O‘zA O`zbek

27.08.2018 18:18 Chop etish versiyasi

Oʻzbek va qozoq xalqlari hayotida yangi davr boshlandi

Oʻzbek va qozoq xalqlari hayotida yangi davr boshlandi
2018-yil Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili, deb eʻlon qilinishi qozoq elining oʻzbek xalqiga, mamlakatimizga cheksiz hurmat-ehtiromining ramzi boʻldi.

OʻzA muxbiri yaqinda xizmat safari bilan Qozogʻistonda boʻlib qaytdi. Quyidagi maqola oʻzbek va qozoq xalqlari doʻstligining yana bir ifodasi sifatida eʻtiboringizga havola etilmoqda.

Ilk taassurot

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasining zamonaviy layneri Ostona shahri tomon pastlay boshladi. Soat tungi toʻqqizlar atrofida samolyot Nursulton Nazarboyev xalqaro aeroportiga qoʻndi.

og_og_1450736155281013003.jpg

Sokin tun, kun boʻyi kelib-ketuvchilar bilan gavjum boʻlgan shahar tin olayotgandek goʻyo. Belgilangan manzil – shahar markazidagi mehmonxonaga yetib borish uchun mashinada 15 daqiqa kifoya qildi. Vaqtdan unumli foydalanish maqsadida atrofni kuzataman. Shahar infratuzilmasi, avtotransport vositalarining harakatidan tortib, piyodalar yoʻlagi, maʻmuriy binolar joylashuvigacha, shahar imijini yaratishdagi zamonaviy yondashuv ham oʻziga xos. Eʻtiborimni tortgan jihat piyodalar oʻtish yoʻlagining alohida yoritilishi va maxsus ogohlantiruvchi chiroqlar oʻrnatilgani boʻldi. Bunday qulayliklar yoʻlovchilarga tirband koʻchalarda xavfsiz harakatlanish imkonini beradi.

Maʻlumotlarga koʻra, 2017 yilda dunyo miqyosida sayyohlar oqimi 7 foizga oʻsib, 1 milliard 322 million kishini tashkil etgan. Bu sayyohlik iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan tarmogʻiga aylanayotganidan dalolat beradi. Qozogʻiston misolida ushbu raqamlar 7 million 701 ming kishini tashkil qilgan va bu koʻrsatkich oshib bormoqda. Ayni shu jihat mazkur mamlakatda xizmat koʻrsatish va servis sohasida yaratilayotgan imkoniyatlarga qiziqishimizga sabab boʻldi.

“Rixos”! Xizmatlar haqida soʻz borganda ana shu mehmonxona tarmogʻini yodga olish oʻrinli. Bu yerda har bir tashrif buyuruvchiga alohida eʻtibor bilan qaraladi. Sanoqli soniyalarda siz uchun taklif qilingan xona kaliti qoʻlingizga tutqaziladi. Maʻlumotxona xodimlari mehmonxonaning ichki joylashuvi, mehmonlar uchun taqdim etiladigan qator bepul xizmat turlari: boy menyuga ega nonushta, fitnes, sport zallari, hammom, simsiz internet, dunyo boʻylab cheklanmagan qoʻngʻiroqlar, qahva, suv va choy, gazetalar, shahar boʻylab joylashgan servis xizmatlari haqida batafsiz maʻlumot beradi. Bu qulayliklar mijoz talabi asosida qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Maqsad – tashrif buyuruvchi mehmon oʻzini oʻz uyidagidek his qilishidir.

Safarimizning ikkinchi kuni Qozogʻistonning asosiy studiyalari joylashgan “Kazmedia markazi” faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Markaz binosi osmonoʻpar, shaffof shisha devor bilan qoplangan, yoritish uskunalari bilan jihozlangan. Binoning bunday koʻrinishi tasodifiy emas albatta. U jurnalistning faoliyati tamoyillari: axborotning barcha uchun ochiqligini ifodalaydi. Bu yerda yettita markaziy telekanal, uchta radiostansiya joylashgan va zarur jihozlar bilan taʻminlangan.

4 (2).jpg

Toʻliq robotlashtirilgan studiya markazning yuragidir. Tasvirga olish jarayonlarida inson omili ishtirok etmaydigan mazkur studiyada “Xabar 24” telekanali yangiliklar dasturi suratga olinadi.

Keyingi manzil “Ostona-opera” davlat opera va balet teatri. Shu yerda 2018 yil mart oyida Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili, deya eʻlon qilinishi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtgan. Unda mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, ikki halq oʻrtasidagi azaliy doʻstlik haqida iliq fikrlar bildirgan, Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev davlatimiz rahbarini birinchi darajali “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlagandi.

