O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbek tili ulugʻlandi

Oʻzbek tili ulugʻlandi

Andijon shahridagi Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xiyobonida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganligining 30 yilligiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Viloyatdagi umumtaʼlim maktablari oʻquvchi va oʻqituvchilari, olim, yozuvchi va shoirlar, yosh ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda ona tilimiz jamiyat rivoji va xalqimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etishi, keyingi yillarda oʻzbek tilining oʻziga xos jihatlari, goʻzal jilolarini asrab-avaylash, mazmunan boyitish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilayotgani, Prezidentimizning 2019-yil 4-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga koʻtarishda dasturilamal boʻlayotganligi taʼkidlandi.

– Oʻzbek tili millatimizning, oʻzligimizning timsolidir, – deydi Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Furqatbek Buzrukov. – Har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, yoshlarimiz mana shu haqiqatni anglay bilsin. Tilimizni hurmat qilsin, uni asrab-avaylab, mazmunan boyitishga oʻz hissasini qoʻshishi lozim.

Tadbirda oʻquvchilar tomonidan ona tilimizni madh etuvchi sheʼr, kuy va qoʻshiqlar ijro etilib, sahna koʻrinishlari namoyish etildi.

– Ona tilimiz bizning boyligimiz, faxrimiz, millatimizning ruhi, – deydi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi oʻquvchisi Bokira Moʻydinova. – Shu bois uni har birimiz asrab-avaylamogʻimiz, hurmat va ehtirom koʻrsatmogʻimiz kerak. Tilimizni unutsak, oʻzligimizni yoʻqotgan boʻlamiz. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning quyidagi misralari hamisha yodimizda boʻlsin:

Ona tilim, sen borsan, shaksiz,

Bulbul kuyin sheʼrga solaman.

Sen yoʻqolgan kuning, shubhasiz,

Men ham toʻti boʻlib qolaman.

Viloyatdagi mehnat jamoalari, taʼlim muassasalarida til bayramiga bagʻishlangan bu kabi tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Taʼlim muassasalarida “Ona tilim, faxrim, gʻururim” mavzusida darslar oʻtkazilmoqda.

518
Faxriddin UBAYDULLAYEV, Zuhriddin UMURZOQOV (surat), OʻzA