O‘zA O`zbek

11.09.2018 20:35 Chop etish versiyasi

Oʻzbek milliy matolari jilosi dunyoni maftun etmoqda

Oʻzbek milliy matolari jilosi dunyoni maftun etmoqda
Koʻhna va navqiron Margʻilon shahrida “Atlas bayrami” anʼanaviy toʻqimachilik festivali boʻlib oʻtmoqda. Toʻrtinchi bor oʻtkazilayotgan tadbir YUNЕSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Hunarmand” uyushmasi, YUNЕSKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi va Fargʻona viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Margʻilon – qadimiy va boy tarixi, betakror madaniyati bilan shuhrat qozongan shaharlarimizdan. Margʻilon deganda, koʻzimiz oʻngida kamalak ranglarda tovlanuvchi atlasu adraslarga boy koʻhna shahar namoyon boʻladi. Yuzida hayo ufurib turganqizlari ming kokilini maydalab oʻrib, boshiga egnidagi adrasga monand iroqi doʻppisini kiyib olsa, koʻzingiz qamashadi. Sehrli lutfi sizni moʻʼjizalar olami tomon yetaklaydi. Shu diyorda mangu qolgingiz kelaveradi…

Baʼzan samoda tabiatning goʻzal malagi – kamalak paydo boʻladi. Uning ajib tarovatli ranglari oʻz jilosini koʻz-koʻz aylab, falakda ranglar oʻyinini hosil qiladi. Aslida ustazoda toʻquvchilar tomonidan yaratilgan xonatlas, xosiyatxon atlaslarning yorqin ranglari kamalakni-da dogʻda qoldirguvsi…

Darhaqiqat, oʻzbek milliy matolari tarixi qadim davrlarga borib taqaladi. Oʻzbek hunarmandlarining qalb qoʻridan yaralgan atlas, adras, beqasam kabi bir-biridan bejirim, serjilo matolar gʻoyat qadrlidir. Xususan, Margʻilon ipak matolari rang-barang koʻrinishi, maftunkor naqshli jozibasi bilan alohida ajralib turadi. Qaldirgʻoch qanotidek nafis qayrilma chiziqlar toʻquvchi mehri, yuksak didi bilan matolarda aks etgan gul va chamanlar kishini oʻziga sehrlab qoʻyadi. Shy bois, margʻilonlik hunarmandlar tomonidan yaratilgan mahsulotlar asrlar davomida eʼzozlanib, eʼtibor topib kelmoqda.

Margʻilon hunarmandlari yaratgan gilamlar, ipak matolar, zargarlik va zardoʻzlik buyumlari, sopol idishlar dunyoning turli mamlakatlaridan keladigan sayyohlarni bugun ham hayratga solmoqda.

Anʼanaviy “Atlas bayrami” toʻqimachilik festivali milliy hunarmandlikni rivojlantirish, targʻib qilish, hunarmandlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda turizmni yanada ravnaq toptirishga xizmat qilmoqda. Joriy yilda ham mazkur tadbirga katta tayyorgarlik koʻrildi. Festival xalqaro miqyosda nishonlanmoqda. Unda Rossiya, Xitoy, Ispaniya, Fransiya, Moʻgʻuliston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi 30 dan ziyod mamlakatlardan kelgan ustalar, rassomlar, soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Festival doirasida Buyuk ipak yoʻli anʼanaviy toʻqimachiligi mavzusida ekspertlar kengashi, “Buyuk ipak yoʻlidagi Sharq va Gʻarb taʼsiri: Xanchjou, Margʻilon, Valensiya“ mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkaziladi. “Hunarmandlar shaharchasi“ deb nomlangan amaliy sanʼat buyumlari yarmarkasi, Oʻzbekiston modelyerlari shou-defilesi, konsertlar, kurash musobaqasi, dorbozlar tomoshasi, qoʻgʻirchoq teatrlari chiqishlari ham tomoshabinlar va sayyohlarga manzur boʻlishi tayin.

