Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.08.2017 17:18 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston aholisi 32 million 345 ming kishidan oshdi

Joriy yil 1-iyul holatidagi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 32 million 345 ming kishini tashkil etgan. Statistik tahlillar mamlakatimiz aholisi har yili o‘rtacha 450-500 mingga ko‘payayotganini ko‘rsatmoqda. 2016/2017 o‘quv yilida 478,4 ming yigit-qiz kasb-hunar kollejlarini tamomlagan.

Bu ma’lumotlar Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytildi. Unda qo‘mita mas’ul xodimlari jurnalistlarga tizimda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 31-iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qarorda statistik ma’lumotlarni to‘plash, saqlash va ularga tahliliy yondashishga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, sohani rivojlantirishda xorijiy mamlakatlar va xalqaro ilg‘or tajribalardan samarali foydalanish kabi bir qator muhim vazifalar belgilangan.

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, tahliliy ma’lumotlar bazasini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ular qo‘mitaning rasmiy veb-saytiga joylashtirib borilmoqda, ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinmoqda.

Bugungi kunda Davlat statistika qo‘mitasining barcha bo‘linmalarida lokal hisoblash tarmoqlari faoliyat yuritadi. Statistik axborotlarni qayta ishlashda dasturiy ta’minot tizimi joriy etilgan. O‘tgan davr mobaynida qo‘mitaning shahar va tuman bo‘limlarini axborot tarmoqlariga ulash va modernizatsiyalash ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Hududiy statistika boshqarmalarida AKTni rivojlantirish ishlarini amalga oshiruvchi Dasturiy texnik ta’minoti va ma’lumotlarni saqlash markazlari tashkil etildi. 2011-yildan elektron shaklda statistika hisobotlarini yig‘ishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Qo‘mita mas’ullari bu boradagi ishlar kelgusida ham tizimli davom ettirilib, faoliyat samaradorligini oshirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratilishini ma’lum qildi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
1 592






Все о погоде - Pogoda.uz