O‘zA O`zbek

02.06.2020 Chop etish versiyasi

Oʻz uyingga nima yetsin!

Oʻz uyingga nima yetsin!
Shukronalik 

Negadir xorijga chiqishga koʻp ham ishqiboz emasman. U yerdagi hashamatli, bashang binolar, osmonoʻpar uylarga mahliyo boʻlamanu, lekin baribir “dom”ning tepasidagi odmi, lekin qadrdon uyimni sogʻinaveraman...

Qadrdon xonadon haqida bejiz soʻz ochmadim. Negaki, har kimning oʻz uyi, yashash maskani boʻlganiga nima yetsin!

Bir kuni fotograf hamkasbim koʻp qavatli uyda ota-onasi, oʻzining bola-chaqasi, ham akasining oilasi bitta kvartirada yashaganidan soʻz ochib qoldi. Dam olish kunlari ovsinlar bir-biriga halaqit etmaslik maqsadida galma-gal ota uylariga bolalarni olib ketisharkan. Yillar oʻtib ularning uy bilan bogʻliq muammosi hal boʻldi. Oʻshanda bosh ogʻriqli bu masala aka-ukalaru kelinlarning ortiqcha “san-man”ga bormasdan, oʻzaro hurmat, ahillik, hamjihatligi bilan yechim topganini ushbu xonadon sohiblari hozir ham yorugʻ yuz va shukronalikda eslaydilar.

Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Ayollar ijtimoiy reabilitatsiya markazi tashkil etilganiga koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Binoning ochilishi qoʻshaloq bayramga aylanib ketdi. Yashash sharoiti ogʻir ayollar, oilalarga yangi uylarning hujjatlari tantanali topshirilgandi oʻshanda.

Yangi uy sohiblarining koʻpi minnatdorlik bildirishga ham imkoni yoʻq edi. Sababi aslida hayajondan yuragi yigʻlayotgan bu ayollarning koʻz yoshlari, bor iztirobu quvonchi boʻgʻzida qotib qolgandi goʻyo...

– Uylar muborak boʻlsin endi, – yuzlandim ulardan biriga.

Ayol qoʻltiqtayogʻini mahkamroq tutib, biroz oʻnglanishga harakat qildi. Yoshi oʻtibroq qolgan bu ayol yoʻgʻu bor imkonini ishga solib, chevarlik bilan kun koʻrarkan.

– Toʻgʻrisi, ijarada umrim oʻtib ketadi, deb oʻylagandim, – dedi u koʻz yoshlarini asta artib. – Ahvolim mahalla-koʻy, faol xotin-qizlarni befarq qoldirmadi. Endi mening ham oʻz uyim, chin boshpanam bor!

...Sagʻbon mahallasining deraza-romlari ichkariga qaragan, rostmana loy suvoqli oʻzbekona uylari. Muhtaram Habibullayeva turmush oʻrtogʻiyu oʻgʻli, ovsin-egachilari, qayinogʻalari, bir hovli bola bilan uzoq yillar shunday tor, havo aylanmaydigan joyda qanday yashaganiga endi oʻzi ham ajablanadi. Eski shaharning tomlari bir-biriga matashib, ulashib ketgan hovli-joylari hamon koʻplarimizning koʻz oʻngimizda. Poytaxtning asosiy qismidagi bu joylarda na kanalizatsiya, na risoladagidek sanitariya tarmogʻi boʻlmagani bois shaxsiy gigiyenadan soʻz ochish ham malol kelardi. Hozir hovlidagi har bir oila Nurafshon koʻchasidagi zamonaviy koʻp qavatli uylarning kvartirasida alohida-alohida istiqomat etadi.

Muhtaram opadek qanchadan-qancha qiynalgan, murakkab sharoitda yashagan oilalar endilikda yap-yangi, fayzli, koʻrkam xonadonlarga koʻchib oʻtdi. Har kimning oʻz uyi, boshpanasi, Vatandagi moʻjaz vatani boʻlganiga ne yetsin!

1 677
Nazokat USMONOVA, OʻzA