O‘zA O`zbek

23.04.2019 21:44 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston – bagʻri keng diyor

Oʻzbekiston – bagʻri keng diyor

Rus milliy madaniy markazi tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan Rossiya Federatsiyasidan kelgan mehmonlardan bir guruhi Namanganda boʻldi.

Namanganda istiqomat qiluvchi millatdoshlari bilan uchrashish, ularning turmush tarzi bilan tanishish, Oʻzbekiston – Rossiya doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashrif buyurgan mehmonlar Namangan shahridagi “Doʻstlik uyi”da tantanali kutib olindi. 

Chet ellardagi rus vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha turli jamoat tashkilotlari, Rossiyaning turli hududlaridagi “Doʻstlik uyi” rahbarlari, Rossiya oliy oʻquv yurtlarining xalqaro boʻlimlari vakillaridan iborat doʻstlik delegatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasining maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha boʻlim mudiri A.Huseynov, mamlakatimizdagi Rus madaniyat markazi rahbari oʻrinbosari T.Alimxodjayeva hamrohlik qildi. 

Koreys, qirgʻiz, tojik madaniy markazlari joylashgan “Doʻstlik uyi”da boʻlib oʻtgan uchrashuvda oʻzbek va rus xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarining tarixi, istiqbollari haqida soʻz yuritildi.

photo5330236873592908341.jpg

– Men rus millatiga mansub Oʻzbekiston fuqarosiman, – dedi Namangan viloyat Rus milliy madaniy markazi rahbari A.Volodin. – Mazkur tashkilot rahbari sifatida alohida taʼkidlashim joizki, biz shu yurtda yashayotgan boshqa barcha millat vakillari singari Oʻzbekistonni oʻz vatanimiz deb bilamiz va bundan faxrlanamiz. Chunki Oʻzbekiston – bagʻri keng diyor. Bugun Namanganning oʻzida koʻplab millat vakillari ahil-inoq, oʻzaro milliy anʼanalariga hurmat asosida yashamoqda. 

Namangan sanʼat kollejining rus xalq cholgʻulari ansambli ijrosidagi konsert dasturi, Rus milliy madaniy markazi qoshidagi qoʻgʻirchoq truppasining namoyishi barchaga manzur boʻldi. Konsertdan soʻng mehmonlar “Doʻstlik uyi”da milliy madaniyat va qadriyatlarni asrab-avaylash, rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

– Biz Xabarovsk davlat tibbiyot instituti vakillarimiz, – deydi Uzoq Sharq davlat tibbiyot universiteti xalqaro boʻlimi xodimi A.Malejik. – Mamlakatingizda yubiley tantanalari doirasida hududlardagi Rus milliy madaniy markazlari bilan tanishish imkoniyati yaratib berilgani uchun minnatdormiz. Bizni birinchi navbatda talabalar bogʻlab turibdi, ayni paytda universitetimizda 60 dan ziyod oʻzbekistonlik yosh taʼlim olmoqda va ular orasida namanganliklar ham bor. Oʻzbekistondagi millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhiti bizni oʻziga maftun etdi.

– Qadimiy madaniyat oʻchogʻi, hunarmandchilik anʼanalari saqlanib qolgan mamlakat sifatida Oʻzbekiston bizda ajoyib taassurot qoldirdi, – deydi Rossiya Federatsiyasining Belarus Respublikasidagi elchixonasi masʼul xodimi A.Gerashenko. – Shuningdek, milliy madaniy markazlar faoliyatiga qaratilayotgan doimiy eʼtiborda oʻrganishga arziydigan koʻp jihatlarni koʻrdik.

photo5330469287158197088.jpg

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), OʻzA
787