O‘zA O`zbek

02.08.2018 21:25 Chop etish versiyasi

O‘zaro manfaatli va istiqbolli loyihalar ko‘lami kengayadi

O‘zaro manfaatli va istiqbolli loyihalar ko‘lami kengayadi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.Qo‘chqorov, Markaziy bank raisi M.Nurmurodov va boshqalar O‘zbekiston bilan YETTB o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichda rivojlanayotganini ta’kidladi.

O‘zbekistonda Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, YETTB ham mamlakatimizda energetika, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini qamrab oladigan loyihalar hisobiga o‘z faoliyatini kengaytirishni rejalashtirayotgani qayd etildi. So‘nggi 9 oy davomida YETTB qiymati 190 million dollarlik 10 loyiha uchun kredit liniyalarini ochgani bunga yorqin misoldir.

– O‘zbekiston bank-moliya tizimidagi islohotlar tez sur’atda amalga oshirilmoqda va eng muhimi samaralidir. Mamlakatingiz xalqaro reytinglarda jadal yuqorilayotgani sohada to‘g‘ri strategiya tanlanganidan dalolat, – dedi YETTB prezidenti Suma Chakrabarti. – 16 oy avval O‘zbekistonga kelganimda kelishuvlarimiz amalga oshirilishiga ishonch hosil qilgandim, bugun buning tasdig‘ini ko‘rib turibman. O‘zbekistonning deyarli barcha sohalaridagi o‘zgarishlarda mamlakat sa’y-harakatlarini qadrlaymiz. Ular bizni yanada ruhlantirib, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishimizga yo‘l ochmoqda.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida kapital bozorini rivojlantirish va milliy valyutada moliyalashtirish borasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.

Tomonlar, shuningdek, oilaviy tadbirkorlik, demografik dividendlar, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, energetika va boshqa sohalarda amalga oshiriladigan loyihalarni muhokama qildilar.

Moliya vazirligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasida davlat-xususiy sherikchiligi” mavzuida o‘tkazilgan davra suhbatida O‘zbekiston hukumati va YETTBning mamlakatda davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirishga qaratilgan amaliy hamkorligi mexanizmlari muhokama qilindi. Unda Moliya, Iqtisodiyot, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitalari, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va Savdo-sanoat palatasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda YETTBning Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya bo‘yicha boshqaruvi direktori Natalya Xanjenkova O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Davra suhbati davomida “Davlat-xususiy sherikchiligi: muvaffaqiyatli amalga oshirishning shartlari” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar davlat-xususiy sherikchiligining asosiy vazifalari, ushbu yo‘nalishdagi loyihalarga moliyaviy manbalarni jalb qilish, loyiha tayyorlash va amalga oshirish jarayonlari bilan tanishtirildi.

Tadbirda YETTB tomonidan davlat-xususiy sherikchiligi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi agentlik tuzish taklifi ilgari surildi. Ushbu agentlik Moliya vazirligi tizimida tashkil etilishi alohida qayd etildi. Ayni paytda rivojlangan mamlakatlarda, xususan, Turkiyada YETTB bilan hamkorlikda shunday agentlik tashkil etilgan va muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Davra suhbatida davlat-xususiy sherikchiligini jadallashtirish, hamkorlikdagi loyihalarni izchil amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki delegatsiyasi mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida ham ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.

Matnazar Elmurodov, Otabek Mirsoatov (surat) O‘zA
2 281