O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston energetiklari Afg‘onistondagi nosozliklardan xavotirda

O‘zbekiston energetiklari Afg‘onistondagi nosozliklardan xavotirda

O‘zbek xalqida bir dono maqol bor: “Qo‘shning tinch — sen tinch”. Bir so‘z bilan aytganda, qo‘shni davlatlardagi tinchlik-farovonlikdan biz ham manfaatdormiz. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida: “Afg‘oniston xavfsizligi — bu O‘zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotning garovidir”, deya ta’kidlab o‘tgan edi.

Energetika tizimida olib borilayotgan O‘zbekiston-Afg‘oniston hamkorligi hozirda ko‘pchilikka ma’lum. Muxtasar aytganda, Afg‘oniston muammosini hal qilish borasida O‘zbekiston o‘z tashabbuslari bilan jahon hamjamiyati e’tiboriga tushayotgani rost. Energetika borasidagi hamkorlik ham Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan qo‘shnichilik aloqalarini yaxshilash, uning chegaradosh hududlariga elektr energiyasini eksport qilish, bu orqali mamlakatimiz iqtisodiyotiga chet el valyutasi oqimini oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi deydilar... O‘zimizdagi elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘layotgan bir paytda energiya eksportidan ne naf, degan jo‘n fikrlar ham ayrim iste’molchilarimiz tomonidan bildirilayotgani bugungi kun haqiqati. Bu borada energetika tizimi mutaxassislari, hatto xorijiy ekspertlar ham o‘z fikrlarini bayon etishdi va turli nosozliklar tufayli yoki simyog‘och va uskunalarni yangisiga almashtirishda (modernizatsiya dasturi) sodir bo‘ladigan uzilishlar energiya eksportiga bog‘liq emasligi jamoatchilikka ma’lum qilindi.

Yodingizda bo‘lsa, 15-16 sentabr kunlari Afg‘onistondagi magistral elektr uzatish tarmoqlari (bir nechta tarmoq ustunlari) jangarilar tomonidan portlatilgani haqida xabarlar xorijiy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarida tarqalgan edi.

2019 yil 14 sentabr soat 14:00dan keyin O‘zbekistondan Afg‘onistonga uzatilayotgan elektr energiya miqdorini qabul qilish darajasida keskin tushish holati ro‘y berib, bu odatdagidan qariyb 3 marta kam ekanligi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning Axborot xizmati tomonidan ma’lum qilingan edi.

Oradan chamasi o‘n kun o‘tgach, ya’ni 24 sentabr kuni soat 17:00 lar atrofida uzatish quvvatida qisqa muddatli uzilishlar paydo bo‘lib, taxminan 17:40 larda tarmoqda yana yuklama paydo bo‘lgani, ammo oradan yarim soat vaqt o‘tgach, mavjud quvvat darajasi me’yordagisidan qariyb 4,5 marta pasayib ketgani xabar qilingan (uza.uz/oz/world/af-oniston-elektr-energiyasi-tizimida-yuzaga-kelgan-nosozlik-26-09-2019) edi. Bu voqea-hodisa Jamiyatning eksport salohiyatini pasaytirib yuborayotganiga xavotir bildirgan holda yuzaga kelgan nosozliklar afg‘on energetiklari — “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) tomonidan tez orada bartaraf qilinib, energiya eksporti belgilangan tartibga muvofiq davom ettirilishiga umid bildirilgan edi.

Buni qarangki, 2019 yil 9 oktabrga o‘tar kechasi, aniqrog‘i tungi soat 01:40 da Afg‘oniston Islom Respublikasiga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining miqdori 0 (nol) darajaga tushib ketdi. “Da Afghanistan Breshna Sherkat” mutasaddilaridan olingan ma’lumotlarga qaraganda, harbiy harakatlar oqibatida Salang dovonidan o‘tuvchi “Puli-Xumri” va “Chimtala” podstansiyalarini bog‘lovchi 220 kVli havo liniyasining 386-tayanch ustuniga zarar yetgan.

2019 yil 9 oktabr kuni soat 09:56 da eksport faqatgina Mozori Sharif yo‘nalishi bo‘yicha tiklangan va bu umumiy eksport qiymatining 10–13 %ni tashkil etadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘chki tufayli nosoz holga kelgan ustunlar 3-4 kun ichida ta’mirlanadi.

Joriy yilning 11 oktabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan Markaziy Osiyo elektr energiyasi Muvofiqlashtiruvchi Kengashining 32-yig‘ilishida Afg‘oniston Islom Respublikasi vakili — “Da Afghanistan Breshna Sherkat” mas’ul xodimi, Balx viloyati elektr tarmog‘i korxonasining texnik masalalar bo‘yicha direktori janob Muhammad Omon ishtirok etishi kutilmoqda. Qo‘shni Afg‘on yurtining energetika tizimida qanday yangilik va muammolar borligi haqida afg‘onistonlik mutaxassisdan batafsil ma’lumotlar olishimiz mumkin bo‘ladi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ Axborot xizmati

626
O‘zA