O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekcha lutf, yaponcha latofat aks etgan ko‘rgazma

O‘zbekcha lutf, yaponcha latofat aks etgan ko‘rgazma

II Toshkent Xalqaro amaliy san’at biennalesi 

Poytaxtimizdagi Ikuo Xiroyama xalqaro madaniyat karvonsaroyida “Batik va badiiy emal“ mavzusida yapon amaliy san’ati va “Zamonaviy o‘zbek bezak san’ati“ ko‘rgazmalari ochildi.

Ko‘rgazma “INSON.MUHIT.SAN’AT“ nomli II Toshkent Xalqaro amaliy san’at biennalesi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, unda xorijiy mehmonlar, san’atshunoslar, mutaxassislar va san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov va boshqalar badiiy ko‘rgazmaning mohiyati, o‘zbek va yapon amaliy, badiiy san’atining o‘xshash tomonlari haqida gapirdi.

– Ko‘rgazma yuqori darajada tashkil etilgan. Unda ranglar ketma-ketligi, ijodiy ishlar hamohangligi inobatga olingan, – dedi san’atshunos Nargiza Hasanova. – Ushbu ko‘rgazma batik san’ati, ya’ni paxta, shoyi, jun va sintetik matolarga gul bosish namunalari namoyish etilayotgani bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, emal, ya’ni ishlov berish natijasida olinadigan yupqa shishasimon qoplamalardan yaratilgan nafis san’at asarlari ham ko‘rgazmadan joy olgan.

Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyining markaziy zalida kulolchilik, dekorativ haykaltaroshlik, gilamdo‘zlik kabi san’at turlarida ishlangan 100 ga yaqin asarlar namoyish etildi. Kichik zalda yapon amaliy san’atining turli namunalarini ko‘rish mumkin. Unda batik san’atida ishlangan asarlar, matoga chizilgan dilbar ijod namunalari va yapon milliy an’analari aks etgan kulolchilik, kimonoga gul bosish san’ati, applikatsiya va kigizga ishlov berish orqali yaratilgan nodir asarlar namoyish etilmoqda.

– Bolaligimdan kulolchilik san’atiga mehrim tushgan. Tuproqdan nafis narsalar, ro‘zg‘or uchun kerakli buyumlar yasayman, – dedi bangladeshlik mehmon Tyabuzzaman Xan Topu. – San’at mamlakat tanlamaydi. Har bir go‘zal narsa o‘z jozibasi bilan kishini jalb qiladi. Ko‘rgazma juda ajoyib tashkil etilgan, undagi san’at ishlarida o‘zbekcha lutf va yaponcha latofat yo‘g‘rilgan. Har bir ijodiy ishdan kishi estetik zavq oladi, tomoshadan charchamaydi. Kulolchilik buyumlari esa o‘ta mahorat bilan ishlangan.

Ko‘rgazma 15 noyabrga qadar davom etadi.

1 140
Dilobar MAMATOVA, O‘zA