O‘zA O`zbek

18.08.2018 19:35 Chop etish versiyasi

O‘zbek adabiyoti va madaniyati og‘ir judolikka uchradi

O‘zbek adabiyoti va madaniyati og‘ir judolikka uchradi

O‘zbekiston xalq shoiri
Halima Xudoyberdiyeva

O‘zbekiston xalq shoiri, atoqli jamoat arbobi Halima Ummatqulovna Xudoyberdiyeva 2018-yil 17-avgust kuni 71 yoshida vafot etdi.

Halima Xudoyberdiyeva 1947-yilda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug‘ildi. 1972-yili Toshkent davlat universitetini, 1977-yili Moskva Oliy adabiyot kursini tamomladi.

U o‘z mehnat faoliyatini “Saodat” jurnalida bo‘lim muharriri sifatida boshlab, uzoq yillar davomida ushbu nashrda bosh muharrir o‘rinbosari, bosh muharrir lavozimlarida samarali faoliyat olib bordi. 1991-1994-yillarda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi vazifasida ishlab, mamlakatimizda ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, onalik va bolalikni himoya qilish, oila institutini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi. “Yozuvchi” nashriyotida, “Guliston”, “Sanam” jurnallaridagi ish faoliyati davrida adabiyotimiz va jurnalistikamiz rivoji yo‘lida sidqidildan xizmat qildi.

H.Xudoyberdiyeva 1991-1995-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida mamlakatimiz mustaqilligining huquqiy asoslarini mustahkamlash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi.

Yorqin iste’dod egasi, ulkan so‘z san’atkori Halima Xudoyberdiyeva o‘zining sermazmun, badiiy yuksak she’r va dostonlari, dolzarb mavzularga bag‘ishlangan publitsistik maqolalarida aziz Vatanimiz va xalqimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat, mo‘tabar ayol va ona siymosiga ehtirom tuyg‘ularini beqiyos mahorat bilan tarannum etdi. Uning yorqin milliy ruh va hayotiy falsafa bilan yo‘g‘rilgan betakror ijodi o‘zbek adabiyoti xazinasidan, el-yurtimiz qalbidan chuqur joy egalladi.

Ijodkor qalamiga mansub o‘nlab badiiy yetuk asarlar dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilindi.

Hassos shoira jahon va qardosh xalqlar adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namoyandalari asarlarini o‘zbek tiliga katta mahorat bilan tarjima qilib, milliy adabiyotimizni boyitishga salmoqli hissa qo‘shdi.

Halima Xudoyberdiyeva jonkuyar tashkilotchi sifatida jamoat ishlarida, yurtimizdagi madaniy va ma’rifiy yangilanish jarayonlarida faol ishtirok etdi. Umrining oxiriga qadar “Dugonalar” jurnaliga rahbarlik qilib, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda fidoyilik namunasini ko‘rsatdi.

Bugungi kunda Halima Xudoyberdiyevaning ijod maktabida tarbiya olgan, o‘zbek adabiyotida o‘zining mustahkam o‘rnini topgan ko‘plab iste’dodli ijodkorlar uni o‘zlarining mehribon va talabchan ustozi deb e’tirof etadilar va qadrlaydilar.

Atoqli so‘z san’atkori Halima Xudoyberdiyevaning o‘zbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Xalqimizning ardoqli farzandi, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Halima Xudoyberdiyevaning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, S.Saidov, O.Hojiyeva

2 259