Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.09.2018 19:36 Chop etish versiyasi

Oʻzbek xalqi uchun qadrli va suyukli adib

Oʻzbek xalqi uchun qadrli va suyukli adib
Jahon miqyosida tanilgan buyuk adib va yirik jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning shaxsi va ijodi bilan eng koʻp tanishgan, uning asarlarini sevib mutolaa qiladigan xalq oʻzbeklar boʻlsakerak, desam, sira mubolagʻa qilmagan boʻlaman. Chunki yurtimizda Chingiz ogʻa asarlari kirib bormagan xonadon yoʻq hisobi.

Adib hayoti va ijodi mamlakatimizda umumtaʼlim maktablarining quyi sinflaridan to litsey va kollejlar hamda oliy oʻquv yurtlarining oʻquvchi-yu talabalari tomonidan chuqur oʻrganiladi. Dastlab, “Oq kema” qissasi bilan tanishgan oʻquvchi, uni shubhasiz, ota-onasiga ham aytib yoki oʻqib beradi. Keyinroq “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim” qissalari hamda “Asrni qaritgan kun”, “Qiyomat” romanlari bilan tanishgach, yozuvchi ijodiga qiziqishi yanada ortadi va albatta, butun oila aʼzolari bilan boshqa asarlarini ham topib oʻqish harakatiga tushadi. Shukrki, Chingiz Aytmatovning barcha asarlari Asil Rashidov, Ibrohim Gʻafurov, Suyun Qorayev, Mahkam Mahmudov, Nurali Qobul, Nabijon Boqiy, Yoqubjon Xoʻjamberdiyev kabi tarjimonlar tomonidan yuksak mahorat bilan oʻgirilib, oʻquvchilarga oʻz vaqtida yetkazilgan.

Chingiz Aytmatov XX asrning 60-yillaridan boshlab, avvalo, Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston, qolaversa, butun Sharq xalqlari adabiyoti va sanʼatini tubdan yangilash, chinakam xalqchil, progressiv, jahonning rivojlangan adabiyotlari qatoriga qoʻshish niyati bilan kirib keldi, yashadi va ishladi. Bu borada birinchi galda oʻzi namuna koʻrsatishga kirishdi. Buning uchun insoniyatni mangu qiynab kelayotgan, ammo jamiyat tazyiqi ostida aytish mumkin boʻlmagan mavzu va muammolarni, yangicha qiyofa hamda qarashga ega kishilar obrazini yaratishga urindi. Adib insonning jamiyatdagi oʻrni, mavqei, emin-erkin yashashi, qilgan mehnatidan ham jismonan, ham maʼnan qoniqishi, koʻngil istagiga koʻra sevish va sevilish huquqiga ega boʻlishi zarurligini angladi va ularni adabiyotga dadil olib kirdi. Shu bois ham yozuvchining qahramonlari ancha-muncha qoliplarga sigʻmaydi.

Mana shu fazilatlariga koʻra, Chingiz Aytmatov ijodi yurtimizdagi oddiy kitobxonlar ongi, dunyoqarashi, xulqi va turmush tarziga jiddiy ijobiy taʼsir koʻrsatdi, ularni hayotda uchraydigan qiyinchilik hamda toʻsiqlarni aql va matonat bilan yengib oʻtishga oʻrgatdi. Chunki adib asarlarida tasvirlangan voqealar, chizilgan manzaralar, yaratilgan personajlar taqdiri xuddi oʻzimizning hayotimizdan olingandek yaqin va tushunarli ekani bilan qimmatlidir. Ayni paytda Chingiz Aytmatov qalamga olgan mavzu, muammo va voqealarning oʻzbek adiblari asarlariga oʻxshashi, hamohangligi, oʻzining gʻoyaviy yoʻnalishi, badiiyligi, niyatlari yaqinligi, ezguligi bilan hayratga soladi. Buning sabablarini asli qadim turkiy xalqlar avlodi boʻlgan oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turkmanlarning tili, dili, dini, turmush tarzi va tarixi bir xilligidan izlash toʻgʻriroq boʻladi. Shu bois, ularning adabiyoti va madaniyati ham bir-biriga yaqindir.

Binobarin, ikki xalq adabiyoti oʻrtasidagi mushtaraklik, hamohanglik va oʻziga xoslikni Chingiz Aytmatov ijodi misolida oʻzbek adiblari asarlarida tasvirlangan oʻxshash voqealar hamda qahramonlar taqdiri bilan oʻzaro qiyoslash, ular oʻrtasidagi farqli tomonlar va yechimning oʻziga xosligini tadqiq etish, ularning qondoshlik va qardoshlik ildizlarini aniqlash, chuqurroq ochishga urinish hozirgi adabiyotshunosligimizning kechiktirib boʻlmaydigan vazifalaridandir. Bu ulkan vazifaning kichik bir boʻlagi sifatida Chingiz Aytmatov va oʻzbek adiblari ijodi oʻrtasidagi yaqinlikni quyidagi yoʻnalishlarda oʻrganishni maqsad qildik:

1) asarda ifodalangan mavzu va muammolar yaqinligi;

2) qahramonlar taqdiridagi oʻxshashlik va farqlar;

3) voqelik bayoni va yechimdagi mushtaraklik hamda oʻziga xoslik.

