O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 21:06 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston – baynalmilallik va bagʻrikenglikka asoslangan mamlakat

Oʻzbekiston – baynalmilallik va bagʻrikenglikka asoslangan mamlakat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida “Oʻzbekistonda Irqiy kamsitishning barcha turlarini yoʻqotish boʻyicha BMT Konvensiyasining bajarilishi: xalqaro va milliy standartlar” mavzuida oʻtkazilgan xalqaro anjumanda millatlararo munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha davlat siyosatining amalga oshirilishi masalalari muhokama etildi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori hamkorligida tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, diplomatik korpus vakillari, vazirlik va idoralar, tegishli soha vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi R.Qurbonov, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kam sonli millatlar boʻyicha Oliy komissarining siyosiy masalalar boʻyicha katta maslahatchisi A.Xanjin va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar uzviyligida ona zaminimizda istiqomat qilayotgan turli millatlar vakillari oʻrtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, ularning ahil-inoqligi, osoyishtaligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Bu jarayonda milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlarining oʻrni, ular faoliyatining hukumatimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani ahamiyatlidir.

– Oʻzbekiston koʻp asrlik sivilizatsiya oʻchogʻi sifatida baynalmilallik, bagʻrikenglikka asoslangan mamlakat hisoblanadi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Baxtiyor Karimov. – Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oiladek yashamoqda. Ular huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini qurish uchun barcha soha va tarmoqlar rivojiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Anjuman yakunida Oʻzbekistonda Irqiy kamsitishning barcha turlarini yoʻqotish boʻyicha BMT Konvensiyasining bajarilishi, ayniqsa, sakkizinchi-toʻqqizinchi milliy hisobot boʻyicha belgilangan vazifalarning ijrosi, keyingi milliy hisobotni amalga oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA