O‘zA O`zbek

06.08.2018 13:06 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – din va e’tiqod erkinligining yangi davrida

O‘zbekiston – din va e’tiqod erkinligining yangi davrida

Dunyo ahli bugun insoniyat taraqqiyotining keskin burilishlar ro‘y berayotgan tarixiy bosqichida yashamoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustahkam rivojlanishiga raxna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yetishga intilishiga e’tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir”.

Shu nuqtai nazardan, joriy yil 24-26-iyul kunlari AQSH poytaxti – Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan diniy erkinliklarni ta’minlash bo‘yicha vazirlar konferensiyasi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur tadbir Amerika jamoatchiligi va ommaviy axborot vositalarining diqqat markazidan o‘rin oldi.

Bu bejiz emas. Chunki, birinchidan, bu mavzudagi nufuzli anjuman AQSH tarixida ilk bor tashkil etilgan bo‘lsa, ikkinchidan, unda dunyoning 80 dan ortiq mamlakatidan qariyb 600 nafar vakil – tashqi ishlar vazirlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diniy rahnamolar va fuqarolik jamiyati faollari qatnashdi.

AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeoning taklifiga binoan konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Delegatsiya rahbari anjuman ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning: “Aynan ta’lim va ma’rifat bashariyat farovonligining asosiy omillaridan hisoblanadi, insonlarni ezgulikka da’vat etadi, saxovatli, sabr-qanoatli bo‘lishga undaydi”, degan da’vatining tub mohiyati va bu boradagi tashabbuslarining ahamiyati haqida atroflicha so‘zlab berdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Xalqimizning boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida keyingi davrda mamlakat Prezidenti bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Ushbu tashabbuslarning zamirida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shiori mujassam. Shu negizda mamlakatimizda muqaddas dinimizni, buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi va milliy qonunchilikda kafolatlangan vijdon va e’tiqod erkinligi barcha fuqarolarning diniy ehtiyojlarini qondirish uchun zarur sharoitlarni yaratdi. O‘zbekistonda davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri – bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqaroviy o‘zaro ahillikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdir. Har yili 16 noyabrda Xalqaro bag‘rikenglik kunini nishonlash an’anaga aylangan.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiyani qabul qilish to‘g‘risidagi tashabbus keng jamoatchilik tomonidan ijobiy baholanganini alohida qayd etish darkor. Ushbu tashabbusning asosiy maqsadlaridan biri bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, ularni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslikka yordam berish hisoblanadi.

Keyingi davrda Samarqandda – Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda – Islom sivilizatsiyasi markazi, Buxoroda – Mir Arab oliy madrasasi, Termizda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi O‘zbekistonning boy ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda. Qarshida – Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi rekonstruksiya qilinib, ushbu ma’rifat markazida aqida ilmi maktabi tashkil etilmoqda. Joriy yil O‘zbekistoning Islom akademiyasi ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘z faoliyatini boshladi.

Vashington konferensiyasi ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu borada qabul qilgan muhim qarorlari Prezident Donald Trampning Ar-Riyodda Ekstremistik ideologiyaga qarshi kurash bo‘yicha Global markaz ta’sis etish to‘g‘risidagi g‘oyasi bilan hamohang ekanini e’tirof etdilar. Eng muhimi, O‘zbekiston rahbariyatining jamiyatni modernizatsiyalash va erkinlashtirish jarayonini izchil davom ettirish masalasiga qat’iy yondashayotgani va bu borada ta’sirchan va samarador chora-tadbirlarni amalga oshirayotgani tufayli mamlakatimiz Vashington anjumanida yuksak baho olgan yagona davlat bo‘ldi.

AQSH Davlat kotibi M.Pompeo konferensiyani ochar ekan, qachonki diniy erkinlik ravnaq topsa – mamlakat ravnaq topishini qayd etib, bunga O‘zbekistonni yorqin misol sifatida keltirdi. “Biz O‘zbekistonning yanada erkin jamiyat barpo etish yo‘lidagi odimlarini qutlaymiz. Ishonchimiz komilki, diniy erkinlik to‘g‘risidagi farmon mamlakatga, uning jamoatchiligiga, umuman, mintaqaga ilgari kuzatilmagan darajada izchil ijobiy samaralar keltiradi”, dedi AQSH Davlat kotibi.

