O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy import mahsulotlar ikkinchi xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda

O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy import mahsulotlar ikkinchi xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda

Shanxayda Xitoy import mahsulotlar ikkinchi xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Unda mamlakatimiz delegatsiyasi faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qiladi.

Xalqaro tadbir ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si szinpin jahon mamlakatlarini hamkorlikdagi o‘zaro ochiqlikka, innovatsiyalar va birgalikda foydalanishga asoslangan yangi iqtisodiyotni shakllantirishga da’vat etdi. Xitoy o‘z eshiklarini keng ochishini, taraqqiyot uchun yanada katta imkoniyatlar yaratishini hamda dunyo iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shishda davom etishini ma’lum qildi.

Ko‘rgazmada dunyoning 255 mamlakati va 26 xalqaro tashkiloti vakillari qatnashmoqda. Ular 360 ming kvadrat metrga yaqin maydondagi 64 ta milliy pavilonda o‘z mamlakatlari mahsulotlarini namoyish etmoqda. Mazkur xalqaro tadbir doirasida jahonning 4 mingga yaqin kompaniyasi vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Tadbir doirasida tashkil etilgan xalqaro iqtisodiy forumning Jahon savdo tashkiloti islohoti va erkin savdo to‘g‘risidagi bitim masalalariga bag‘ishlangan sessiyasida mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari so‘zga chiqdi. Mazkur xalqaro ko‘rgazma Xitoyning xorijiy mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston bilan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Mamlakatmiz delegatsiyasi rahbari mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganini alohida ta’kidladi.

Xitoy import mahsulotlar ikkinchi xalqaro ko‘rgazmasi ishida “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi, “Hunarmand”, “O‘zeltexsanoat”, “O‘zcharmsanoat” va boshqa qator uyushmalar, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zdonmahsulot” va “O‘zbekneftegaz” jamiyatlari hamda o‘ndan ziyod tarmoq kompaniyalar va tadbirkorlik sub’ektlari vakillari qatnashmoqda.

Serquyosh O‘zbekiston zaminida yetishtirilgan sarxil va quritilgan meva-sabzavotlar, konservalangan palov, turli xil ichimliklar, go‘sht, qandolatchilik va boshqa rang-barang oziq-ovqat mahsulotlari ushbu xalqaro ko‘rgazmadagi mamlakatimiz paviloni peshtaxtalaridan joy olgan.


348
O‘zA