O‘zA O`zbek

06.08.2018 20:52 Chop etish versiyasi

O‘zbek adabiyoti xorijlik olimlar e’tirofida

O‘zbek adabiyoti xorijlik olimlar e’tirofida O‘zA muxbirlari “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotning xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan ayrim xorijlik adiblar va olimlardan intervyu oldi.

Igor SHPAK, “ADЕF” nashriyot uyi rahbari (Ukraina):

– Mazkur nufuzli konferensiyada “Alisher Navoiy qalamiga mansub“Farhod va Shirin” asarining ukrain tiliga tarjimasi va ushbu asarning xalqaro miqyosdagi o‘rni” mavzusidagi ma’ruzam bilan ishtirok etyapman.Alisher Navoiy asarlari ilohiy ishq tarannum etilgani bilan hayotimda chuqur iz qoldirgan.Darhaqiqat, muhabbat va do‘stlik Yaratganning insoniyatga berilgan enggo‘zal ne’matidir. Alisher Navoiy ko‘rsatgan yo‘l zamon va makon tanlamaydi. Shu bois uning asarlarini butun dunyoga, xususan, ukrain xalqigamukammal holda yetkazish harakatidaman.

Azizuddin HUSAYN, Jamiya milliy islomiya markaziy universiteti professori (Hindiston):

– Hindiston davlat arxivida ishlagan kezlarimda Mirzo Boburning ijod namunalari bilan tanishib, ularning aksariyati faqat arxivlarda qolib ketmasligi uchun nashr ettirish ishlariga bosh-qosh bo‘ldim. Dunyoga ma’lum, Mirzo Bobur nafaqat buyuk siyosat arbobi, balki yetuk shoir sifatida mumtoz adabiyotda iz qoldirgan. Bugungi kunda Hindistondagi “Rampur” kutubxonasida “Bobur devoni” qo‘lyozmasi saqlanmoqda. Ushbu kitobning noyobligi shundaki, undagi ruboyilardan biri aynan Mirzo Boburning o‘z husnixatida bitilgan.

O‘zbekiston ulug‘ allomalar qadamjolariga boy yurt. Konferensiya oldidan Zangiota, Hazrati Imom ziyoratgohlari va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan tanishishga muyassar bo‘ldik. Mirzo Bobur devonining bir nusxasini mazkur kutubxonaga sovg‘a qildik. O‘ylaymanki, bu boburshunos olimlar va o‘zbek adabiyoti ixlosmandlariga muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Husayn Muhammadzoda SIDIG‘, Tehron universiteti professori:

– Ushbu konferensiyaga Mir Alisher Navoiyning tarjimai holi hamda shoh asarlarining turk va fors tilidagi tarjimalarining tadqiqotlari yuzasidan olib borgan izlanishlarimni targ‘ib etish maqsadida keldim. Eron xalqi Navoiy asarlarini sevib mutolaa qiladi. Shu bois ikki yil avval Alisher Navoiyning “Muhokamatul lug‘atayn” hamda “Me’zon-ul avzon” asarlarini fors tilida chop ettirishga muvaffaq bo‘ldim.

O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotning xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘zbek adabiy merosini dunyo xalqlariga yanada keng yoyish va nufuzini oshirishga xizmatqiladi, deb o‘ylayman.

Zuhra Mirzaboyeva, Abdulaziz Rustamov, O‘zA
2 787