O‘zA O`zbek

26.08.2018 13:16 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston delegatsiyasi Fransiyada: muzokaralar, natija va sarhisob

Oʻzbekiston delegatsiyasi Fransiyada: muzokaralar, natija va sarhisob Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 21-24 avgust kunlari Fransiyada boʻldi.

Tarkibida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimov, Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining raisi A.Saidov, madaniyat vaziri oʻrinbosari K.Oqilovalar boʻlgan mamlakatimiz delegatsiyasi qator muzokaralar va uchrashuvlarda ishtirok etdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikka oid istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

“Campus France“ Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini kengaytiradi

Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimov Fransiya oliy taʻlimini chet davlatlarda targʻib qilish va xalqaro talabalar harakati boʻyicha Fransiya davlat agentligi (“Campus France“) bosh direktori Beatris Kaya bilan uchrashdi. A.Abduhakimov agentlik mutasaddilariga soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʻlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yetakchi xorijiy taʻlim muassasalarining Oʻzbekistonda oʻz filiallarini ochishlari uchun yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar haqida soʻzlab berdi.

Muloqotda tomonlar mamlakatlarimiz taʻlim tizimidagi aloqalarni faollashtirish maqsadida ikki davlatning oliy taʻlim muassasalari rektorlarining sammitini tashkil etish masalalarini muhokama qilishdi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligi bilan “Campus France“ oʻrtasida yaqin kelajakda hamkorlik rejasini imzolashga kelishib olindi.

Maʻlumot oʻrnida, “Campus France“ agentligi 2010 yilda tashkil etilgan boʻlib, Fransiyadagi 352 oliy taʻlim dargohlarini oʻz atrofiga birlashtiradi.

Oʻzbekiston kosmik va sunʻiy yoʻldosh sohasida “Thales Alenia Space” bilan hamkorlik qilishi mumkin

Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik istiqbollari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev va Fransiyaning “Thales Alenia Space” kompaniyasi vitse-prezidenti E.Imbert ishtirokidagi uchrashuvda muhokama qilindi.

Unda Oʻzbekistonda kosmik va sunʻiy yoʻldosh sohasini rivojlantirishni koʻzda tutuvchi, ikki tomon uchun birdek manfaatli boʻlgan loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari haqida soʻz yuritildi. Mamlakatimizda sunʻiy yoʻldosh apparatlari yaxlit tizimini yaratish, mahalliy mutaxassislarni oʻqitish imkonini beradigan texnologik baza tashkil etish masalalari shular jumlasidan.

Qayd etish kerak, “Thales Group” aeronavtika, kosmos, mudofaa, sunʻiy yoʻldosh texnologiyalari, havo harakatini boshqarish sohalarida dunyoda mashhur kompaniya hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoning 56 mamlakatida oʻz faoliyatini amalga oshiradi. Shu jumladan, Oʻzbekistonda ham oʻz vakolatxonasiga ega.

Fransiya bilan maʻmuriy boshqaruv tizimidagi istiqbolli yoʻnalishlar muhokamasi

Oʻzbekiston delegatsiyasi Fransiya bilan maʻmuriy boshqaruv sohasida oʻzaro tajriba almashish va boshqaruvning ilgʻor usullarini mamlakatimizga joriy qilish maqsadida ushbu mamlakatning bir qator davlat hokimiyati idoralarida tashkil etilgan uchrashuvlarda ishtirok etdi.

Xususan, Parij shahrining 7-tumani meri, Yevroparlament deputati Rashid Dat bilan muloqot samarali kelishuvlarga boy boʻldi. Unda Toshkent va Parij maʻmuriy tuzilmalari oʻrtasida boshqaruv tizimini oʻrganish boʻyicha uchrashuvlar va doimiy muloqotlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha yakdil qarorga kelindi. Tomonlar radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda Yevroparlament bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi Fransiya tomonini shu yil noyabr oyida Samarqandda oʻtadigan Osiyo forumiga ishtirok etishga taklif qildi.

Shu bilan mamlakatimiz delegatsiyasining Fransiyaga safari nihoyasiga yetdi.

OʻzA
2 393