O‘zA O`zbek

10.08.2018 19:07 Chop etish versiyasi

O‘ZBЕKISTON – BMT: Jazoni ijro etish muassasalarini isloh qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi

O‘ZBЕKISTON – BMT: Jazoni ijro etish muassasalarini isloh qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasi bilan hamkorlikda davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekistonda jinoyat-ijroiya tizimini isloh qilish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida jinoyatchilik sohasidagi odil sudlov mutaxassislari, ekspert va xalqaro sheriklar ishtirok etdi.

2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi jazoni ijro etish tizimini liberallashtirishni nazarda tutadi. Strategiya doirasida jazoni ijro etish muassasalarida saqlash sharoitlarini yaxshilash, mahbuslarni tasniflash tizimini takomillashtirish va mahkumlarning qayta ijtimoiylashuviga imkon yaratish ko‘zlanmoqda.

Tadbirda jazoni ijro etish muassasalarida saqlash standartlarini va ularni boshqarishning maqbul amaliyotlari, mahkumlarning qayta ijtimoiylashuvi va ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘rniga qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan alternativ jazo choralari muhokama qilindi.

BMTning mahkumlar bilan munosabatda bo‘lishning minimal standart qoidalari butun dunyoda tan olingan jazoni ijro etish muassasalarini boshqarish va mahbuslar bilan munosabatda bo‘lishning minimal standartlarini o‘zida aks ettiradi. Ushbu standartlar Harakatlar strategiyasi va uni joriy yilda amalga oshirish rejasida nazarda tutilganidek, jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasini ishlab chiqishda asos bo‘lib xizmat qiladi.

Davra suhbatida boshqa mamlakatlarda jazoni ijro etish muassasalari tizimini isloh qilish tajribasiga ham e’tibor qaratildi. Giyohvandlik moddalarini iste’mol qilish bilan bog‘liq nuqsonlari bor shaxslarni davolash, bolalar va boshqa zaif toifadagi shaxslar, ektremistik urushlar ishtirokchisi bo‘lgan mahbuslar bilan ishlash va jazoni ijro etish muassasalarida zo‘ravonlikni keltirib chiqaruvchi radikalizmning oldini olish masalalarida fikr almashildi.

Yo‘l xaritasiga muvofiqjazoni ijro etish muassasalarini isloh qilish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 532