Yoshligi Ikkinchi jahon urushi yillariga toʻgʻri kelgan Chingiz Aytmatovning ijodiy merosida urush mavzusi alohida oʻrin tutadi. Bu haqda adibning oʻzi bunday degan edi: “Mening oʻspirinlik va yoshlik chogʻlarim urush va undan keyingi ilk yillarga toʻgʻri kelgandi. Oʻn toʻrt yoshimda ovul sovetiga kotiblik qildim, soʻng soliq yigʻuvchi boʻldim. Bularning hammasi katta sinov tariqasida mendan, mening murgʻak ruhiyatimdan sizib oʻtdi. Men odamlarni oʻsha urush va urushdan keyingi yillardagi ogʻir vaziyatlarda kuzatdim va oʻzim ham chekimga tushgan nasibamni totdim”.

Darhaqiqat, oʻz davrida koʻrgan-kechirganlari adibning “Yuzma-yuz”, “Jamila”, “Somon yoʻli”, “Erta qaytgan turnalar” qissalarida mahorat bilan tasvirlangan.

Oʻtgan asrning 60-70-yillarida yaratilgan bu asarlarda ilgari surilgan gʻoya, tasvirlangan mavzu, muammo, tanlangan qahramonlar taqdiri, voqealar yechimi, qarangki, oʻzbek ijodkorlarining ayni shu yillarda dunyo yuzini koʻrgan asarlari bilan gʻoyatda hamohang ekan! Masalan, Chingiz Aytmatov oʻzining “Birinchi muallim” qissasi bilan tanilgan yillari oʻzbek oʻquvchilari Parda Tursunning “Oʻqituvchi”, Mirzakalon Ismoiliyning “Fargʻona tong otguncha” romanlaridagi oʻzbek xalqining birinchi fidoyi muallimlari Elmurod va Gʻulomjonbilan tanishgan edi. Keyinroq ular qatoriga Yoʻldosh Shamsharovning “Chiroq” romani qoʻshildi. Urush tufayli ogʻir mehnat frontida ishlab, ota-onalarning yukini yengil qilgan bolalar taqdiri aks ettirilgan “Erta qaytgan turnalar” qissasi bilan oldinma-keyin dunyoga kelgan Odil Yoqubovning “Tengdoshlar”, “Er boshiga ish tushsa” kabi asarlarida ifodalangan voqealar, qahramonlarning oʻy-fikrlari xuddi egizakdek taassurot qoldiradi. Bunday oʻxshashliklar oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining azaldan yonma-yon yashagani, bir maqsad sari intilgani, yaxshi-yomon kunlar zahmatini birgalikda tortganining badiiy isbotidir.

Urush yillarida shoʻrolar hukumatining mustamlakasi sifatida eng ogʻir kunlarni Oʻrta Osiyo respublikalari xalqlari boshdan kechirdilar. Frontni oziq-ovqat, kiyim-kechak, pul va hatto qurol-yarogʻ bilan taʼminlash ham ana shu xalqlar zimmasiga tushgani bugun barchaga ayon. Chingiz Aytmatov oʻzining urush mavzusidagi asarlarida birinchi boʻlib frontdan yiroqda boʻlgan hudud kishilarining jamiyat siyosatiga munosabatini real ochib berishga muvaffaq boʻldi. Kommunistik mafkura sovet kishisining ideal obrazini yaratishni talab qilib turgan bir paytda Chingiz Aytmatov bilan Said Ahmad “Yuzma-yuz” va “Ufq” kitoblarida adabiyotga “qochoq askar” obrazini olib kirdilar. “Qochoq askar”larning holati, taqdiri, ularni asrab-avaylagan yaqinlarining ruhiy holati, oʻzini va oʻzligini namoyon qilishi har bir sanʼatkor tomonidan oʻz gʻoyaviy niyati, qahramon xarakterining badiiy yoʻnalishi, dunyoqarashi va mahorati nuqtai nazaridan oʻziga xos tarzda ishonarli tahlil etilgan.

