O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

“O‘zarxiv” o‘tmishni kelajakka eltaveradi

“O‘zarxiv” o‘tmishni kelajakka eltaveradi

O‘zbekistonda davlat arxivlari tizimi tashkil etilganining 100 yilligiga 

Axborotga ehtiyoj doimiy va muhim. Uning qiymati esa faqat yangiligi bilan o‘lchanmaydi. U qanchalik qadimiy bo‘lsa, shuncha qimmatli hamdir.

Ma’lumki, davlat va jamiyat uchun ahamiyatli sanalgan bunday axborotlarni saqlash va kelgusi avlodlarga munosib tarzda yetkazish arxiv muassasalari zimmasida. Shu bois arxiv ishi tizimini har tomonlama takomillashtirish alohida ahamiyatga ega.

Hozir yurtimizda 8,4 million saqlov birligida milliy arxiv fondi hujjatlari mavjud. “O‘zarxiv” agentligi tizimida 3 ta O‘zbekiston Milliy arxivi, 14 ta arxiv ishi hududiy boshqarmasi va ular tizimida 100 ta viloyat, shahar, tuman davlat arxivlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 109 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari bor.

Ayni paytda arxiv ishi va ish yuritish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etish, davlat arxivlari moddiy-texnika bazasini yaxshilashga ehtiyoj katta bo‘lib, arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini qo‘llash ham zaruratga aylandi.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv" agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori shu jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Mazkur hujjatlarda O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat boshqaruvi va nazoratini takomillashtirish, qog‘oz, kino, foto va fono hujjatlarini raqamlashtirishni yanada jadallashtirish maqsadi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ularda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, “O‘zarxiv” agentligi faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.

Nimalar o‘zgaradi?

Jumladan, “O‘zarxiv” agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi tashkil etildi. 2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni yanada rivojlantirish davlat dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, arxiv ishi va ish yuritishning normativ, uslubiy bazasini takomillashtirish, arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish ishlarini faollashtirish orqali arxiv axborotlaridan foydalanuvchilar sonini kengaytirish nazarda tutilmoqda. 2020-2025 yillarda davlat arxivlari uchun 2 ta yangi bino va 12 ta arxiv saqlovxonasini qurish, 2023-2025 yillarda 7 ta davlat arxivlari binolarini rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan.

Mablag‘ va vaqt yo‘qotilmaydi

Yuqorida nomi qayd etilgan ikki hujjat arxivlar faoliyatiga bir qator yangiliklarni olib kirishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda. Misol uchun, shu kungacha davlat arxivlariga hujjatlar faqat qog‘oz shaklida qabul qilingan. Shu sababli ularning elektron nusxasini yaratish uchun davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘ talab etilardi, vaqt ham yo‘qotilar edi.

Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasida, masalan, Fransiya, Janubiy Koreyada hujjatning qog‘oz nusxasi bilan birga elektron-sug‘urta nusxasi talab etiladi. Ana shu tajriba 2020 yil 1 yanvardan yurtimizda ham amalga kiradi. Ya’ni, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatida shakllanadigan boshqaruv (ish yuritish)ga oid, ilmiy-texnikaviy va boshqa hujjatlarning arxiv saqloviga topshirilishi hamda o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishida ularning elektron va Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi hujjatlarining sug‘urta nusxalari talab etiladi. Agentlik va uning hududiy boshqarmalari xodimlariga o‘z vakolati doirasida arxiv hujjatlarini topshirish, saqlash, ulardan foydalanish, arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmatlar ko‘rsatishning belgilangan tartibini buzganlik holatlari yuzasidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish huquqi berildi.

Hujjatlarning elektron nusxasi ularning saqlov kafolatini mustahkamlaydi. Yana bir ahamiyatli tomoni, tadqiqotchilar, ilmiy izlanuvchilar yoki shunchaki qiziquvchilarga aynan elektron nusxa taqdim etiladi. Ular hujjatdan qayta-qayta foydalansa ham unga hech qanday ziyon yetmaydi. Hujjatning qog‘oz nusxasi esa o‘z holicha saqlanaveradi.

Savolga hojat qolmadi

Bizga tarixchi va tadqiqotchilar nega ayrim tarixiy hujjatlar ochiq foydalanishga qo‘yilmaydi, degan savol bilan ko‘p murojaat etishar edi. Haqiqatdan ham, uzoq yillar mobaynida aksariyat tarixiy hujjatlar maxfiylikdan chiqarilmagan. Endi esa yuqoridagi savolga o‘rin yo‘q. Negaki, “O‘zarxiv” agentligiga 2020 yil 1 iyungacha davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy davr (1917 yilgacha) arxiv hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha choralar ko‘rish topshirildi.

Ayni vaqtda arxiv tizimida 2500 ga yaqin maxfiy hujjat yig‘ma jildlari bor. Ular maxfiylikdan chiqarilishi bilan ilmiy-tadqiqot ishlari uchun yangi va qimmatli ma’lumotlar yuzaga chiqadi, foydalanuvchilar soni ortadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, arxiv hujjatlaridan respublika bo‘yicha foydalanish bepul. (mavzuli so‘rovlar, yer, mol-mulk kabi masalalardagi so‘rovlar bundan mustasno). Ulardan nusxa olishgina pulli xizmat asosida amalga oshiriladi.

Endi hammasi tez va oson bo‘ladi

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida arxivlarni zarur asbob-uskunalar, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator topshiriqlar belgilangan. Xususan, milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismini doimiy saqlash huquqi berilgan vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlar ro‘yxatini qisqartirish, arxiv ishi jarayonlarini to‘liq qamrab oluvchi va interaktiv qidiruv imkoniyatlari mavjud bo‘lgan “Arxiv ishi” yagona axborot tizimi yaratish qayd etilgan. Bu qay jihati bilan muhim? Avvalo, ish unumdorligi oshadi. Misol uchun, hujjatlarning elektron nusxalari yagona bazasini yaratish ularni tez va oson topa olish imkonini beradi. To‘g‘ri, shu paytgacha ham arxivda elektron baza bo‘lgan, lekin sig‘im katta bo‘lgani uchun hamma hujjatlarni serverlarga joylab bo‘lmas edi.

Yana bir e’tiborli jihati, arxiv xizmatlari bosqichma-bosqich Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi. Buni amalga oshirish 2020 yil 1 iyungacha bo‘lgan muddatni qamrab oladi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2020 yil 1 martgacha respublika shaharlari va tumanlari hokimliklari tomonidan tuzilgan shaxsiy tarkib bo‘yicha idoralararo arxivlar Agentlik idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkaziladi va ular negizida shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari tashkil etiladi.

Bu yil “O‘zarxiv” tashkil etilganining yuz yilligi nishonlanadi. Bir asrlik vaqt mobaynida arxivlarimiz O‘zbekiston xalqining moddiy va ma’naviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar bilan boyidi. Ishonamizki, tizim rivojiga e’tibor o‘tmishga muhrlargan har bir hujjatni kelajakka munosib tarzda yetkazishga xizmat qiladi.

G‘ulom ODINAEV,

“O‘zarxiv” agentligi bo‘limi boshlig‘i.


1 964
O‘zA