O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Oʻz tilingni oʻzing asra, oʻzbegim

Oʻz tilingni oʻzing asra, oʻzbegim

Kishi oʻz onasidan ham uyaladimi? Bu ayol mening onam emas, deya tonishi, uni odamlarga tanishtirishdan istihola qilishi mumkinmi? Agar oramizda shunaqa toifadagi odamlar uchrasa uni kim deb atagan boʻlardingiz? Inson toifasidanmi u odam xam?

Ona esa xar doimgidek bolasini boshini mehr bilan silaydi. “Qorning toʻqmi, usting butmi”, deya jonsaraklanadi. Lekin biz boʻlsak, “Bu ayol emas, boshqa mening onam boʻlsa edi”, deb orzu qilamiz. Gapimdan hayron boʻlayotgandirsiz? Lekin oʻzbek millati ana shunday oʻz onasidan, oʻz ona tiliga shunday bepisand xalq boʻlib qoldik. Hatto oramizda, bu tilda gapirishga or qiladiganlar ham topiladi. Koʻcha-kuyda yurganingizda katta qilib osib qoʻyilgan bannerlar, oshxona, korxona boringki, jamoat ishxonalarida nechta oʻzbekcha yozuvni koʻrasiz? Osiyo davlatlaridan Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Arabiston mamlakatlarida oʻz tili tugul yozuvini ham saqlab qololgan. Xitoy yoki Yaponiyaga borsangiz, kamdan-kam chet el soʻzlarini uchratasiz. Deyarli hamma yoqda oʻz tilida yozilgan jumlalar. Oʻz harflari. Kimdir aytishi mumkin, ha endi ular bizdan koʻra ancha taraqqiy etgan davlatda, kerak boʻlsa ularni tilini oʻrganishing shart qilib qoʻyilgan.

Lekin oʻz tilini hurmat qilmagan xalq taraqqiyotga chiqishi mumkinmi? Xalqimizda “Ona tiling omon boʻlsa, rangu roʻying somon boʻlmas”, degan maqol bor. Aslida oddiy koʻringan ushbu naql negizida qadim ajdodlarimizdan necha asrlardan beri shakllanib kelishayotgan purmaʼno hikmat yashirin. Ona tilimizni sof xolda saqlamas ekanmiz, uni ajnabiy soʻzlar bilan qorishtirib, gʻaliz jumlalar tuzsak, kimlargadir maʼnaviy mute boʻlib qolishimiz hech gap emas.

Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy forsiy zabon ancha ommalashgan bir pallada oʻz asarlarini turkiy tilda bitdi. Bunga oʻsha zamon ziyolilari eʼtiroz bildirib, hatto gʻazal mulkining sultoni forsiychani tushunmasligi, turkiy til qashshoq til ekanligini pisanda qilishdi. Aslida ham oʻsha davrda turkiy tilimiz goʻyo jar yoqasiga borib qolgan, hatto siqib chiqarish darajasiga yetib qolgan edi.

Biroq, Navoiy bobomiz buning aksini, yaʼni turkiy til naqadar boy ekanligini isbotladi. Olimlarning hisob kitobiga koʻra Navoiy oʻz asarlarida 26036 ta soʻzdan foydalanib, dunyodagi eng koʻp soʻz ishlatgan alloma sifatida tanilgan. Shoir asarlari orqali turkiy tilning naqadar jozibador til ekanligini isbotladi. Bundan tashqari “Muhokamatul lugʻatayn” (“Ikki til muhokamasi”) asarida forsiy va turkiy tillarni solishtirish asnosida turkiy tilning naqadar soʻzga boyligi, ayniqsa feʼl soʻz turkumining maʼnodoshlik xususiyatlarini ochib berdi. Qariyb olti asr oldin yashagan bobomiz ajnabiy soʻzlar ummonida choʻkmaslik uchun ona tilimizni, oʻzining maʼrifat nomli kemasi ila qutqarib qolgandi. Biroq, bugunchi?

Hozirgi kunda davlat va nodavlat telekanallariga nazar tashlasak, sof oʻzbekcha nomli koʻrsatuvni kamdan-kam kuzatamiz.

Koʻrsatuvlarning nomini koʻrgan buvim, “Shu chet elcha koʻrsatuvingni qoʻymagin, bolam. Men baribir tushunmayman”, dedilar. “Buvijon, bu chet elcha koʻrsatuv emas, shunchaki nomi shunaqa”, desam, “Voy tavba, bu koʻrsatuvga oʻzbekcha nom qurib qolibdimikan? Axir tilimiz soʻzlarga boyku. Essiz..”, deb qoldilar.

Darhaqiqat tilimiz jozibadorligidan foydalangan holda, xohlagan sarlavhani topsa boʻlar edi. Bundan tashqari poytaxtimiz yoki boshqa shahar koʻchalarida bannerlarga yozilgan sarlavhani oʻqib, ona tilimizda yozilgan nomlarni qidiraman deb boshingiz aylanib ketishi turgan gap. Chunki bulardan oʻzbek tilida yozilgan nomlarni kamdan-kam uchratamiz.

Bir vaqtlar Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov oʻzbek tilini “Onaginam, onajonim tili bu, Beshikdanoq singgan jonu quloqqa”, deb erkalagan boʻlsa, Erkin Vohidov esa oʻsha shoʻro zamonida ham “Ona tilim oʻlmaydi”, deya baralla ayta olgan. Yoxud mashhur avar shoiri Rasul Hamzatov sheʼrida tushida nogahon vafot etganini, jonsiz tanasi hech narsani his qilmayotgan bir paytda, ona tilidan yangragan bir ogʻiz soʻz ruhiga qayta jon baxsh etganligini ajoyib tarzda bayon etgan. Oʻsha shoirning yana bir asarida esa “Oʻz tilidan tongan oʻgʻlidan voz kechgan ona” haqida hikoya qilinadi.

Maʼrifat fidoyilaridan Abdurauf Fitrat 1919-yilda yozgan “Tilimiz” nomli maqolasida “Eng boy va baxtsiz til qaysi, bilasizmi? Turkcha”, deya oʻzbek tiliga ishora qilgan. Chunki bizning til soʻzga boy boʻla turib, uning imkoniyatlaridan foydalana olmaymiz. Izlanmaymiz. Hozirgi kundagi baʼzi yoshlarning chet tillardagi soʻzlarni bizni tilimizdagi muqobilini topolmay qolayotganlariga nima demogʻimiz mumkin? Axir xorijiy tillarning yopirilib kelishiga, oʻzimizning tilimiz orqali qalqon boʻlmasak, soʻz boyligimizdan toʻgʻri foydalanmasak, onajonimizning tili “soqov tilga” aylanib qolishi hech gap emas. Tilimizni asrashga faqat tilshunos, adabiyotshunos olimlar, til oʻqituvchilari, maʼnaviyatchilar yoki jurnalistlargina emas, barcha oʻzbek fuqarosi birdek masʼul boʻlishi kerak. Shundagina 33 milliondan ortiq tilda gaplashayotgan, tarixi chuqur ildiz otgan, dunyo tan olgan shoiru, adiblarni ilhomlantirgan tilimizni asraymiz, uni toza saqlashga xizmat qilamiz.

Lobar Xayrullayeva,
“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati
Matbuot xizmati xodimi

2 201
OʻzA