Masalan, urush taqdirlariga muhim oʻzgartirish kiritgan Saida (“Yuzma-yuz” qissasi) ham, Jannat xola ham (“Ufq” romani) dastavval eri va tilab olgan bitta-yu bitta oʻgʻlining frontdan qochganini kechiradi, ularni astoydil parvarish qiladi. Ismoil va Tursunboy esa bundan shaxsiy manfaatlari yoʻlida foydalanmoqchi boʻladi, kunduzi yashirinib, kechasi qabih niyatlarini amalga oshirishga urinadi. Ularning barcha injiqliklariga chidab, bardosh bilan yashagan ayollarning sir saqlash imkoniyati tobora toraya boshlaydi. Natijada erining zararkunandaligidan bezgan Saida Ismoilni ushlab beradi, Jannat xola esa kuya-kuya vafot etadi.

Urushning eng qizgʻin, frontorti jabhasining eng ogʻir kunlarida jang maydonlarida jon olib-jon berayotgan erlariga xiyonat qilib, ochiqdan-ochiq begona erkaklar bilan qochib ketgan ayollar obrazi ham qirgʻiz va oʻzbek adabiyoti namunalarida aks etgan. Bu jihatdan Chingiz Aytmatov yaratgan Jamila va Doniyor qismati bilan Oʻtkir Hoshimovning "Ikki eshik orasi” romanidagi Zuhra va Nozim taqdirlarini taqqoslash ibratlidir. Ularning qilmishi bir-biriga juda oʻxshab ketsa-da, “aybdor”larga munosabat, voqelik yechimi butunlay boshqacha, har bir millatning urf-odatiga xos ravishda hal etiladi. Xarakteri jihatidan xiyla shaddod, oʻzini opqochib kelgan eri Sodiqning oʻtli muhabbati va erkalashlarini toʻla his etolmagan Jamila shunchaki choʻloq, indamas, toʻng, ammo jarangdor ovozi bilan qalbi toʻla muhabbatni butun olamga hayqirib ayta olgan Doniyor bilan ixtiyoriy ravishda qochib ketadi. Zuhraning qilmishi esa boshqacharoq aks etadi. Opasi Fotima bilan bitta oilaga kelin boʻlgan Zuhraning eri Zokir ham akasi bilan frontga ketgan. Ammo undan “qora xat” kelgan. Kelin esa milliy axloq mezonlariga koʻra lom-mim demay yashab yuribdi. To qaynota-qaynona rozi boʻlib javob bermaguncha bu uydan ketishga haqqi yoʻq. Biroq unda ham koʻngil bor, his-tuygʻu bor. Kutadigan ilinji qolmagan ayol frontdan yarador boʻlib qaytgan qoʻshni qishloqlik bir askar yigit bilan ahd-paymon qilib, uydan chiqib ketdi. Ularning bu qilmishi toʻgʻri edimi? Nega ular erini (Zuhra esa idda muddatini) kutmasdan qayoqdan kelgani nomaʼlum kimsalar bilan ketaverdi? Bu oilaga xiyonat emasmi?!

Aslida, ayollarning bu vafosizligi jiddiy muhokamaga, ayblashga va keskin xulosa chiqarishga arziydi. Ammo mutafakkir adiblar bu masalada oʻzini xolis tutadilar. Ch.Aytmatov Jamilaning qilmishini baholashni voqeaga bevosita guvoh boʻlgan hikoyachi Seit, ovul ahli va oʻquvchilar hukmiga havola qiladi. Kelinoyisini qoralamagan birgina Seit edi, xolos. Oʻzi ham sevgi koshonasiga ilk qadam qoʻyayotgan bu oʻsmir yigit ular toʻgʻri ish qildi, degan xulosaga keladi. Biroq qishloq ahli yoppasiga Jamilani qoralaydi: “Axmoq-da! Aqli boʻlsa tuz ichgan joyiga tuflab, sanqib yurgan bir musofirga ergashib ketarmidi?”. “Uning nimasiga qiziqdi ekan? Eski shineli bilan teshik etigidan boʻlak hech balosi yoʻq edi-ku! Uyi yoʻq, joyi yoʻq, nasl-nasabi betayin bir daydi-da! Mayli, uvoli oʻziga, hali attang deydi... Bu tannoz xotinning holini oʻshanda koʻramiz.”. “Tavba, Sodiqdan ortiq erni topib boʻpti. Oʻziga oʻzi qildi, juvonmarg!”.

“Ikki eshik orasi” romanidagi Zuhra bilan Nozimning “buzuqilik” qilib, qoʻlga tushgandan keyingi holati Oqsoqolning hovlisida koʻpchilik tomonidan muhokama qilinadi. Bu yerda ham aybdorlarning qilmishiga qarashlar turlicha: bu hikoyada ham “aybdor”lar oʻrtasidagi samimiy va pokiza sevgiga guvoh boʻlgan oʻsmir yigit Olimjon toʻla yoqlaydi, traktorchilar brigadasining boshligʻi Bashorat opa bilan Parcha opa ham Zuhra tarafida. Qora amma, qaynonasi Xolposh xola, opasi Fotima uchun “Zuhra oʻlgur buzuq!” Hovliga toʻplangan “Olomon ham (ularga) yeb qoʻygudek boʻlib tishini gʻijirlatar, munkillab qolgan chollar, asabiy qaltirayotgan xotinlar xuddi nopok, shilimshiq narsa badaniga tegib harom qiladigandek irganib”qarardi.

