O‘zA O`zbek

25.05.2020 Chop etish versiyasi

“Oʻzagrosugʻurta” buxorolik tadbirkorga qariyb 1 milliard soʻm toʻladi

“Oʻzagrosugʻurta” buxorolik tadbirkorga qariyb 1 milliard soʻm toʻladi

Tadbirkor tadbirli boʻlishi kerak, deydi dono xalqimiz. Bu ibora zamirida har kim oʻz kasb-kori, ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish faoliyati toʻxtab qolmasligini avvaldan taʼminlashi lozimligi nazarda tutiladi. Yaʼni turli kutilmagan holatlarga tayyor turish barqarorlikning birdan-bir kalitidir.

Qorakoʻllik Zamira Nozimovaning fermer xoʻjaligi kuchli shamol oqibatida avariya holatiga kelib qoldi. Biroq uning sugʻurtasi tufayli tabiiy ofatdan koʻrilgan zarar qoplanadigan boʻldi.

Noxush hodisa odamlarning tomorqasini payhon qildi. Koʻplab turar joy binolari, imorat va inshootlarga putur yetdi. Oʻz vaqtida bosilgan toʻgʻri qadam, bugun tadbirkorning joniga oro kirmoqda.

Biznes sir-sinoatini puxta egallagan tadbirkor Koreya texnologiyasi asosida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish ustida izlanadi. Shu maqsadda katta sarmoya kiritilgan zamonaviy issiqxonaning moliyaviy barqarorligini kafolatlash hamda turli xatarlardan himoyalashni koʻzlab, garovga qoʻyilgan mol-mulk sugʻurtasi boʻyicha shartnoma tuzadi.

Ushbu issiqxona binosi “Oʻzagrosugʻurta” AJ Buxoro filiali tomonidan garovga qoʻyilgan mulk sifatida sugʻurtalangan edi.

Mulkka yetkazilgan zarar hajmi “Biznesni baholash va ekspert-konsalt” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan mustaqil baholandi. Daʼvo ishi doirasida taqdim qilingan hujjatlardan kelib chiqib, aniqlangan sugʻurta tovoni toʻlab berildi.

Umuman, Buxorodagi tabiiy ofat boʻyicha “Oʻzagrosugʻurta” AJ tomonidan viloyatning qishloq xoʻjaligi va tadbirkorlik subyektlari bilan sodir boʻlgan sugʻurta hodisalari yuzasidan toʻlangan toʻlov 2,7 milliard soʻmni tashkil qiladi. Yana bir nechta sugʻurta hodisalari boʻyicha oʻrganish ishlari davom etmoqda.

Taʼkidlash joizki, bugun Oʻzbekistonda koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiy oʻsish va investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirish, ishlab chiqarish surʼatlarini tiklash, aholi bandligini oshirish, daromadlarini koʻpaytirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab‑quvvatlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

“Oʻzagrosugʻurta” kompaniyasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, ularning bizneslari toʻxtab qolmasligi va moliyaviy holati tezroq tiklanishi uchun aniqlangan zararlar qisqa muddatlarda qoplanishiga eʼtibor qaratilmoqda.

Reklama huquqi asosida

“Oʻzagrosugʻurta” AJ
Axborot xizmati.

12 773
OʻzA