Qayd etish kerak, tantanali tadbir davomida N.Nazarboyev tilidan Alisher Navoiy va Abayning doʻstlik haqidagi hikmatli soʻzlari yangragan dargoh avval boshdanoq birdamlik va xalqlar tinchligi ramzi sifatida bunyod etilgan. Uning qurilishida 33 mamlakatdan quruvchi-muhandislar mehnat qilgan.

“Oʻzbekistonni doʻst deb bilamiz”

Ostonaning diqqatga sazovor joylarini koʻrish asnosida mahalliy aholi bilan mintaqadagi oʻzgarishlar, xalqlarimiz doʻstligi, bugungi hamkorlik aloqalari haqida ham suhbat qurish imkoni boʻldi.

Ana shunday samimiy suhbatlardan biri ochiq osmon ostidagi muzey “Atameken”ning dilkash xodimi Azamat Kushkumbayev bilan boʻldi.

– Oʻzbekiston Qozogʻistonning eng yaqin doʻsti, deb bilaman. Tarixchi boʻlganim bois Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlarining boy oʻtmishi haqida maʻlumotga egaman. Bizni yagona oʻtmish bogʻlab turganidek, birgalikdagi rivojlanishning istiqbolli yoʻllari bardavom boʻlishiga ishonaman. Davlatlarimiz rahbarlarining azmu shijoati bilan oʻzaro aloqalar yanada faollashdi. Bugun mamlakatimizga keluvchi sayyohlar oʻrtasida oʻzbekistonliklar birinchi oʻrinda turadi.

Azamat bilan oʻzbek va qozoq xalqlari tabiatidagi mardlik, sofdillik, insoniy fazilatlar, biz misolimizda esa yana necha avlod ana shunday doʻstlik suhbatini qurishlari haqidagi gurungimiz oʻzbek va qozoq tilida boʻlganining ham ramziy maʻnosi bordek edi. Ha, bu ikki xalq bugungidek bevosita, tilmochga ehtiyoj sezmagan holda asrlar davomida bir-birini tushunib kelgani barchamizga maʻlum haqiqat.

Texnika “moʻjizasi”

Ostona shahridagi “EXPO – 2017” xalqaro ixtisoslashgan koʻrgazmasi majmuasiga kirib xayolimdan oʻtgani mashhur “Ivan Vasilyevich kasbini oʻzgartiradi” filmidagi qahramonning gapi boʻldi: “Texnika moʻjizasini koʻrganmanu lekin bunaqasini...”

expo-2017-astana-s011113-a5.jpg

Oʻtgan yili bu yerda “EXPO – 2017” xalqaro ixtisoslashgan koʻrgazmasi boʻlgan, uning doirasida mamlakatimizning yashil energiya sohasidagi ilm-fan yutuqlari ham namoyish etilgandi. Koʻrgazmaning rasmiy ochilish va yopilish marosimlarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgandi.

Ayni paytda markaz sifatida faoliyatini davom ettirayotgan “EXPO-2017” majmuasi 170 gektardan ortiq maydonni egallagan. Kompleks hududidan zamonaviy tipdagi mehmonxona, anjumanlar zali, milliy, xalqaro, tematik va korporativ pavilonlar, savdo-sotiq, koʻngilochar va xizmat koʻrsatish obyektlari oʻrin olgan. Koʻrgazma binolari xalqaro ekologik standartlarga muvofiq qurilgan va energiyatejamkor texnologiyalar bilan jihozlangan.

Sirasini aytganda, bu yerda Qozogʻistonning 2050-yilgacha boʻlgan davrda suv, bio, issiqlik energiyalaridan foydalanishni samarali tashkil qilish loyihalari bilan tanishish mumkin.

Borovoye. Sayohat davom etadi

Qaysi davlatda boʻlmasin, temir yoʻllarga birdek taʻrif beriladi – mamlakat iqtisodiyotining qon tomiri! Bu bejiz emas. Mazkur tarmoq mamlakat sanoatini yurgizadi, qolaversa, odamlarning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qiladi.

“Qozogʻiston temir yoʻllari” tomonidan aholiga qulaylik yaratish, xizmat sifatini zamon talablari darajasida oshirish maqsadida 2017-yil may oyida yangi tipdagi “Nurli jol” vokzali foydalanishga topshirilgan ekan. Toshkentda boʻlgani kabi Ostonada ham ikkinchi vokzalning ochilishi poytaxtga kirib keluvchi yuk va yoʻlovchi poyezdlarining faoliyatini samarali boshqarish imkonini beryapti. Bizning Borovoye sayyohlik zonasiga sayohatimiz ayni shu yerdan boshlandi.

