

6. Har yili korporativ boshqaruvni baholatish;

7. Har choraklik va yillik “Samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari” hisoboti;

8. Joriy yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan barcha aksiyadorlik jamiyatlaridan yetakchi xalqaro auditorlik kompaniyalari bilan shartnoma tuzish talab etilgan.

Bu talablar qanchalik ko‘p vaqt va mablag‘ talab qilishi yaxshi ma’lum. Ushbu holatlar, jamiyat rahbariyati va xodimlarini asosiy ish faoliyati va ishlab chiqarish masalalaridan chalg‘itib, ish unumdorligiga ham salbiy ta’sir etadi, albatta. Shu sababli, mazkur tekshiruvlar va hisobotlar ro‘yxati keskin qisqartirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Bundan tashqari, har bir aksiyadorlik jamiyati o‘z faoliyatida yuz berayotgan “muhim faktlar”ni e’lon qilib borishi lozimligi bo‘yicha ham haddan ortiq me’yorlar mavjud. Ularning soni 37 taga yetadi. 

Bunda jamiyat aksiyadorlari sonining miqdori umuman e’tiborga olinmagan. Ya’ni yagona aksiyadorga ega bo‘lgan jamiyatlar ham o‘z faoliyati davomida ushbu “muhim faktlar”dan biri sodir bo‘lsa, albatta, uni Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazining maxsus saytida va o‘z korporativ saytida majburiy ravishda oshkor etishi lozim. Axir, uning o‘zi yagona aksiyador bo‘lsa-yu, jamiyatning ichki ma’lumotlarini nima uchun oshkora qilishga majbur?!

Mabodo, mazkur “muhim faktlar”ning biri oshkor qilinmasa yoki u kechiktirib e’lon qilinsa, bu holat jamiyatning rahbar xodimlariga nisbatan chora ko‘rish Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga oshirilib, ularga nisbatan muqarrar ma’muriy jazo choralari (eng kam ish haqining 1 dan 10 barobarigacha) ko‘riladi. Buning oqibatida, aksiyadorlik jamiyatlarida uzoq muddat rahbarlik qilgan odamlar tizimli ravishda ma’muriy jazoga tortiluvchi kishilarga aylanib qolishi hech gap emas.

Shuningdek, amaldagi tartibga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatining ijro organi rahbari bir yil muddatga saylanishi belgilangan. Bir yil muddatga saylangan va keyingi yil ishlashi noma’lum bo‘lgan mas’ul shaxslardan yuqori natijalarni, uzoq yillarga mo‘ljallangan innovatsion va strategik rejalar amalga oshirilishini kutib bo‘ladimi?! Vaholanki, yurtimizda jadal amalga oshirilayotgan islohotlar istiqboldagi 5 va undan ko‘proq yillarga mo‘ljallangan strategik rejalar asosida amalga oshirilmoqda. Shu sababli, aksiyadorlik jamiyatlarining ijro organi rahbarlarini 3 yil va undan ko‘p muddatga saylash tartibining yo‘lga qo‘yilishi zamon talabidir. 

O‘zbekiston Respublikasining "Baholash faoliyati to‘g‘risida"gi qonuniga ko‘ra, davlatga to‘la yoki umumiy mulk huquqida qisman qarashli baholash obyektlari bitim tuzishga jalb etilgan taqdirda, baholovchi tashkilotlar tomonidan baholashni o‘tkazish majburiy ekanligi belgilangan. Ya’ni aksiyadorlik jamiyatining ustav kapitalida 1 foizgina davlat ulushi bo‘lsa ham, jamiyatga tegishli mol-mulkni sotish yoki o‘zining shu’ba korxonalari ustav kapitaliga kiritish kabi amaliyotlarni bajarish uchun ularni majburiy ravishda baholatish talab etiladi. Bu ham jamiyatlarning ko‘p vaqt va mablag‘lari sarf etilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu ma’noda, qonundagi davlatga “qisman qarashli” so‘ziga aniqlik kiritish yoki barcha aksiyadorlik jamiyatlari mol-mulkining qiymatini aniqlash usulini jamiyat boshqaruv organlari (mulk qiymatiga ko‘ra – umumiy yig‘ilish, kuzatuv kengashi yoki ijro organi) vakolatiga kiritish taklif etiladi.

Fond bozori faoliyatiga qaytadigan bo‘lsak, Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazining hozirgi rahbariyati tomonidan aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga mo‘ljallangan choralar ko‘rilayotganiga qaramasdan, o‘z yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Jumladan,  фонд bozorida professional faoliyat olib boruvchi tashkilotlarga va ularning xodimlariga nisbatan litsenziya va attestatsiya talablarini keskin soddalashtirish zarur. 

Fond bozorining professional ishtirokchilari va aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga bog‘liq yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan salbiy  ҳолатларни isloh qilish uchun Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi tomonidan ko‘p yillar davomida qabul qilingan, fond bozorida faoliyat yuritish tartibini haddan tashqari chigallashtirib yuborgan son-sanog‘i yo‘q tartib va nizomlarni xatlovdan o‘tkazib, iloji bo‘lsa ularning barchasini bir yo‘la bekor qilib, fond bozorining hozirgi holatiga mos keluvchi va uning tezkor rivojlantirishga mo‘ljallangan zamonaviy, xalqchil va sodda qoidalarni ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlash maqsadga muvofiqdir.  

Chunki, hozirgi mavjud talablar fond bozoriga investorlar va professional ishtirokchilarni keng jalb qilishga emas, balki ularning faoliyatini qiyinlashtirish va chigallashtirishga olib kelmoqda, xolos. Buning qanday natijaga olib kelganligini esa, fond bozorimizning hozirgi holati ko‘rsatib turibdi. 

Joriy yil davlat dasturiga ko‘ra, fond bozorini rivojlantirish, sohada davlat boshqaruvini tubdan isloh qilish va davlat organlarining bir-birini takrorlovchi, ortiqcha nazorat funksiyalarini bekor qilish maqsadida Markaziy bank, Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining tarkibiy bo‘linmalari hamda Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi negizida moliya bozorini rivojlantirish bo‘yicha mustaqil davlat organi tashkil etilishi qayd etilgan.

Mazkur mustaqil davlat organini tashkil etish jarayonida yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muammolar o‘z yechimini topishiga umid qilamiz hamda O‘zbekiston fond bozori jahonda yetakchi o‘rinlarga chiqishi uchun imkoniyatlar yetarli ekanligiga ishonamiz. 

Anvar Pirmatov,
“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ bosh mutaxassisi.

O‘zA
3 673