O‘zA O`zbek

03.06.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbek multfilmlari va tanish muammolar...

Oʻzbek multfilmlari va tanish muammolar...

Oʻzbek multfilmlaridan qaysilarini eslay olasiz? Soʻnggi bir, ikki yil ichida oʻzimizning ijodkorlar tomonidan ishlangan multfilmlarga koʻzingiz tushdimi? Bolajon xalqmiz deymizu, lekin bolalarga qanday filmlar bera oldik?

Oʻzbekiston aholisining 9 milliondan ortigʻini 14 yoshgacha boʻlgan bolalar tashkil etadi. Aholining katta qismi bolalardan iborat boʻlgan yurtimizda yiliga taxminan 10 ta atrofida multfilm ishlab chiqariladi. Ana shu 10 dona multfilm bolalarimizga qanchalik tanish ekanini esa oʻzingiz yaxshi bilasiz.

Oʻzbek milliy animatsion kinolari muammolarini 2018-yilda Nozim Toʻlaxoʻjayev oʻz intervyusida sanab oʻtgan edi. Unda texnika, yaxshi ssenariy, mablagʻ, kadrlar muammosi va sohaga yaqin kishilarda oʻzbek multiplikatsiyasi istiqboliga ishonch qolmagani aytib oʻtilgan.

Mavjud muammolarning salmogʻiga eʼtibor bering, ular multiplikatsiya sanʼati qay darajada ekaniga ishora qiladi. Kuni kecha oʻzbek multfilmlari muhokamasiga bagʻishlangan kichik yigʻilishda oradan ikki yil oʻtgan boʻlsa-da, afsuski yana oʻsha tanish muammolar qayta sanab oʻtildi. Albatta, “Multiplikatsion filmlar studiyasi” davlat unitar korxonasi vakillari erishilgan yutuqlarni ham tilga olishni unutmadi. Ularga koʻra, YUNESKO tomonidan studiyaga 4 ta kompyuter sovgʻa qilingan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida multiplikatsiya sanʼati boʻyicha maxsus yoʻnalish ochilgan va unda hozirda 9 nafar talaba tahsil olmoqda, Rossiyaning “Soyuzmultfilm” studiyasiga malaka oshirish maqsadida sayohat uyushtirilgan hamda milliy qahramon obrazini yaratish uchun tanlov eʼlon qilingan. Erishilgan yutuqlar - kamchiliklar oldida naqadar jonsiz.

BIZ SEVGAN MULTFILMLAR QANCHA TURADI?

“Nemoni izlab” (2003) multfilmning bir soniyasi uchun 21 027, “Ratatuy” (2007) 25 759, “Rapunsel” (2010) 49 059 AQSH dollari sarflangan. Tabiiyki, ushbu multfilmlar sarflangan xarajatni koʻp hissa daromad bilan oqlagan. Yana shunday katta mablagʻ sarflab, Gollivud kinolaridan-da koʻproq daromad keltirgan multfilmlar sifatida “Shrek” (umumiy byudjeti 160 mln. AQSH dollari, “Qoʻgʻirchoqlar tarixi” (200 mln. AQSH dollari) kabilarni keltirish mumkin. Bu albatta, butun jahon miqyosida katta auditoriya toʻplagan multfilmlardir.

Toʻgʻri , biz hali oʻz bolalarimiz uchun qoniqarli biror narsa ishlay olmaganimizda jahonga taqqoslashga ertadir. Ammo, shuni bilingki, 2017-yillarda jahon reytingiga chiqa olmagan Rossiya multfilm ijodkorlari uch yil ichida katta toʻrttalikka kirib ulgurgan. 2017-yilga koʻra Rossiyada 10 tacha xususiy multiplikatsion studiyalar boʻlgan boʻlsa, hozirga kelib ularning soni 70 dan ortdi. Bu studiyalar ayni paytda daromadli asarlar yaratmoqda. Qozogʻiston multiplikatsiyasi ham mamlakat ichida boʻlsa-da, oʻz auditoriyasini topib ulgurgan. Mustaqil studiyalar salmogʻi ham katta va eng asosiysi, muvaffaqiyatli multfilmlar ishlangan. Xususiy firmalarda 2D, 3D multfilmlar soniyasi taxminan 100 — 200 ming soʻm atrofida baholanmoqda. Umuman olganda, AQSHdan tashqari koʻpgina mamlakatlarda multfilmlar davlat mablagʻiga olinadi va bizdan farqli tarafi oʻsha multfilmlarni bolalar yaxshi biladi va koʻradi. Bizda esa shu vaqtgacha ishlangan 200 dan ortiq multfilmlardan nechtasini sanab bera olasiz, asosiysi, ularni farzandingiz biladimi?