Ozero_Borovoe_2.jpg

Qozogʻistonning bepoyon kengliklari uzra, mamlakat shimolida, Ostona va Koʻkchatau viloyati oraligʻida joylashgan Borovoye hududiga yoʻl oldik. Borovoye zilol buloqlari, archalar bilan qoplangan yashil qoyalari, yaylovlar, koʻllar, turfa nabotot va hayvonot olami bilan nom qozongan. Uncha baland boʻlmagan tepaliklarning mavjudligi bu yerda ekstremal, ekologik turizmni rivojlantirishga yoʻl ochgan. Purviqor togʻlar, ignabargli daraxtlar, koʻllarning ajoyib uygʻunligi nafaqat hududning goʻzalligini, balki shifobaxsh iqlimni ham yaratadi.

Bu yerda oʻzbekona shirinlik va xushtaʻm ovqatlari bilan doim gavjum boʻlgan oʻzbek milliy oshxonalariga tez-tez duch keldik. Shu topda yurtimizda turizmning koʻplab turlari qatori gastronomik yoʻnalishini ham ommalashtirish borasidagi saʻy-harakatlar bejiz emasligiga ishonch hosil qildik.

Olmalar shahri

Olmalar shahri deya taʻrif beriladigan Almati mamlakatga tashrif buyuruvchilarning eng sevimli joyi. 1997-yilgacha Qozogʻiston Respublikasining poytaxti boʻlib kelgan shahar siyosiy-maʻmuriy poytaxt sifatidagi oʻrnini Ostonaga topshirgan boʻlsa-da, bugungi kunga qadar moliyaviy-iqtisodiy hamda madaniy markaz hisoblanadi. Shahar respublikaning janubi-sharqiy qismida, Alatou togʻi etaklarida joylashgan boʻlib, ekologik jihatdan oʻziga xos, iqlimi moʻtadil.

Shaharni sayr qilarkanmiz beixtiyor Oʻzbekiston yodga tushadi. Boisi bu yerda buyuk ajdodlarimiz nomi bilan ataluvchi koʻchalar, yoʻllarda harakatlanayotgan oʻzbegimning “Lacetti”, “Nexia”, “Spark” kabi mashinalarini har qadamda uchratish mumkin.

photo_222854.jpg

“Ular turli yurtlarda tugʻildi, ayro hayot kechirishdi, ammo bir maqsad yoʻlida kurashib, birgalikda vafot etdi.”

Ushbu soʻzlarga Almatidagi 28-pamfilovchilar gvardiyasi xotira maydonida bot-bot duch kelasiz. Ikkinchi jahon urushida vatan himoyasi yoʻlida mardlarcha halok boʻlgan oʻgʻlonlar xotirasiga atab qurilgan maydonda oʻzbek yigitlarining ham nomi bor. Bu yerga kelgan kishi borki, tinchlik uchun kurashgan xalqlar xotirasiga hurmat bajo keltiradi.

Meʻmoriy yodgorlikning ikki yonida biz uchun aziz boʻlgan xotiralarga duch keldik. Biri Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ekkan daraxt baravj oʻsayotgan xiyobon boʻlsa, ikkinchisi minglab eksponatlar qatorida oʻzbek mumtoz musiqa asboblari boʻlimi mavjud “Musiqa asboblari muzeyi”dir. Ayni shu joyda muzey xodimalari tarix haqida soʻzlay turib, Markaziy Osiyo, xususan, oʻzbek va qozoq xalqlarining oʻtmishi, hayot tarzi, urf-odat va anʻanalari oʻxshash, mushtarak ekanini faxr bilan tilga oladi.

Yurtga qaytish asnosida oʻzbekistonlik vatandoshimiz bilan uchrashuv safarimiz davomidagi eng yodda qoladigan onlar boʻldi.

Asli qoraqalpogʻistonlik sotuvchi ayol Aydin Yesbergenova shu yerda yasharkan. Suhbatimiz uning bolalik xotiralari, Oʻzbekistonda kechayotgan yangilanishlar haqida boʻldi.

– Tuman chekkasida yashardik. Koʻchalar tor, uylar pastqam edi. Bugun Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qishloqlar zamonaviy goʻshaga, chiroyda shahardan qolishmaydigan maskanlarga aylantirilayotgan ekan. Buni Jizzaxdagi “Manas” misolida koʻrib koʻzlarimga quvonch yoshlari qalqigani ham rost. Xalqlarimiz toʻyu tantanani bamaslahat, birgalikda oʻtkazishga odatlangan. Shu bahona tugʻilgan yurtga tez-tez borib turaman. Qarangki, bu yaqin orada bahonai sabab boʻlmagani uchunmi, Oʻzbekistonga borolmadim.

Suhbatdoshimni Oʻzbekistonga taklif qildim. Yaqin qoʻshni davlatlar bilan rivojlanayotgan faol aloqalar qatori oʻzbek va qozoq xalqlari hayotida ham yangi davr boshlandi. Ana shuning oʻzi katta toʻy ekani, bordi-keldilarning koʻpayishi dillarni-dillarga yaqinlashtirishini aytdim.

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA
2 952