O‘zA O`zbek

10.12.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbek rassomi nigohidagi Xitoy

O‘zbek rassomi nigohidagi Xitoy

Ijodkor uchun bugun jamiyatimizda ko‘plab imkoniyatlar yaratilgan. Dunyo mamlakatlaridan yurtimizga tashrif buyurayotgan yuzlab shoir va yozuvchilar, rassom va olimlar kabi o‘zbekistonlik ijodkorlar ham xorijiy mamlakatlarda bevosita ijodiy safarlarda bo‘lib, millatimizning ma’naviy, ma’rifiy qiyofasini dunyo miqyosida namoyish etayotir.

Madaniy meros departamenti Toshkent shahar madaniy meros boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston rassomlar uyushmasi a’zosi, me’mor va rassom Shavkat Muzaffar Xitoy taassurotlari haqida muxbirimizga so‘zlab berdi:

– Xitoy Xalq Respublikasining yurtimizdagi elchixonasi granti asosida bir nechta hamyurtlarimiz bilan ushbu mamlakatga borish nasib etdi. Safar dasturi juda boy va qiziqarli bo‘ldi. Dastur o‘z ichiga qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, qiziqqanlar uchun an’anaviy Xitoy tabobati kurslari, madaniy meros yodgorliklariga, muzey va galereyalarga, tabiat maskanlariga sayohatni va shu bilan birga mening kichik ko‘rgazmamni o‘z ichiga olgan edi. Samolyotimiz tongda mamlakat poytaxti Pekin shahriga borib qo‘ndi. Bojxona rasmiyatchiligidan so‘ng, bizni ulkan aeroport ostonasida men va yo‘ldoshlarim ismi, mamlakatimiz nomi bitilgan yozuvni ko‘targan mezbonlar vakili kutib oldi. “Audi” limuzinda mehmonxonaga bir soatlar chamasi katta va uzun yo‘ldan ketdik. Ertalab boshqa mamlakat vakillari ham yetib kelishdi. Ular orasida Mo‘g‘uliston, Hindiston, Liberiya, Nepal, Chexiya davlatlaridan kelgan vrachlar, olimlar, musiqachilar va boshqa kasb egalari bor edi.

Biz ular bilan tanishib, tezda do‘stlashib ketdik. Men, ayniqsa, suhbatdoshiga doim tabassum bilan boquvchi hindistonlik samimiy yigit – professor Ravi Sharma, nepallik Radxa va mo‘g‘ilistonlik Naomin bilan tez chiqishib ketdim. Bu borada maktab davrida o‘rgangan chala-chulpa ingliz “tilim” bir oz qo‘l keldi. Havo 35 daraja issiqdan oshmasligiga qaramasdan kiyimlarimiz jiqqa ho‘l bo‘ladi. Chunki havoda namlik darajasi juda baland. Kir yuvsangiz, 3 kunda quriydi. Borgan kunimiz mezbonlar har birimizga soyabon berishganida hayron bo‘lgandik. Chindan ham yoz bo‘lishiga qaramasdan kun ora yomg‘ir yog‘ar edi. 

Mamlakat poytaxti Pekin xitoy tilida “Beyszin“– shimoliy poytaxt deb atalarkan. Pekin zamonaviy va tarixiy shahardir. Ko‘chalar 30-40 yil avval qat’iy reja asosida asosan to‘rtburchak dahalar tarzida qayta rejalashtirilgan, imkon qadar tarixiy qismidagi ko‘cha va binolar saqlangan. Biz dastlab “Yozgi saroy” kompleksi, keyin esa Tyananmen maydoni va “Yopiq shahar” obidalari bilan tanishdik. Yopiq shahar juda ulkan hududdan iborat, atrofini kanal o‘rab turadi. Mazkur obida imperatorning qarorgohi hisoblanib, unda saroylardan tashqari, haramlar, xizmatkor, kanizak va g‘ulomlar uchun binolar, oshxonalar, omborlar va ibodatxonalar o‘rin olgan. Mehmonxona konferens zalida Xitoy davlati tarixi, geografiyasi, davlat tuzimi, aholisi, urf-odatlari, xitoy tili va boshqalar haqida ingliz tilida ma’ruzalar bo‘ldi.

