O‘zA O`zbek

17.08.2018 23:57 Chop etish versiyasi

O‘zbek adabiyoti yana bir chinoridan ayrildi

O‘zbek adabiyoti yana bir chinoridan ayrildi

O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva vafot etdi.

Halima Xudoyberdiyeva 1947-yil 17-mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida Ummatqul Xudoyberdi o‘g‘li va Shafoat Xonnazar qizi oilasida dunyoga kelgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1992). Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). “Saodat” jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1972-75), bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir (1982-94), Yoshlar nashriyotida bo‘lim mudiri (1978-82), O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi (1990-94), “Yozuvchi” nashriyotida yetakchi muharrir (1996-98), “Sanam” jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari (1998-2003), 2004 yildan “XXI asr” gazetasida bo‘lim muharriri bo‘lib ishlagan.

Halima Xudoyberdiyevaning ilk she’rlari o‘quvchilik yillarida Yangiyer tumani gazetasida bosilgan (1964). Shundan keyin uning “Ilk muhabbat” (1968), “Oq olmalar” (1973), “Chaman” (1974), “Suyanch tog‘larim” (1976), “Bobo quyosh” (1977), “Issiq qor” (1979), “Sadoqat” (1983), “Muqaddas ayol” (1987), “Bu kunlarga yetganlar bor”, “Hurlik o‘ti” (1993), “To‘marisning aytgani” (1996) “Yo‘ldadirman” (2005) va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan.

Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek she’riyatiga samimiy insoniy tuyg‘u va fazilatlar — sevgi va sadoqat, mehr va muruvvatni tarannum etuvchi shoira, o‘zbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisi sifatida kirib keldi. U dastlabki she’riy to‘plamlaridan boshlab o‘z ijodida ayol va ona obrazlarining sehrli qirralarini ochishga, ularning nafaqat jamiyatning to‘laqonli va faol a’zolari, balki shu jamiyatning ko‘rki va bezagi ekanligini uqtirishga intildi. Uning tasavvuridagi ayol har qanday xalq va mamlakatning kelajagi — sog‘lom va barkamol yoshlarni yetkazib beruvchi mo‘jizaviy kuchdir. Halima Xudoyberdiyeva ayni shu nuqtai nazardan o‘zbek ayollarining o‘y-xayollarini, ichki kechinmalarini yorqin tasvirlaydi, zamondoshlarida ayollarga nisbatan hurmat va muhabbat tuyg‘ularini o‘stirishga intiladi.

Halima Xudoyberdiyevaning she’rlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. To‘fon Minnullinning “Alla” pyesasi Halima Xudoyberdiyevaning avtorlashtirilgan tarjimasida O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida qo‘yilgan. Shuningdek, shoiraning xalq orasida “Suyanch tog‘larim”, “Bobo quyosh”, “Issiq qor”, “Sadoqat” va “Muqaddas ayol” kabi qator she’riy to‘plamlari sevib mutolaa qilinadi.

U Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov ijodidan tarjimalar qilgan.

Birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1990).

Marhumaning oila a’zolariga va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etamiz.

ЎзА
1 731