Gap shundaki, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida Prezidentimizning 2018 yil 16 aprelda “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmon xalqimizga azal-azaldan xos bo‘lgan ma’rifatparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilatlar va qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda diniy-ma’rifiy soha vakillarining o‘rni va ishtirokini yanada oshirishga qaratilgan.

Vashington anjumanida ma’ruza qilgan AQSH Vitse-prezidenti M.Pens diniy erkinliklarni ilgari surish hozirgi Amerika ma’muriyati uchun asosiy ustuvor masalalardan biri ekanini ta’kidladi. Binobarin, diniy e’tiqod va vijdon erkinligi – insonning asosiy huquqlaridandir. M.Pensning qayd etishicha, “Hozirgi kunda dunyo aholisining 83 foizi diniy erkinliklar kamsitilayotgan yoki bunday erkinliklarga tahdid solinayotgan mamlakatlar hududida yashaydi”.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari 25-iyul kuni Vashingtondagi Milliy matbuot klubida “O‘zbekistonda diniy erkinliklarning yangi davri” mavzuida maxsus brifing o‘tkazdi. Ular brifing qatnashchilariga mamlakatda diniy erkinliklarni ta’minlash va ma’rifiy islom g‘oyalarini targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni taqdim etdilar.

Brifingda Amerika tomonidan – Global jalb etish instituti prezidenti J.Chen Vashingtondagi Vazirlar konferensiyasi doirasidagi muloqotlarda turli mamlakatlar vakillari asosan dunyo miqyosida diniy murosasizlik negizidagi ta’qiblar ko‘payib, aksincha, bu boradagi erkinliklar tobora qisqarib borayotganiga e’tibor qaratganini ta’kidlar ekan, shu asnoda “O‘zbekiston bu sohadagi yagona umid shu’lasi va ezgu yangiliklar manbaiga aylangani”ni e’tirof etdi.

O‘z navbatida, AQSH Milliy xavfsizlik kengashining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori J.Kolbert O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida faoliyat boshlaganidan buyon o‘tgan qisqa davrda inson huquqlarini ta’minlash, bolalar mehnatiga barham berish, ijtimoiy adolat o‘rnatish va jamiyatning yangi g‘oyalarga ochiqligiga erishish yo‘lidagi islohotlar natijasida nihoyatda ulkan ijobiy siljishlarga erishgani haqda bayonot berdi. J.Kolbertning qayd etishicha, “Bu o‘zgarishlar nafaqat mustahkam ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga, balki Amerika biznesi uchun respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga ham xizmat qiladi”.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, AQSH Kongressi va Davlat departamentida ham uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Trent Kelli bilan suhbat chog‘ida O‘zbekiston – Amerika muloqotini har tomonlama rivojlantirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston va AQSH parlamentariylari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida alohida e’tibor parlamentlararo aloqalarni yanada faollashtirishga qaratildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston rahbari bilan uchrashgan kongressmenlar guruhi tarkibida bo‘lgan Trent Kelli Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlardagi ijobiy tendensiyani qo‘llab-quvvatlashga qiziqishini tasdiqladi.

AQSH Kongressi delegatsiyasining O‘zbekistonga 2017-yil noyabrdagi tashrifiga rahbarlik qilgan kongressmen T.Kelli O‘zbekiston va AQSH parlamentlari o‘rtasidagi tashriflar almashinuvi amaliyotini davom ettirish, shuningdek, ikki mamlakat qonunchilik organlarida do‘stlik guruhlarini yaratish orqali dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashishni kengaytirish istagida ekanini bildirdi. “Men Kongress a’zolariga yangi O‘zbekistonni ko‘rsatmoqchiman”, dedi AQSH kongressmeni.


Shunday qilib, Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan diniy erkinliklarni ilgari surish bo‘yicha vazirlar konferensiyasida O‘zbekistonning din va e’tiqod erkinligi, bag‘rikenglik va o‘zaro hamjihatlik, ma’rifat va barqarorlik, tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarining samaralari e’tirof etilgani, shubhasiz, bu borada bizga yanada katta rag‘bat bag‘ishlaydi.

photo5422789463156828548.jpg
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori

O‘zA
5 449