30 YILLIK VAQT MILLIY QAHRAMON YARATISH UCHUN KAMLIK QILDIMI?

Oʻzbek multiplikatsiya sanʼati kecha paydo boʻlgan emas. U salkam 50 yillik tarixga ega. Bir vaqtlar ishlangan multfilmlarni hamon yaxshi koʻramiz. Soha vakillari ikki yil avval doimiy yigʻilishlarining birida islohotlar boshlangani va tez orada natija berishini aytib oʻtgandi. Biroq, oʻsha aytilgan islohotlar shamoli kechagi yigʻilishda sezilgani yoʻq. Multfilmdagi milliy qahramon obrazi ustida esa 30 yildan beri bosh qotirilmoqda. Ammo, bu vaqt bolalarimizning sevimli milliy qahramoni yaratilishiga negadir kamlik qilmoqda. Agar u yaratilib bundan jamoatchilik bexabar qolgan boʻlsa, ayting, biz jurnalistlar uni ommaga tanishtiraylik.

“Multiplikatsion filmlar studiyasi” DUK vakilining aytishicha, Oʻzbekistonda 10 daqiqalik multfilmlar uchun oʻrta hisobda 500 — 600 million soʻm miqdorida pul ajratiladi. Multfilm ssenariysi esa oʻrtacha 1 yarim million soʻm turadi. Bu talabalarning stipendiyasidan biroz koʻproq. Ssenariy uchun shuncha mablagʻ sarflab nega multfilmlarda milliy qahramon obrazi yaratilmayapti, deb ayyuhannos solamiz. Xorijda birgina multfilm ekranga chiqishi uchun 200 dan ortiq mutaxassis ishlaydi, bizda esa “multiplikatsion filmlar studiyasi” DUKda 17 nafar doimiy xodim ishlab keladi. Mazkur studiya xodimining soʻzlariga koʻra bugun yoshlar orasida multiplikatsiya sanʼatiga qiziquvchilar koʻp emas. Ushbu sohada oʻqiyotgan talabalarni esa xorijda malaka oshirib qaytishga moliyaviy imkoniyat yaratib berish zarur. Aks holda, bolalarimiz xorijning “Choʻchqacha Pepe” multfilmlarini havas bilan tomosha qilib yuraveradi.

2019-yilda “Multiplikatsion filmlar studiyasi” davlat unitar korxonasi tomonidan 10 ta multfilm ishlanishi rejalashtirilgan va quyidagi 5 ta kartina yakuniga yetkazilgan:

“Charxpalak”, byudjeti — 526 434 189 soʻm.

“Mening goʻzal yashil rangim”, byudjeti — 230 925 569 soʻm.

“Sehrli tanbur”, byudjeti — 782 184 560 soʻm.

“Par yostiq”, byudjeti — 472 789 045 soʻm.

“Qoʻzichoq, nay va qaroqchilar”, byudjeti — 291 531 078 soʻm.

Joriy yilda ushbu multfilmlar ishi yakunlanib, bolalarga taqdim etilishi kutilmoqda.

“Samarqand noni”, byudjeti — 281 585 145 soʻm.

“Zagʻcha”, byudjeti — 275 296 667 soʻm.

“Charxpalak-2”, byudjeti — 272 502 889 soʻm.

“Qaldirgʻoch bilan mayna”, byudjeti — 266 298 669 soʻm.

Mazkur multfilmlar uchun umumiy miqdorda 3 399 547 811 soʻm sarflangan.

Xususiy studiyalar tomonidan quyidagi multfilmlar ishlangan.

“Kenja botir”, byudjeti — 338 627 819 soʻm.

“Sayyoh” 3D, byudjeti — 499 822 263 soʻm.

"Avtosarguzashtlar”, byudjeti — 499 782 916 soʻm.

Yuqorida sanalgan asarlar orasida farzandingizning sevimli multfilmlari bormi? Balki, ularni efirga berishda telekanallarimiz sustlik qilyaptimi? 1-iyun kuni efir yuzini koʻrgan "Avtosarguzashtlar” multserialidan tashqari roʻyxatdagi qaysi kartinani yaxshi bilasiz? 3 milliarddan ortiq mablagʻ qanchalik oʻzini oqlagan?

Oʻzbek multfilmi sanʼati balki, kinodagi kabi xususiy studiyalarga keng imkoniyat berishi kerakdir. Ular har holda rejani bajarish uchun emas, oʻz oʻrni va mavqei, auditoriya toʻplash uchun ishlashi aniq-ku. Qolaversa, "Avtosarguzashtlar” multfilmi ham xususiy studiya tomonidan ishlangan. Nazarimizda, har sohani rivojlantiruvchi motori raqobat boʻlsa kerak. Bu “Multiplikatsion filmlar studiyasi” yigʻilishlarining birida qilingan xulosalar xolos. Agar soha vakillarida taklif va munosabatlar boʻlsa, ularga minbarimiz ochiq.

1 436
OʻzA