– Oʻtgan yili oʻzbek ipak matolari – atlas va adras toʻqish texnologiyasi YUNЕSKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritildi, – deydi “Hunarmand” uyushmasining Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi Rasuljon Mirzaahmedov. – Margʻilon azaldan atlas va adras tayyorlash markazi boʻlib kelgan. Yoʻqolib borayotgan anʼanalarni tiklash va asrab-avaylash maqsadida 2007 yilda Margʻilonda hunarmandchilikni rivojlantirish markazi ochilib, hozirga qadar atlas va adras matolarini tayyorlash texnologiyasini saqlash, rivojlantirish va ommaviylashtirish bilan shugʻullanib kelmoqda. “Atlas bayrami” milliy ipak matolarimizni jahon miqyosida keng targʻib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda shaharda atlas, adras, beqasam va shoyi toʻqish bilan 500 dan ortiq usta shugʻullanadi. Ularga yordam beruvchi oila aʼzolari va shogirdlari bilan hisoblaganda 3000 dan ortiq odam shu kasbda ishlaydi. Markaz ustalari qadimiy matolar va tabiiy boʻyoqni, shuningdek, boshqa maktablar matolarini tiklashda faol ishtirok etmoqda. Ustazodalardan sanalgan Rasuljon Mirzaahmedov oʻzi yaratgan ajib matolarbilan dunyoning mashhur dizaynerlari nazariga tushgan. Masalan, amerikalik taniqli dizayner Oskar de la-Renta oʻzining liboslar kolleksiyasini margʻilonlik hunarmand ishlab chiqargan ipak baxmal va adraslardan yaratgan. HunarmandBuxoroning muzeylardagina saqlanib qolgan “Aʼlo baxmali”, Xorazmning “Turma belbogʻ” va “Alocha” matolarini qayta tikladi.

Ha, atlasu adras nafaqat bebaho boyligimiz, balki azaliy qadriyatlarimiz bilan yoʻgʻrilgan nafis sanʼat namunasidir. Unda xalqning uzoq oʻtmishi, qadimiy anʼanalari, didi, estetik qarashlari va oʻziga xos xususiyatlari mujassam. Hunarmandlarimiz tomonidan qadimiy namunalar asosida ishlab chiqarilayotgan “Margʻilon”, “Navroʻz”, “Rasadxona”, “Bibixonim”, “Bargi karam”, “Chaqirim”, “Namozshomgul”, “Qora koʻzim”, “Begoyim”, “Oʻzbekiston goʻzali”, “Qoʻchqorshox”, “Guldasta”, “Kelinchak atlas” deb nomlangan ipak matolarga bugun dunyo miqyosida qiziqish yuqori. Zero, harir, serjilo va yorqin boʻyoqlari, bir-biriga uygʻunlashgan naqshlari bilan maftun etadigan bu matolar hunarmandning qalb qoʻri, mehri, halol mehnatidan soʻzlab turadi.

“Atlas bayrami" festivalining amaliy oʻquv-mashgʻulotlari Margʻilon shahridagi hunarmandchilikni rivojlantirish markazida boʻlib oʻtmoqda. Festivalning oʻquv-seminar treningi, yaʼni mahorat saboqlari oʻtkaziladigan shinam zaliga xalqimizning asl qadriyatlarini mujassam etgan, mohir toʻquvchilar qoʻli bilan yaratilgan qadimiy milliy liboslar – ayollarning paranjisi-yu chimmatidan tortib erkaklarchoponi-yu doʻppisigacha terib qoʻyilgan. Oʻta did va mahorat bilan toʻqilgan goʻzal, bejirim naqshli soʻzanalar, kashtalar, gilamlar beqiyos joziba, chiroy kasb etgan.

Anʼanaviy toʻqimachilik va tadbirkorlik boʻyicha amaliy treningni yurtimizdagi mashhur hunarmandlar bilan birga, Moʻgʻuliston, Bangladesh kabi davlatlardan kelgan mutaxassislar olib bormoqda.

– Ushbu nufuzli festivalda ikki yildan buyon ishtirok etib kelmoqdaman, – deydi bangladeshlik dizayner Bibi Rassel. – Oʻzbekistonda milliy ipak matolardan tayyorlanayotganmahsulotlar butun dunyoni hayratga solib kelmoqda. Ayniqsa, mana shu matolardan tayyorlangan liboslar oʻzbek qizlarining husnu latofatda, kiyinishda ham tengsiz ekanini koʻrsatadi. Oʻtkazilayotgan amaliy mashgʻulotlarda yosh dizaynerlarning gʻoya va tashabbuslari meni hayratga solmoqda. Ularning dizayni asosida tayyorlanayotgan liboslar festivalda namoyish etilishi ham katta imkoniyatdir.

Ha, Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Margʻilon bugun nufuzli festivalga mezbonlik qilmoqda. Mazkur festivalning asosiy tadbirlari shahardagi ijodkorlar bogʻida boʻlib oʻtadi.

Maʼsudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat) OʻzA
2 035