Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.10.2017 20:42 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston brendini shakllantirish masalalari muhokama qilindi

Har qanday mamlakatning barqaror rivojlanishi uning xalqaro miqyosdagi nufuzi, investitsion jozibadorligi bilan chambarchas bog‘liq. Buni bir so‘z bilan “mamlakat brendining shakllanganligi” tushunchasi bilan izohlash mumkin.

Poytaxtimizda 10-oktabr kuni o‘tkazilgan konferensiya mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash, iqtisodiy manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari surishga qaratilgan O‘zbekiston milliy brendini shakllantirish mavzusiga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Xalqaro press-klub vakillari, ekspertlar, jurnalistlar qatnashdi.

Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Badarch Dendev va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston milliy brendini yaratish hamda dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan joy olishga qaratilgan strategik vazifalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta’kidladi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini hayotga tatbiq etish doirasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Mamlakatimiz tashqi siyosatida qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash tamoyili ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Natijada Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro manfaatli va do‘stona hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayni shu jihat O‘zbekistonning ishonchli siyosiy va savdo-iqtisodiy hamkor sifatidagi xalqaro nufuzini yuksaltirishning muhim kafolatiga aylandi.

Prezidentimiz joriy yil 19- sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida yoshlarga oid global siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjatni ishlab chiqish, Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha bildirgan takliflari jahon jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olindi. Davlatimiz rahbari olib borayotgan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat O‘zbekistonning nafaqat mintaqadagi, balki xalqaro darajadagi nufuzini yuksaltirishda asosiy omil bo‘lmoqda.

Konferensiyada bu kabi jihatlar mamlakat brendini shakllantirishning muhim shartlaridan biri – davlatning global va xalqaro jarayonlarda faol ishtirok etishi tamoyiliga to‘liq mos kelishi ta’kidlandi.

Muvaffaqiyatli brendni amalga oshirish turizmni rivojlantirish, mamlakat eksport salohiyatini oshirish, tashqi va ichki siyosatni faollashtirish, investitsiyalar jalb qilish, madaniyatni ilgari surish va xalq farovonligini ta’minlash kabi bir-biri bilan bog‘liq sohalarni rivojlantirishni taqozo etadi.

– O‘zbekiston jahon bozorida milliy brendini ilgari surish borasida katta imkoniyatlarga ega, – dedi B.Dendev. – Xususan, mamlakatingizning boy madaniy merosi, barqaror rivojlanayotgani, xalqingizning mehmondo‘stligi, tarixiylik kasb etgan shaharlarning zamonaviy infratuzilmasi va boshqa omillar mavjud. Yurtingizning so‘lim tabiati, Samarqand, Buxoro, Xiva singari tarixiy shaharlaringiz, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar, ularning bebaho merosi sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi.

Anjumanda O‘zbekiston milliy brendini shakllantirish, bu jarayonda to‘siq bo‘layotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorlikdagi harakatlar dasturini ishlab chiqish hamda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlash bo‘yicha chuqur o‘ylangan strategik yondashuvni olib borish zarurligi qayd etildi. Mamlakat brendini shakllantirishning ilmiy-nazariy jihatlari tahlil qilindi.

Tadbir so‘ngida milliy brendni faollashtirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh tashkil etish, mazkur jarayonga xalqaro ekspertlarni jalb qilish bo‘yicha takliflar bildirildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
2 711






Все о погоде - Pogoda.uz