Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.12.2017 13:16 Chop etish versiyasi

"O‘zagroservis": xizmatlar turi kengaymoqda

Mamlakatimizda kuzgi shudgorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mavsumga qariyb olti mingta haydov traktori jalb etilgan. 2018-yil bahorgi dala ishlarida qatnashadigan qishloq xo‘jaligi texnika vositalari va g‘alla o‘rish kombaynlari mulkchilik shaklidan qat’i nazar, markazlashgan holda ta’mirlash maskanlariga yig‘ilib, xatlovdan o‘tkazildi. Ularni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Bahorgi dala ishlariga jalb etiladigan texnika vositalari va g‘alla o‘rish kombaynlarini mavsumiy yumushlarga tayyorlash uchun 140 milliard so‘mlik ehtiyot qism, shina va boshqa turdagi moddiy-texnik resurslar joylarga yetkazildi. Tizimdagi "O‘zKeysservis" qo‘shma korxonasi va "O‘zKlasservis" mas’uliyati cheklangan jamiyatining viloyatlarda joylashgan bo‘limlari xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini bajarmoqda.

"O‘zagroservis" aksiyadorlik jamiyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga xizmat turlarini ko‘paytirish, narxlarni arzonlashtirish maqsadida «Hududiy Agroservis MTP" quvvatlaridan yanada samarali foydalanish choralarini ko‘rmoqda. Shu maqsadda xizmat ko‘rsatish radiusi o‘rtacha 50 kilometr bo‘lgan integrallashgan servis markazlari tashkil etilmoqda.

Bu va boshqa qator yangiliklar haqida O‘zbekiston Milliy matbuot markazida "O‘zagroservis" aksiyadorlik jamiyati tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash, ehtiyot qismlar bilan uzluksiz ta’minlash hamda xizmat ko‘rsatishda erishilayotgan natijalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z yuritildi.

"O‘zagroservis" aksiyadorlik jamiyati tizimida 13 hududiy "Agroservis MTP" va ularning 174 tuman filiali, o‘ndan ziyod ta’minot korxonasi, ikkita qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. 2017-2021-yillarda qariyb 19 mingta texnika va mashinalar xarid qilish mo‘ljallanmoqda.

– Yangi xarid qilinadigan texnikalar hisobidan 23 turdagi mexanizatsiya xizmati ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lamiz, – deydi "O‘zagroservis" aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Abror Mirzayev. – Hozir paxta va g‘alla yo‘nalishida xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lsak, keyinchalik bog‘dorchilik, uzumchilik, polizchilik, sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida ham mulk egalari bilan hamkorlikni rejalashtirmoqdamiz.

Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berdi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
6 276