Quyidagilarni bilib oldik: Xitoyda davlat tili xitoy tilidir. Umume’tirof etilgan yozuv – xitoy ieroglifikasi. Ierogliflar 6000 yildan ortiq vaqtdan beri mavjud. Ular jism va harakatlarni rasm orqali ifoda etish natijasida paydo bo‘lgan harflar emas, balki so‘z bo‘g‘inlari hisoblanadi. Xitoy kalligrafiyasi san’at darajasiga ko‘tarilgan. Uning yozuv uslublari juda ko‘p...

Do‘konlari har kuni soat 9.00 dan soat 19.00 gacha ochiq bo‘ladi. Eng yirik shaharlarda soat 22.00 gacha ishlaydi. Xususiy magazinlarda va ayrim gipermarketlarda savdolashish mumkin. Hattoki rus tilida biyron so‘zlovchi xitoy sotuvchilarini uchratdik. Xitoyda og‘irlik birligi – 1 szin = 0,5 kg, mahsulot narxini sizga aynan 1 szin uchun aytishadi.Ulkan gipermarketlaridan tashqari ko‘plab xususiy do‘konlar mavjud. Ayrimlari o‘ta ixcham bo‘lishidan qat’i nazar, ichida odam jonidan boshqa hamma narsa topiladi va narxlar ancha arzon.

Xitoy taomlari juda xilma-xil. Unda sabzavot, guruch va dukkakli o‘simliklar, poliz ekinlari, oddiy va dengiz ko‘katlari, go‘sht va dengiz mahsulotlari keng o‘rin olgan. Nonni juda kam yeyishar ekan. Xitoyda ko‘plab xalqlar yashagani bois, taomlari ham rang-barang. Janubiy provinsiyalarga borgansari ovqatlar ham ekzotik bo‘lib boraveradi. Pekinda asosan baliq, parranda go‘shti (tovuq, g‘oz, o‘rdak), qisqichbaqalar yeyilsa, janubroqda nozik mehmonlarga qurbaqa va chig‘anoqlar tortiladi. Menga, ayniqsa, Pekincha o‘rdak juda yoqdi. Uni ham tandir kabob singari tandirda pishirishar ekan.

Xitoyda rasmiy bayramlar: yanvarda Yangi yil, yanvar-fevral oylarida Bahor bayrami, (Xitoy oy taqvimi bo‘yicha Yangi yil bayramida uch kun dam olish), 8 mart (Xalqaro xotin-qizlar kuni), 12 mart (Ko‘chat o‘tqazish kuni), 1 may (Mehnatkashlarning birdamlik kuni), 4 may (Xitoy yoshlari kuni), 1 iyun (Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni), 1 avgust (Xitoy xalq ozodlik armiyasi kuni), 10 sentabr (O‘qituvchilar kuni), 1 oktabr (XXR ning milliy ta’lim bayrami, ikki dam olish kuni). Xitoyning turli provinsiyalarida mahalliy bayramlari ham bor. Mamlakat avtomobil yo‘llari tarmog‘i bilan qoplangan, tekis joylarda avtomobil yo‘llari har bir posyolka markazigacha yetadi. Shaharda ba’zan 3 qavatli estakadalarni ko‘rish mumkin. Bularda transport vositalari turli tezlikda harakat qiladi. Xitoyda yengil avtomobillarni ishlab chiqarish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va Volkswagen, Toyota, Peuogeot, Citroen, Honda, Renault, Nissan, BMW kabi chet el ishlab chiqaruvchilari bilan qo‘shma korxonalar tuzilgan. Ko‘chalarda ushbu avtomobillarning eng so‘nggi nusxasini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Xitoyning mini avtomobillari – kupelar ham ko‘p.

Dunyoga mashhur an’anaviy xalq tabobatiga asoslangan Siyuan gospitali bilan tanishdik. Bu yerda 2000 dan ortiq turdagi tabobat uslubi asosida davolashar ekan. Hech qanday ukol, operatsiya, kapelnitsa (osma ukol) yo‘q, faqat nuqtali uqalash, massaj, fizoterapiya, kompres, igna qo‘yish, fitoterapiya, nuqtaga ta’sir etuvchi dorivorli plastirlar va boshqa turdagi muolajalarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, suratga tushirdik. O‘zimizga ham kerakli muolajalar olish imkoniyati yaratildi va bir-ikki haftada bu muolajalarning yuqori samarasini ko‘rdik.

