O‘zA O`zbek

13.08.2018 19:52 Chop etish versiyasi

“O‘zavtosanoat”: Avtomobillar narxi baribir oshadi, jarayon o‘rganilmoqda

“O‘zavtosanoat”: Avtomobillar narxi baribir oshadi, jarayon o‘rganilmoqda
Joriy yilning 30 iyun kuni Xalqaro press-klubda o‘tkazilgan muloqotda “O‘zavtosanoat“ aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov 1 avgustdan avtomobillar narxi o‘rtacha 14 foizga oshirilishi haqida ma’lum qilgan edi. Tabiiyki, bu bayonotga nisbatan jamoatchilik o‘z munosabatini bildirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

Shundan so‘ng 1 avgust kuni “O‘zavtosanoat“ aksiyadorlik jamiyati o‘z saytida “GM Uzbekistan“ avtomobillarining narxlari oshirilmasligi haqidagi qo‘shimcha bayonot bilan chiqqandi.

To‘g‘ri, 1 avgustdan narxlar rasman oshmadi. Biroq jamoatchilik tomonidan “Avtosalonlarda shartnomalar nima uchun berilmayapti”, mazmunidagi e’tirozlar ko‘paydi. Haqiqatan ham hech bir sababsiz, xalqqa ma’lum qilinishi kerak bo‘lgan tartiblar tushuntirilmay shartnomalar nima uchundir to‘xtatilgan.

Kuzatuvlarimiz shu kunlarda mashina bozorlaridagi avtomobillarning narxi o‘sganligini tasdiqlaydi. Sabab ma’lum, ko‘pchilikning ko‘nglida yengil avtomobilarning narx-navosi borasida shubhalar ortib bormoqda.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida “O‘zavtosanoat“ aksiyadorlik jamiyatining axborot xizmati bilan bog‘landik. Uning rahbari bizga quyidagi javobni berdi.

– “GM Uzbekistan” zavodi avtomobillarining narxi o‘zgargani yo‘q. 30 iyul kuni Xalqaro press-klubda muhokama qilingan avtomobil narxlari masalasi hozirda mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar bilan hamkorlikda har tomonlama, narx oshishining ijobiy va salbiy tomonlarini inobatga olgan holda o‘rganib chiqilmoqda. Narxlar oshishi kutilmoqda, shuning uchun aniq narx-navolar belgilanmagani sabab mijozlar bilan shartnomalar tuzish hozircha to‘xtatilgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil narxlari bo‘yicha tarqalgan ma’lumotlar va avtomobillar narxi bo‘yicha prays-list ishonchli emasligini bildiramiz. Ayni vaqtda ularning narxi hali hisoblab chiqilmadi.

Bu so‘zlardan anglash mumkinki, demak, avtomobillarning rusumlariga ko‘ra narx belgilash jarayoni ko‘rib chiqilmoqda. Yaqin kunlarda narxlar borasida aniq ma’lumotlarni taqdim etishsa, ajab emas.

O‘zA
3 520