O‘zA O`zbek

19.05.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston-Belarus hamkorlikdagi harbiy mashgʻulotlarning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi (video)

Oʻzbekiston-Belarus hamkorlikdagi harbiy mashgʻulotlarning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi (video)

19 may kuni Sharqiy harbiy okrug “Gʻurumsaroy” dala-oʻquv maydonida joriy yilning 20 – 27 may kunlari oʻtkaziladigan “Jangovar hamdoʻstlik – 2019” shiori ostidagi Oʻzbekiston – Belarus maxsus boʻlinmalari oʻrtasidagi hamkorlikdagi mashgʻulotlarning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ofitserlari, Sharqiy harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov, Pop tumani hokimi, Oʻzbekiston va Belarus mamlakatlarining harbiy xizmatchilari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatlarimiz oʻrtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani va aynan ikki mamlakat qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari hamkorligida oʻtkazilayotgan maxsus-taktik oʻquv mashgʻulotlari ana shu ishlarning uzviy davomi ekanligini taʼkidlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyatlar tilashdi.

– Vataningizga ilk bor kelishim, biroq Oʻzbekiston Respublikasi, uning qadimiy tarixi va dunyoga mashhur obidalari hamda mehmondoʻst xalqi va bu yerda olib borilayotgan ulkan ishlar haqida koʻp eshitganman, – deydi Belarus Respublikasi vakili kichik serjant Pavel Tyurin. – Serquyosh Oʻzbekistonga kelganimdan xursandman. Bizni oʻzbekona mehmondoʻstlik bilan samimiy kutib olishdi. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, “Jangovar hamdoʻstlik – 2019” maxsus-taktik mashgʻulotlari bilim va koʻnikmalarimizni oshirish uchun ahamiyatliligi bilan birga kasbiy mahorat va oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar bilan tajriba almashishimiz uchun ham katta imkoniyatdir.

IMG_5955.JPG

IMGL3158.JPG

IMGL3325.JPG


2 040
OʻzA