O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbek rassomlari Xitoyda

O‘zbek rassomlari Xitoyda

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zolarining Xitoy Xalq Respublikasining Xanchjou shahriga ijodiy safari doirasida mazkur shaharda mamlakatimiz mo‘yqalam sohiblarining ijod namunalaridan iborat badiiy ko‘rgazma tashkil etildi.

Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona aloqalar tobora ravnaq topayotgani ta’kidlandi. O‘zaro madaniy aloqalar, jumladan, “Bir makon, bir yo‘l” dasturi doirasida ijodiy hamkorlik ko‘lami kengayib borayotgani e’tiborga molikdir. 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov san’at va madaniyat har doim xalqlar va davlatlarni bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qilgani, bugungi kunda o‘zbek-xitoy rassomlarining ijodiy hamkorligi ko‘lami tobora kengayib borayotganini qayd etdi.

O‘zaro tajriba almashinuvlar, o‘zbek rassomlarining ko‘rgazmalarini Xitoyda, xitoylik rassomlarning ko‘rgazmalarini O‘zbekistonda o‘tkazish jadal tus oldi. Bu kabi tadbirlar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, san’atidan bahramand bo‘lishga xizmat qilishiga shubha yo‘q. 

Darhaqiqat, yurtimiz rassomlari milliy tasviriy san’atimizning boy an’analari, betakror uslub va yo‘nalishlarni o‘z ijodida aks ettirgani bilan nainki mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham shuhrat qozonmoqda. Betakror qadriyatlarimiz, tabiat manzaralari, borliqqa musavvirlarning teran nigohi bilan nazar solinishi asosida ishlangan kartinalar xitoylik nafis san’at muxlislarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

O‘zbek rassomlari delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi kunlarida “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasida o‘zaro hamkorlikni davom ettirish, ijodiy sohada tajriba almashinuv istiqbollariga oid masalalar muhokama etildi.

Yurtimiz rassomlari delegatsiyasi Xanchjou Badiiy akademiyasiga tashrif buyurib, akademiyada yo‘lga qo‘yilgan o‘quv jarayoni bilan tanishdi. Tashrif doirasida Xanchjou Badiiy akademiyasi mutasaddilari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hamkorlikning yangi, istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Xanchjou Badiiy akademiyasi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolash masalasi muhokama qilindi. Kelgusida hamkorlik memorandumiga oid amaliy taklif va xulosalar ishlab chiqilishiga kelishib olindi.

1 239
N.USMONOVA, O‘zA