Yaratganga shukrki, ayrim dardlarimizdan butkul xalos bo‘ldik. Umuman olganda, xitoy tabobati bu nafaqat tabobat, bu chuqur falsafa, psixologiya, san’at, musiqa, madaniyat, etika va estetikaning yig‘indisi ekanligiga amin bo‘ldim. Asosiy urg‘u in va yan quvvatining uyg‘unligiga urg‘u beriladi. Har bir muolajaning o‘z soati va vaqti bor. Unga yondashuvning o‘zi bir katta madaniyat. Muolaja vaqtida insonning ruhiy holati muvozanati, asablari tinchligi o‘ta muhim. Birorta tabobat xodimining yuzida asabiylik, taranglikni ko‘rmadim. Aksincha barchalari samimiyat bilan boqishadi, sizni diqqat bilan tinglashadi. Harakatlari ham tez sur’atda, chaqqon bo‘lishiga qaramay, juda nafosatli, mayin edi. Har qanday insonga alohida mehr bilan munosabatni sezish qiyin emas. 

Kechki ovqatdan keyin ko‘pchilik ishtirokchilar basseyn va diskotekalarga yo‘l olsa, kamina ko‘rgan manzaralarimni suvbo‘yoq yordamida qog‘ozga tushira boshladim. Safar yakunida 30 ga yaqin akvarel va xitoy hattotligi bo‘yicha asarlarim tayyor bo‘ldi. Ko‘rgazma qilish niyatim borligini asta-sekin Majo ismli kurator qizga aytdim. U esa ishonmay xonamga kelib, asarlarni ko‘rib ketdi va sevinchi ichiga sig‘may, nima yordam kerakligini so‘radi. Menga shu ulkan mehmonxonaning xoll qismida ko‘rgazma qilish imkoni bo‘lsa, yetarligini bildirdim. U rahbariyat bilan maslahat qilib, javobini aytishni ma’lum qildi...Tez orada o‘zbekistonlik Shavkat rasmlari ko‘rgazmasini qilmoqchi ekan, degan xabar safardoshlarim orasida tarqaldi. Meni yanada hurmat qila boshlashdi. 1 sentabr kuni hamyurtim Danaxon erinmasdan kartadan O‘zbekiston elchixonasini topib borib, yurtimiz bayrog‘ini keltirdi. Bayroqni devorga osib qo‘ydik. Bu kecha mehmonxona restoranida katta bayram bo‘ldi. Mehmonxonada “Andijon polkasi”dan tortib, “Lazgi”gacha, Munojot Yo‘lchievanning munojotlari-yu va men tanimaydigan allaqanday zamonaviy estrada xonandalarining qo‘shiqlari yangradi. Hamma yurtdan kelganlar bilganlaricha o‘zbekcha o‘yinga tushdilar. Va nihoyat 5 sentabrda sayohat-trening tantanali yopilish marosimi kuni kaminaning Pekindagi shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotchilar, “Siyuan” gospitali va juda ko‘p yurtlardan kelgan mehmonlar ishtirok etishdi. O‘sha kunlari Arab va Afrika mamlakatlaridan kelgan mehmonlar ham ko‘p edi. Ko‘rgazmaning o‘ng burchagida arab kalligrafiyasida yozilgan oqqush shaklidagi “Bismilloh” so‘zlari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Shuningdek, manzaralardan tashqari xitoy kalligrafiyasida yozilgan eng ezgu so‘zlar yozilgan asarlar ham bor edi. Ko‘rgazmaning bir chetida o‘zlariga bildirmay chizilgan safardoshlarimning qoralama portret va sharjlari hammaning kayfiyatini ko‘tardi. Barchalari kelib, meni quchoqlab o‘z tashakkurlarini izhor qildilar. Kalligrafiya asarlarimni meni muolaja qilib davolagan “Siyuan” gospitali vakillariga sovg‘a sifatida topshirdim. Bu mendan art terapiya muolajasi, deya hazillashdim... Ular quvonchining cheki yo‘q edi. Bu yurtda ham rassomlarning, san’at asarlarining qadri baland ekanligini his qildim. 

5 968
Ozoda BEKMURODOVA, O‘zA