O‘zA O`zbek

06.06.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbek xalqi uvoldan qoʻrqadigan, tadbirli el

Oʻzbek xalqi uvoldan qoʻrqadigan, tadbirli el

Har bir xalqning tarixiy shakllangan, uning maʼrifati, madaniyati aks etadigan udumlari, marosimlari mavjud. Oʻzbekistonning har bir viloyatida ham faqat oʻzigagina xos boʻlgan anʼanalarni koʻrish mumkin. Ammo millatning haqiqiy maʼnaviyati uning toʻy va aza marosimlarida yaqqol namoyon boʻladi.

Oxirgi 20-30 yil ichida bizning ana shu tadbirlarimiz oʻzining asl mohiyatini yoʻqotib, manmanlik, kim oʻzarlik musobaqasiga aylanib qolgan edi. Oilaning ehtiyojlarini inobatga olmasdan, farzandlar kelajagi uchun nima muhimroq ekanligini oʻylab ham koʻrmasdan, uch kunlik yolgʻon obroʻ orttirish maqsadida yillab ogʻir mehnat evaziga toʻplangan mablagʻlar havoga sovurilib keldi.

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati boʻlmish aholimizning ehtiyojmand qismi turmushida bu illat oilalarning kambagʻallashuviga, toʻy uchun mablagʻ topishni maqsad qilib, xorijga ishga ketishlariga sabab boʻldi. Shuning uchun ham partiyamiz oʻz saylovoldi dasturida xalqimizni bunday isrofgarchilikka yoʻl qoʻymay, mablagʻlarini farzandlar kelajagi, ularning bilimli, hunarli boʻlishi uchun sarflash chaqirigʻi bilan chiqdi. Shunday vaqtlarda aholi ayrim qismi tomonidan tanqidlarga ham uchradik. Lekin masala Oliy Majlisning ikkala palatasi tomonidan chuqur oʻrganilib, tegishli qaror qabul qilindi. Xalqimiz qarorni ijobiy qabul qilsada, bu qarorga ham eʼtiroz bildiruvchilar topildi.

Dunyodagi barcha davlatlarga tahlika solgan, rivojlangan davlatlarning ham iqtisodiyotiga kuchli taʼsir koʻrsatib, rejalarini oʻzgartirishga majbur qilgan koronavirus pandemiyasi maʼlum muddatga toʻy marosimlarini toʻxtatishga, aza marosimlarni esa keskin ixchamlashtirishga majbur qildi.

Har yomonlikda bir yaxshilik yashirin, deganlaridek tadbirlarni ixchamlashtirib oʻtkazilishi aholimiz ongiga ijobiy taʼsir qildi, deb oʻylayman. Yaqin tanishimiz 10 kishi ishtirokida kelin tushirdi, toʻydan keyin avvaldan toʻy uchun deb yigʻilgan mablagʻ ortib qolgach, oila maslahat qilib avtomashina xarid qildi. Toʻydan qancha qarz bilan chiqar ekanmiz, degan xavotirdagi ota-ona uchun bu kutilmagan sovgʻa boʻldi. 

Maxsus komissiyaning qaroriga asosan toʻylarni 30 kishi ishtirokida oʻtkazish aholimiz tomonidan yaxshi qabul qilinayapti. Xarajatlar ana shu meʼyor asosida rejalashtirilmoqda. Toʻgʻri, hammaning ongini qisqa muddatda oʻzgartirish qiyin, lekin ortiqcha dabdaba, isrofgarchilik marosim oʻtkazayotgan oila uchun katta zarar ekanligi, mablagʻlar oila qurayotgan yoshlarning ehtiyoji, uy sharoitlarini yaxshilash yoki boʻlmasa ota-onalarning salomatligi uchun sarflanishi eng maqbul ish ekanligini hammamiz ham asta-sekin tushunib borayapmiz. Dabdaba, isrof tarafdorlari bu ishlarini milliy qadriyat, urf-odat bilan izohlamoqchi boʻladi. 

Bu esa azaliy anʼanalarga ega, maʼrifatli xalqimizning qarashlari, qadimiy anʼanalari, mentalitetiga yot deb bilaman. Chunki oʻzbek xalqi isrof, uvoldan qoʻrqadigan, farzandi baxtini barcha narsadan ustun qoʻyadigan, halol mehnat bilan topilgan har bir tiyinni rejalab sarflaydigan xalq. Keyingi yillarda oʻzicha kayvonilikni qoʻlga olgan, xalq tadbirlariga yangicha “xurmacha qiliqlar”ni kiritayotgan, xalqimiz tarixi, madaniyati, maʼrifatidan yiroq kimsalarni esa vaqtning oʻzi yoʻlimizdan chetga surib qoʻyadi.

Prezidentimiz tomonidan olgʻa surilgan “Xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun oʻz hayotidan rozi va mamnun boʻlib yashashi kerak”, degan gʻoyani amalga oshirish uchun hammamiz birlashib, kelajagimiz – bolalarimiz baxti, yurt farovonligi uchun aql-idrok, shijoat bilan harakat qilishimiz lozim.

Maqsuda Vorisova,
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi
markaziy kengashi raisi oʻrinbosari,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

1 794
OʻzA