O‘zA O`zbek

08.07.2020 Chop etish versiyasi

OʻzA“COVID-19”: Bizdaku ahvol jiddiy, qoʻshnilarda ham yaxshi emas

OʻzA“COVID-19”: Bizdaku ahvol jiddiy, qoʻshnilarda ham yaxshi emas

Kecha Qirgʻiz Respublikasida “COVID-19”ga chalinganlar 345 kishini tashkil etdi, 13 kishi ofat qurboni boʻldi.

“2020-yil 7-iyulda respublikada 345 kishi “SOVID-19” infeksiyasi bilan roʻyxatga olingan, ularning 183 nafari Bishkek shahriga toʻgʻri kelmoqda”, – deb maʼlum qildi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash shtabi vakili.

Xabarda aytilishicha, koronavirusga chalinganlarning 62 nafari shifokorlardir. Umuman, mamlakatda hozirgacha jami 1 ming 287 shifokor infeksiya yuqtirib olgan.

Ayni paytda Qirgʻiz Respublikasida koronavirus bilan kasallanganlar soni 8 ming 486 kishini tashkil etmoqda, 112 kishi qurbon boʻldi.

“COVID-19” bilan bogʻliq vaziyat Qozogʻistonda ham yaxshilanmayapti. Oʻtgan kunda 1 ming 376 ta yangi bemor aniqlangan. Hozirga kelib koronavirusga chalinganlar soni mamlakat boʻyicha jami 51 ming 59 nafarga yetdi, deb maʼlum qildi koronavirusga qarshi kurash boʻyicha idoralararo komissiya.

Qozogʻistonda pandemiya balosi, ayniqsa, Atirov (264) va Qaragʻanda (184) viloyatlarida koʻp uchramoqda, shuningdek, Olmaotada (143) ham ahvol yomonligicha qolmoqda. Shu bois Qozogʻiston hukumati mamlakatda qaytadan karantin tartibi oʻrnatishini eʼlon qildi.

Yana bir qoʻshnimiz Tojikistonda ahvol biroz oʻnglanganday boʻlyapti, lekin xotirjam boʻlishga hali erta. “Xovar” axborot agentligining maʼlum qilishicha, oʻtgan kuni mamlakatda yana 53 kishi virus yuqtirgani aniqlangan.

Mamlakatda “COVID-19” infeksiyasiga chalinganlar soni 6 ming 315 kishiga yetgan. Bemorlarning 78 foizi tuzalgan. Afsuski, qurbonlar ham oz emas. Pandemiya hozirgacha Tojikistonda 53 kishining yostigʻini quritdi.

Tojikiston hukumati va respublika sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash uchun barcha choralarni koʻrmoqda. Ayni paytda mamlakatda 85 ta kasalxonada 7,5 ming vrach hamda 25 ming nafar hamshira koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga jalb qilingan.

Bundan tashqari, yana 7 ming 600 nafar vrach va 24 mingdan ziyod hamshira-sanitar xodimlar kasallikni aniqlash, oldini olish va aholiga birlamchi yordam koʻrsatish bilan bogʻliq ishlarga safarbar qilingan.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Afgʻonistonda “COVID-19” bilan kasallanganlar soni 33 ming 594 kishidan oshib ketgan, qurbonlar mingga yaqinlashmoqda.

Xalqaro insonparvarlik tashkilotlari bayonotiga koʻra, Afgʻoniston gumanitar halokat yoqasida turibdi. Mamlakatdagi koronavirus holatlarining 80 foizini tekshirish imkoniyati mavjud emas. Test oʻtkazish juda past darajada ekani inobatga olinsa, ahvol yana-da jiddiyligi oydinlashadi.

Oxirgi kunlarda Rossiyada ham kasallanish holatlari keskin oshgani aytilmoqda. Moskvadagi tezkor shtab telegram-kanalida maʼlum qilinishicha, oʻtgan bir kunda Rossiyada 6 ming 562 kishi infeksiya bilan roʻyxatga olingan. Rossiyada hozirgacha koronavirusga chalinganlar soni 700 ming 792 kishiga yetgan.

Xullas, bu raqamlar barchani yana bir bor hushyorlikka chorlaydi. Chunki koronavirus bilan bogʻliq voqealar rivojini tahlil qiladigan boʻlsak, bu borada biror-bir mamlakat muvaffaqiyatga erishgan boʻlsa, bu yerda fuqarolar tartibli ekanini, hukumat va shifokorlar koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilayotganini koʻramiz. Tartib bor joyda koronavirus tarqalishini nazorat qilish ancha oson kechishini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda.

1 574
OʻzA