Agar Jamila hech kim bilan hisoblashmay, oʻz ixtiyori bilan Doniyorga ergashib ovuldan bosh olib ketgan boʻlsa, Zuhra va Nozimjonlar taqdiri donishmand Orif oqsoqol tomonidan shariat qoidalariga binoan ijobiy yakun topadi. Bir xil voqelikning ikki xil yechimi adiblarning oʻziga xos badiiy-konsepsual maqsadidan kelib chiqqanligidadir.

Chingiz Aytmatov ijodining oʻzbek adabiyotiga taʼsiri haqida gapirganda, avvalo, ikki adabiyotda yaratilgan qahramonlar xarakteridagi oʻxshashlikni eʼtiborga olish lozim. Chingiz ogʻaning “Alvido, Gulsari” va Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissalarini insonning har qanday vaziyatda ham oʻzligini yoʻqotmasligi, odamiyligini boy bermasligi, gʻayriinsoniylikka qarshi kurashishi, aql-farosat bilan ish tutishi, har qanday illatni dadil fosh etish, jismoniy kuchni jilovlab, maʼnaviy ustunlikka erishish gʻoyasi birlashtirib turadi. Adiblarning bu ezgu niyatlari Tanaboy bilan Ziyodulla, Gulsari va Tarlon obrazlari orqali ilgari suriladi.

Chingiz Aytmatov asarlarida ifodalangan gʻoyaviy fikrlar, inson va jamiyat, inson va tabiat, inson va hayvonot olami, inson va din, muhabbat va nafrat, ezgulik va yovuzlik singari umumbashariy muammolar, uni ifodalashga xizmat qiladigan obrazlar galereyasi, ular oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar, ziddiyatlar tasviri oʻzbek ijodkorlari asarlarida ham muhim oʻrin egallayotgani quvonarli. Bu jihatdan Isajon Sulton, Ulugʻbek Hamdam, Normurod Norqobilov asarlari xarakterlidir. Buyuk qirgʻiz adibining “Qiyomat”, “Oxirzamon nishonalari” romanlarida ilgari surilgan falsafiy gʻoyalar I.Sultonning “Boqiy darbadar”, “Ozod”, “Genetik” romanlari mazmun-mohiyatiga singib ketganini sezish qiyin emas. Masalan, “Qiyomat” romani qahramoni Avdiy Kallistratovning aytishicha, “Bizning Xudo haqidagi fikrlarimiz qanchalar mutlaq va oʻzgarmas boʻlmasin, ular endilikda dunyo haqidagi yangicha bilimlarga sira mos kelmay, eskirib qoladi”. Aynan shu fikr I.Sultonning “Boqiy darbadar” romanida bir guruh dunyo olimlarining yangi odam – genomen yaratish, yaʼni Ollohning yaratuvchilik kashfiyotiga shirk keltirish toʻgʻrisidagi gʻoyasi bilan hamohangdir. Har ikki asarda ham zamona kishilarining Xudoni inkor etib, qiyomatni yaqinlashtirayotgan kimsalarning fojiasi mangu darbadarlikka hukm etilgan etikdoʻz bilan nashafurushlar timsoli orqali real ifodalangan.

Shuningdek, Shukur Xolmirzayevning “Qilkoʻprik” romanida ifodalangan voqealar hamda “Qora kamar” dramasidagi Xurrambek bilan Abdulla Nabilar “Qiyomat” romanidagi Guram Joʻxadze va Sandrolar bilan taqdirdoshliklari, bir siyosiy tuzumning qurboniga aylanishi bilan bir-biriga yaqin. Oʻzbek adabiyotidan Chingiz Aytmatov ijodi bilan hamohang va mushtarak boʻlgan bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Biroq yuqoridagi mulohazalarning oʻzi ham Chingiz Aytmatovning qadri oʻzbekistonliklar uchun gʻoyat baland ekanini anglatadi.

Xullas, buyuk adib va yirik jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning yuksak falsafiy mushohada bilan sugʻorilgan barcha asarlari oʻzbek xalqining maʼnaviy dunyosini, adabiyotining esa gʻoyaviy-badiiy xazinasini boyitishda muhim rol oʻynamoqda.

Yoʻldosh Solijonov,
Fargʻona davlat universiteti professori,
filologiya fanlari doktori.

OʻzA
1 498