O‘zA O`zbek

13.08.2018 18:19 Chop etish versiyasi

O‘zA – xalqaro tanlov g‘olibi

O‘zA – xalqaro tanlov g‘olibi Ostona shahrida “Qozog‘iston xorijiy ommaviy axborot vositalari nigohida” V xalqaro tanlovi yakunlariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘istonga bag‘ishlangan ijodiy ishlari bilan ishtirok etgan bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari orasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi jamoasi ham g‘olib sifatida e’tirof etildi.

Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Qozog‘iston bosh muharrirlari klubi bilan hamkorlikda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tanlovda bu yil Buyuk Britaniya, Rossiya, Polsha, Ozarbayjon kabi 20 dan ziyod mamlakatdan to‘qsonga yaqin ommaviy axborot vositasi 300 dan ziyod ijodiy ishi bilan qatnashdi. Tanlov yakunida dunyoning besh mintaqasi bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Xalqaro axborot tahririyati tanlovga O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va qardoshlik munosabatlari, ko‘p qirrali hamkorlikning joriy holati va istiqbollariga oid turkum maqolalarni taqdim etib, Markaziy Osiyo va Boltiqbo‘yi mamlakatlari orasida g‘olib deb topildi.

Tadbirda qayd etilganidek, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklikka asoslanadi. Yagona tarix, din va umumiylik kasb etgan turmush tarzi, madaniy yaqinlik va mushtaraklik bugungi hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini bermoqda. Prezidentlarimiz o‘rtasidagi doimiy muloqotlar, 2018 yil – Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilinishi ikki mamlakat tarixida sheriklikning yangi davrini boshlab berdi.

Tanlovda britaniyalik jurnalist Jilli Pikap “Country and Townhouse” jurnalida Qozog‘istonga safari haqida hikoya qiluvchi maqolasi uchun Yevropa mintaqasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Amerika mamlakatlari o‘rtasida AQSHlik Stefen Lipovsevning maqolasi hakamlar hay’ati tomonidan alohida e’tirof etildi.

Yaqin Sharq va Afrika davlatlaridan ishtirok etgan jurnalistlar o‘rtasida iordaniyalik Ayman Abdulhafiz az-Zabanizning Qozog‘iston tashqi siyosati va Ostona shahrining 20 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy ishlari yuqori baholandi.

Qozog‘iston tarixi, shaharsozligi, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi “Ostona: poytaxtning o‘ziga xos jozibasi va zavqi bor” maqolasida aks etgan bo‘lib, uning muallifi hindistonlik jurnalist Indervir Sinxdir. Markaziy Osiyo mamlakatlari haqida ma’lumot beruvchi “Business Central Asia” jurnalida chop etilgan ushbu maqola Osiyo, Avstraliya va Okeaniya mamlakatlari orasida g‘olib, deb topildi.

Tanlov doirasida g‘oliblar Qozog‘istonning Ostona, Almati shaharlari va Borovoye kurort zonasiga safar uyushtirdi.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
2 617