O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Aktau porti orqali dunyoga chiqadi

O‘zbekiston Aktau porti orqali dunyoga chiqadi

Qadimiy Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Aktau shahri azaldan ko‘plab davlatlarni bir-biriga bog‘lab turgan halqa vazifasini o‘tagan.

Biroq yillar to‘foni bu qadimiy va mashhur yo‘lga soya solgani kabi bu shaharda ham dunyo bilan aloqalar uzilgan paytlar ham bo‘lgan. Biroq, Qozog‘iston mustaqilligi bu davlatni yangi qiyofada kashf etganidek, unutilgan yo‘llar yana qayta tiklandi.

Hozir Aktau porti eng rivojlangan qulay portlardan biri bo‘lib, bu yerdan Eron, Rossiya, Gruziya, Armaniston, Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon kabi davlatlarga suv yo‘li orqali borish mumkin. Hozir ushbu davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar tobora rivojlanib bormoqda.

O‘zbekistonning Aktau porti bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilishi ana shunday katta imkoniyat yaratadi. Zero, mazkur shaharda mamlakatimiz bosh konsulligi ochilgani zamirida ana shunday yuksak maqsadlar ham mujassam.

“Aktau xalqaro dengiz porti” milliy kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati Prezidenti Abay Turikpenbaevning aytishicha, Kasbiy dengizi sharq va g‘arbni, janub bilan shimolni bir-biriga bog‘lovchi asosiy xalqaro transport koridoriga aylanib bormoqda. Shu maqsadga qaratilgan yo‘nalishlar ochilgani Buyuk ipak yo‘liga qayta jon bag‘ishladi. Bu yo‘ldan konteynerli “Aktau-Baku” kemalar karvoni qatnab turibdi. Kaspiy dengizi orqali Xitoydan Yevropa va Turkiyaga qatnovchi yangi logistik yo‘llar rivojlanib borayotgani nafaqat Qozog‘iston, balki Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan barcha davlatlar rivojiga ham xizmat qiladi.

O‘zbekistonning Aktaudagi bosh konsulligi xodimlari ham portning ahamiyatli tomonlarini inobatga olib, o‘zbek milliy kompaniyalarini zarur axborotlar bilan ta’minlamoqda. Bunga qiziqish bildirayotgan kompaniya vakillari va port rahbariyati o‘rtasida muzokaralar ham bo‘lib turibdi.

Masalan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” milliy kompaniyasi vakillari Aktauda bo‘lib, shart-sharoitlar bilan tanishgan. Kelgusida O‘zbekistondan portga eltuvchi temir izlar kelsa ajab emas. Bu O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jahon bozoriga yanada kengroq kirib borishiga yo‘l ochadi.

photo5253706139835673834.jpg

O‘zbekiston shaharlari bilan Aktau o‘rtasida aviayo‘nalishlar ochilishi esa nafaqat turistik aloqalar, balki savdo-iqtisodiy, investisyaviy hamkorlik taraqqiyotga zamin yaratadi.

Hozir ham har jihatdan rivojlanib borayotgan Aktauda o‘zbekistonlik investorlar kam emas. Bu yerda mavjud bo‘lgan ayrim supermarketlar tarmog‘i, restoranlarni asosan vatandoshlarimiz ochib, yuritmoqda. Ammo har xil muammolarga duch kelmaslik uchun ularning ayrimlari bu yerda fuqarolikni qabul qilgan. Bir qarashda ularni yurtdan kechgan, desangiz, biroq ular Vatandan aslo kechmagan! Axir ularning butun harakati boshqalarga O‘zbekistonni tanitish, o‘zbek milliy liboslarini, taomlarini tortiq qilib, o‘zligini tan oldirishga qaratilgan.

Bu yerdagi vatandoshlarimizning ko‘pchiligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatidan ko‘chib kelganiga guvoh bo‘ldik. Mahalliy tilni ham yaxshi o‘zlashtirishgan. Lekin “Xorazm lazgisi” jaranglasa, ular o‘rnida o‘tira olmaydi. Ularga qarab Vatan tuyg‘usi – eng buyuk tuyg‘u ekanini his etasiz.

Ko‘pincha biz boshqa yurtga ketganlarga “vatan xoini”dek qaraymiz. Ammo ayrim davlatlar o‘z qarashlarini singdirish uchun ham boshqa davlatlarga odamlarini yuborish, hech bo‘lmasa, pul to‘lab bo‘lsa ham tilini o‘rgatishga itilayotganini kuzatamiz. Bugungi kunda davlatlar rivoji o‘z yo‘lida davom etayotgani bilan dunyoviy integratsiyalashuv kuchayib borayotgani sir emas.

Shu jihatdan O‘zbekistonning Aktaudagi bosh konsuli Nodir Turg‘unov mazkur hududda mehnat qilayotgan nafaqat fuqarolarimiz, balki bu yerda doimiy yashayotgan o‘zbekistonliklarning boshini birlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. O‘zbek tilidan dars beruvchi sinflar hamda oliy o‘quv yurtida fakultetlar ochilishi ustida ish olib bormoqda. O‘zbek tili kuni, Navro‘z kabi milliy bayramlarni munosib nishonlash rejalari allaqachon tuzib qo‘yilgan.

433
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA