O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston davlat notariuslarining xususiylashtirilishidan 255 milliard soʻm tejamoqda

Oʻzbekiston davlat notariuslarining xususiylashtirilishidan 255 milliard soʻm tejamoqda

Bu tizim tufayli 2 mingta ish oʻrni yaratilgan, davlatning notariuslar taʼminoti uchun ajratadigan 255 milliard soʻm mablagʻi tejalmoqda.

Adliya vazirligida karantin sharoitida notarial va huquqiy xizmatlar koʻrsatish qanday yoʻlga qoʻyilgani haqida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston notarial palatasi rahbariyati, Adliya vazirligi masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Fuqarolarning talablari va notariuslarga boʻlgan ehtiyojni inobatga olgan holda maxsus komissiyaning qaroriga muvofiq notariuslar karantin talablariga rioya qilgan holda ishlashiga va ishlayotgan notariuslar soni koʻpaytirilishiga ruxsat berildi.

Shu bilan birga, xususiy notariuslar ham oʻz faoliyatini boshladi. 2020-yil 22-may holatiga 749 nafar (92%) davlat notariusi xususiy notarius boʻlib ishlash istagini bildirgan va ular litsenziya bilan taʼminlangan. Shundan 659 nafar xususiy notarius oʻz faoliyatini toʻliq boshladi. Respublika boʻyicha kamida 2 mingta oʻzini-oʻzi taʼminlovchi ish oʻrni yaratildi.

Xususiy notarial idoralar ish boshlashi bilan notarial idoralarni saqlash xarajatlaridan 255 mlrd. soʻm davlat mablagʻlari iqtisod qilinmoqda.

photo_2020-05-22_19-41-16.jpg

Tadbirda xususiy notariuslar faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi natijasida qanday imkoniyatlar paydo boʻlganligi xususida ham fikr bildirildi. Notariuslar oʻzini-oʻzi moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan mustaqil taʼminlaydi. 

Notariuslarning faolligi oshdi. Notarial idoralarda navbat kutish muammosi bartaraf etildi. Sohada erkin raqobat muhiti shakllandi va notariuslar aholiga yana-da sifatli xizmat koʻrsatishni boshladi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki e-notarius.uz sayti orqali notarius qabuliga elektron navbatga yozilish imkoniyati mavjud. Shuningdek, e-notarius.uz sayti orqali barcha notarial harakatlar haqida toʻliq maʼlumot olish va notarius kalkulyatori xizmatidan foydalanib, davlat boji va boshqa toʻlovlarni mustaqil hisoblash imkoniyati yaratilgan.

Hozirda masofadan turib ayrim notarial harakatlarni amalga oshirish hamda videokonferensaloqadan foydalangan holda notarial harakatlarni amalga oshirishni yoʻlga qoʻyish ishlari ham olib borilayotir.

Tadbir davomida jamoatchilik va jurnalistlarning savollariga mutasaddilar atroflicha javob berdi.

1 588
Muattar Roʻziboyeva, OʻzA