Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.09.2017 17:59 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Fermerlari kengashining II konferensiyasi

O‘zbekiston Fermerlari kengashining II konferensiyasi Toshkent shahrida O‘zbekiston Fermerlari kengashining II konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan tadbirda vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari mas’ullari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunda yer o‘zining haqiqiy egasini topib, fermerlik harakati yurtimiz taraqqiyotida hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqayotgani, dalada ishlaydigan har bir odamda o‘z mehnatidan manfaatdorlik hissiyoti kuchayib, kelajakka ishonchi yanada mustahkamlanib borayotgani, nainki qishloq xo‘jaligi, balki butun hayotimizni tubdan o‘zgartirmoqda.

Boshqa sohalar singari agrar tarmoqning ham bugungi shiddatli zamon bilan hamnafasligini ta’minlash, dehqonu mirishkorlarimiz, fermerlarimiz tomonidan yetishtirilayotgan mahsulotlarning jahon bozoridan munosib o‘rin egallashiga erishishga qaratilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu borada 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan paxta va boshoqli don ekiladigan maydonlarni qisqartirish, bo‘shagan yerlarga kartoshka, sabzavot, ozuqa va yog‘ olinadigan ekinlarni ekish, shuningdek, yangi intensiv bog‘ va uzumzorlarni joylashtirish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan qayta ishlash korxonalarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, tashish va sotish, agrokimyo, moliyaviy va boshqa zamonaviy bozor xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini yanada kengaytirish kabi vazifalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 99 foizidan ortig‘i fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer maydonlarida yetishtirilmoqda. Shu bilan birga, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik kabi yo‘nalishlar ham jadal rivojlanmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida dunyoning eng ilg‘or texnologiyalari asosida sifatli va xaridorgir oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari soni tobora ortmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 21-iyundagi «Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori o‘zbek dehqoni o‘z dalasida yetishtirgan mahsulotini ichki va tashqi bozorlarda emin-erkin sotishi uchun huquqiy asos yaratdi. Qaror bilan 2017-yil 1-iyuldan boshlab barcha tadbirkorlik subyektlariga ho‘l meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari to‘lovini oldindan 100 foiz amalga oshirish sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eksport qilish huquqi berildi.

«Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy bo‘ladi» tamoyilidan kelib chiqib, aholining tomorqa xo‘jaliklaridan foydalanishini rag‘batlantirishga qaratilgan e’tibor yerdan yanada unumli foydalanishda yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Shu maqsadda mamlakatimizdagi tijorat banklari tomonidan aholiga imtiyozli kreditlar, biznes-rejalar taqdim etilayotgani, zamonaviy agrotexnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, yer bilan tillashib yashaydigan, turli zararkunanda va kasalliklarning oldini olishda mahorat ko‘rsatayotgan usta dehqon va fermerlar, agronom va mutaxassislarning odamlar bilan muloqot qilayotgani aholi tomorqalarini tom ma’nodagi xazinalar koniga aylantirishga xizmat qilmoqda.

15.JPG

Anjumanda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalar va ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanilgan holda mahsulot yetishtirish hajmlarini oshirish, qishloqda dehqonchilik va yerdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Konferensiyada O‘zbekiston Fermerlari kengashini O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi sifatida qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qayta tashkil etilgan kengash nafaqat fermerlar, balki dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining manfaatlarini ifoda etuvchi tashkilotga aylandi.

– O‘zbekiston Fermerlari kengashining O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi sifatida qayta tashkil etilishi yurtimizdagi qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotganlarga, u xoh fermer, xoh dehqon, xoh soha mutaxassisi bo‘lsin, birdek imkoniyat yaratish, ular o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi Toshkent viloyati Parkent tumani «Baxt» fermer xo‘jaligi rahbari, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Mavlonxo‘ja Hojiyev. – Endilikda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari ham fermerlar singari mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i ta’minoti, o‘z mahsulotlarini eksportga chiqarish va boshqa masalalarda kengashning ko‘magidan foydalanishi mumkin.

Konferensiyada Bahodir Yusupov O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi etib saylandi. Yangi tashkil etilgan Kengashning rahbar organlari shakllantirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov so‘zga chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.Murodov ishtirok etdi.

Behzod Bozorov, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
1 981






Все о погоде - Pogoda.uz