Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.01.2018 15:48 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston bojxona chegaralarida tartib soddalashtirildi

Qozog‘istonning Kentov shahridan Toshkentga kelgan Farhod Ataboyev chegara nazorati postidan o‘tish tafsilotlarini gapirib berdi.

– Anchadan buyon davolanish uchun Toshkentga borish niyatida yurardim, – deydi u. – Yaqinda O‘zbekiston bojxona chegarasidagi yangiliklarni eshitib, rafiqam bilan yo‘lga chiqdik. O‘zbekiston –Qozog‘iston o‘rtasidagi chegara nazorati postida odamlar ko‘p. Shunga qaramay, tirbandlik sezilmadi. “G‘isht ko‘prik” chegara postidan o‘tdik, oldingiday deklaratsiya ham to‘ldirmadik.

Men qozog‘istonlik do‘stimga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 6-dekabrdagi “Jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqib ketish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berdim.

Bu farmon bilan jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqib ketish tartibi soddalashtirildi, dedim. U katta qiziqish bilan menga qarab turardi.

Farmonga muvofiq, 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan 2 ming AQSh dollarigacha miqdordagi naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki olib chiqib ketishda majburiy deklaratsiya to‘ldirish bekor qilindi.

Jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani O‘zbekistondan olib chiqib ketish ekvivalentda 5 ming AQSh dollarigacha teng yoki undan oshmaydigan summa doirasida hech qanday ruxsatnomalarsiz amalga oshiriladi.

Belgilangan summadan ortiqcha mablag‘ni olib chiqib ketish rezidentlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasi asosida, norezidentlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, turli musobaqalar, tanlov va olimpiadalarning sovrindorlari yoki qatnashchilari moddiy rag‘batlantirilgan taqdirda uning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatishsa, kifoya.

Endilikda jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga naqd xorijiy valyutani olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Farhod bu yangilikdan xursand edi. Bahor kelaversin, ota-onam, farzandlarimni ham olib kelaman. Tarixiy qadamjolarni bir ziyorat qilib ketamiz, dedi u.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
9 193