O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Oʻz oʻgʻlini oʻgʻirlikka daʼvat qilayotgan otalarga qanday jazo qoʻllash kerak?

Oʻz oʻgʻlini oʻgʻirlikka daʼvat qilayotgan otalarga qanday jazo qoʻllash kerak?

Jizzax shahri markaziy koʻchasi boʻylab harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtoulov yoʻl patrul xizmati nazoratchilari tomonidan toʻxtatilganida haydovchi hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortdi.

Jizzax shaharida yashovchi Sh.N. ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabiga boʻysunmagani uchun avtomobilni jarima maydonchasi tomon harakatlantirishga toʻgʻri keldi. Ammo mashinada haydovchi bilan birga boʻlgan mast holatdagi otasi J.Sh. huquq-tartibot organlari xodimlarini qoʻpol soʻzlar bilan haqoratlab, xizmat vazifalarini bajarishga qarshilik koʻrsatadi. Ota-bola qarshilik koʻrsatish davomida yoʻl patrul xizmati inspektori F.M.ni, kinologiya xizmati kichik inspektori A.E.ni urib tan jarohati yetkazadi.

Hozir ushbu holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Ota-bola hamkorligidagi qonunbuzarlikka yana bir misol. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamenti viloyat ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda Arnasoy tuman, Choʻlquvar qishloq fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi B.A. hamda uning oʻgʻli F.A. ancha yillardan buyon jinoiy til biriktirib birovlarning chorva mollarini oʻgʻirlab kelayotganini fosh etdi. Ota-oʻgʻil avval Gʻallaorol tumani Olimlar mahallasidagi fuqaro N.A.ga tegishli 2 bosh, keyin Mirzachoʻl tuman, Mirzadala shaharchasida istiqomat qiluvchi O.Q.ning 3 bosh, Yerjar mahallasi fuqarosi U.F. va Doʻstlik tumani Mevazor qishlogʻilik A.A.larning 2 boshdan qoramollarini oʻgʻirlagani aniqlandi. Bundan tashqari, mirzachoʻllik yana bir fuqaroning 14 bosh molini tovlamachilik yili bilan oʻzlashtirgan.

Ota-bolaga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilib, tergov olib borilayotir.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot multimedia guruhining tezkor xabarlari orasida ota-oʻgʻil birgalikda oʻgʻrilik qilgani, ota-oʻgʻil birgalikda boshqa jinoyatlar sodir etgani haqidagi maʼlumotlar tez-tez uchrashi faqat voqeaning tafsilotiga diqqatni tortib qolmasdan, uning ijtimoiy illat sifatidagi tabiati haqida mulohaza yuritishga ham undaydi.

Mamlakatimizda yoshlar tarbiyasiga ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratilayotgani hammaga yaxshi maʼlum va hali kutilgan samaraga erishilmayotgani ham hech kimga sir emas. Buning sababini esa yuqoridagi misollar ham koʻrsatib turibdi. Ota qoidabuzar oʻgʻlini tartibga chaqirish oʻrniga, elimizning osoyishtaligini saqlash uchun kecha-yu kunduz oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan huquq tartibot xodimlariga qoʻl koʻtarsa, yana bir ota oʻgʻlini yoniga olib oʻzgalarning halol molini oʻgʻirlasa, ularning farzandidan nima kutish mumkin. Farzandiga shunday ibrat koʻrsatayotganlar afsus, faqat shu ikkalasi emas. Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin

Xalqimizning “Ota-ona andoza” degan dono gapi bejiz aytilmagan. Otaning koʻrsatgan ibrati oldida bolaning maktabdan, boshqalardan olgan tarbiyasi juda zaif boʻlib qoladi. Farzandini notoʻgʻri ishlardan qaytarish oʻrniga oʻzining nopok ishlariga sherik qilayotgan ota jamiyatimizda yoshlarning maʼnaviy-marifiy tarbiyasiga juda katta zarar yetkazayotgani bilan xavflidir.

Bola sinfxonada, majlis zalida 40-60 minut davom etadigan tarbiya mavzusidagi maʼruzalardan koʻp narsa olmaydi. U eng koʻp narsani oiladan, ota-onadan oladi. Eshitgandan ham koʻra koʻrganlarini tezroq oʻrganadi. Qush uyasida koʻrganini qiladi.

Demak, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan har qanday jinoyat notoʻgʻri tarbiyaning, yomon ibratning oqibatidir. Biz ayni yomonlikning oqibatga qarshi kurashga eʼtiborni kuchaytirayotirmiz. Aslida uning sababi – kattalarning oʻzi ekanligiga unchalik ahamiyat berilmayotir.

Xalqimiz orasida shunday bir rivoyat bor. Qozining huzuriga birovning bogʻiga oʻgʻrilikka kirgan ota-bola tutib keltirilgan. Hodisa tafsilotini oʻrgangan qozi asosiy ishni bajargan baquvvat oʻgʻilga 50 tayoq, bu ishda unga qarashib turgan otaga yuz tayoq urushga hukm chiqaribdi. Qozi oʻz hukmini izohlab degan ekan:

– Oʻgʻilga berilgan jazo uning oʻgʻriligi uchun. Otasi esa farzandni toʻgʻri tarbiyalamagani, nopok ishlarda uni ham oʻziga sherik qilgani, yomon ibrat koʻrsatgani uchun jazolandi.

Balki qonunlarimizga ota-onaning farzandini, rahbarning qoʻl ostidagi yoshlarni sherik qilganliklari uchun qoʻshimcha kuchliroq jazolar belgilanishi boʻyicha oʻzgartirishlar kiritish kerakdir?

Atrofga teranroq nazar solsak, davlatning, xalqning mulkini katta miqdorda oʻgʻirlayotgan, pora olayotgan va boshqa ogʻir jinoyatlarni sodir etayotganlar kattalar-ku. Bu ishga atrofidagi yoshlarni sherik qilayotganlar ham bor. Ularning oilasida voyaga yetayotgan qanday ibrat olayotir?

Keling, yoshlar tarbiyasining boʻshligi haqida kuniga, kunora mahalladan tortib, oynai jahonda oʻtkazilayotgan sanoqsiz bahs-munozalarda kattalarning oʻzlari farzandlariga qanday ibrat boʻlayotgani haqida misollarni ham koʻrsataylik. Kattalar koʻproq uyalishi kerak-ku.

1 579
T. BEKNAZAROV, OʻzA muxbiri