20.08.2018 18:43 Chop etish versiyasi

O‘zbek va qirg‘iz xalqlarining sevimli ijodkori

O‘zbek va qirg‘iz xalqlarining sevimli ijodkori Toshkent viloyati Parkent tumanida “Chingiz Aytmatov o‘zbek xalqi uchun aziz va qadrli siymo“ mavzusida ijodiy kecha o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika qirg‘iz milliy madaniy markazi va Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shoir-yozuvchilar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida fidokorona faoliyat yuritgani, Prezidentimizning joriy yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida“gi qarori esa xalqlarimizning yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, adabiyot, madaniyat sohasidagi hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Darhaqiqat, atoqli adib nafaqat qirg‘iz elining, balki o‘zbek xalqining ham sevimli ijodkori edi. Uning “Yuzma-yuz”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yo‘li”, “Alvido, ey Gulsari”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, ayniqsa “Qiyomat”, “Jamila”, “Asrga tatigulik kun”, “Oq kema” kabi asarlari xalqimiz tomonidan sevib mutolaa qilinib, kitobxonlar qalbidan chuqur o‘rin egallagan.

Ijodiy kechada Chingiz Aytmatovning ana shunday durdona asarlari, yozuvchining hayoti va ijodi, o‘zbek xalqi va adabiyotiga bo‘lgan samimiy va do‘stona munosabati to‘g‘risida fikr yuritilib, adib haqidagi iliq xotiralar yodga olindi.

Kecha yakunida O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari tomonidan adibning “Momo yer” asari asosida sahnalashtirilgan spektakldan parcha, shuningdek, Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi “Marjon“ qirg‘iz ashula va raqs ansamblining musiqiy chiqishlari namoyish etildi.

Avaz Xudoyqulov, O‘zA
2 773