O‘zA O`zbek

18.03.2020 Chop etish versiyasi

Oʻz joniga suiqasd qilish bahorda koʻpayadi. Nega?...

Oʻz joniga suiqasd qilish bahorda koʻpayadi. Nega?...


Bugun kunda oʻz joniga qasd qilish borasidagi salbiy holatlarga koʻp duch kelyapmiz. Mazkur muammo barchani jiddiy tashvishga solmoqda. Oʻtgan yilda Fargʻona viloyatida 128 nafar ayol va qizlar oʻz joniga qasd qilishga uringan. Bu mudhish voqealarning aksariyati oʻlim bilan nihoya topgan.

Xoʻsh, oʻz joniga suiqasd qilishdek gunohga qoʻl urishga nima sabab boʻlmoqda?

Oʻz joniga qasd qilish – aksariyat holatlarda oldini olish qiyin boʻlgan ofat sifatida baholanadi. Insonni oʻz hayoti bilan vidolashishga undagan sabablar hatto uning qarindoshlari va yaqinlari uchun ham jumboqligicha qolmoqda. Eng dahshatlisi esa, bu mashʼum ishga hali butun hayoti oldinda boʻlgan yoshlar qoʻl urayotganidadir. Suiqasd qilganlarning deyarli 98 foizi sogʻlom ekanligi tadqiqotlarda aniqlangan. Ular oddiy bir muammo oldida ojiz qolayotgani va buning oqibatida oʻz joniga qasd qilgani tashvishli, albatta.

Hayot bir tekis emas. Uning past-balandini koʻrib, qiyinchiliklarni yengish insonni toblaydi. Bunda sabr-qanoat katta ahamiyatga ega. Afsuski, koʻp yoshlarimiz ongida hayotga yengil-yelpi qarash bor.

Mutaxassislarning aytishicha, oʻz joniga qasd qilish ayni tabiat gullab-yashnagan davrda, yaʼni bahorda koʻproq qayd etiladi. Psixologlar qalbdagi tushkun kayfiyat va tabiatning turfa ranglari oʻrtasidagi qarama-qarshilik, keskin farq bunga sabab boʻlishi mumkin, deb taʼkidlaydi.

Amerikalik olim Tomas Elliot eng shafqatsiz oy deb aprelni koʻrsatadi. Suitsidning eng koʻp miqdori aynan aprel oyiga toʻgʻri kelishi qayd etilgan.

– Turli yoshdagi, aholining turli qatlamiga mansub, bilim va dunyoqarashlari ham turfa insonlar bilan yuz bergan bu holatlarning tahlili, xulosalari ham oʻziga xos boʻladi, – deydi Fargʻona davlat universiteti dotsenti, psixolog Muazzam Isaqova. – Bu ijtimoiy dard sabablarining umumiy jihatlari ham bor: irodasi boʻsh, sabr-qanoati mustahkam boʻlmagan, boriga shukur qilishni bilmagan odamlar oʻtkinchi his-tuygʻular taʼsirida muammolar chorasini oʻlim deb biladi. Bunday holatlarning yuz berishiga oʻzaro juda yaqin, (ona va bola, er va xotin, qaynona bilan kelin, dugonalar kabi) kishilarning bir-birini tushunmasligi, dilini ogʻritib qoʻyishlari, mehrsizliklari, nooʻrin izzat-nafsiga tegish, qadr-qimmatini yerga urishlari sabab boʻlmoqda. Oʻsmirlar oʻrtasida oʻz joniga qasd qilish holatlarining ildizini, avvalo, oiladan qidirish kerak. Bola goʻdaklik chogʻida ruhiy jarohat olsa, vaqt oʻtib u albatta oʻzining salbiy taʼsirini namoyon etadi.

...Oʻspirin qiz dugonasidan qarz boʻlib qoladi. Oʻrtogʻi pulini qistayvergach, chorasini topolmaydi, qon tomirini kesib yuboradi...

...Oʻquvchi qizning otasi vafot etgan, onasining ruhiy holati meʼyorida emas. Togʻasining qaramogʻida katta boʻlayotgan qizga telefon ishlatganligi uchun dakki berishadi. “Yana bir marta telefon ishlatganingni koʻrsak, togʻangga aytib jazolatamiz”, deyishganda, “Unaqada oʻzimni oʻldiraman!” deya javob beradi. Qizning soʻziga hech kim eʼtibor bermaydi. Qiz yana “qoʻlga tushganida” esa aytgan gapini qiladi: ogʻilxonaga kirib, oʻzini osib qoʻyadi.

...Ayol ortiq bu dunyoda yashashni istamadi, bunga xiyonat sabab.

Yon-atrofimizda sodir boʻlgan, hali hovuri bosilmagan, yurakni muzlatib yuboradigan bu kabi holatlar, afsuski, oz emas. Oʻz joniga qasd qilishdek fojiali yoʻlga, ayniqsa, ayol va qizlar qadam qoʻyishayotgani yomondan-yomon.

Xotin-qizlar oʻrtasida oʻz joniga qasd qilish – suitsid holati oʻtgan yilga nisbatan Dangʻarada 10 taga, Toshloqda 7 taga, Quvasoyda 5 taga, Margʻilonda 3 taga, Buvayda va Uchkoʻprikda 2 taga, Beshariq va Oʻzbekiston tumanlarida 1 taga kamaygan boʻlsa, Quvada bu koʻrsatgich 6 taga, Rishton tumanida 4 taga, Qoʻshtepa, Fargʻona, Soʻx tumanlarida esa 2 taga koʻpaydi. Fargʻona tumanida esa vaziyat ancha ogʻir, hududda bir yilning oʻzida 29 ta shunday fojia sodir boʻldi.

Koʻp holatlarda oilaviy muhit bunga sabab boʻlmoqda. Avvalo farzandlar bilan doʻstona munosabat yoʻlga qoʻyilishi kerak. Ularni eshitish, ruhiyatidagi oʻzgarishlarni his eta olish lozim. Zero, islom dinida ham oʻz joniga qasd qilish ogʻir gunoh hisoblanadi.

– Alloh taolo odam bolasiga juda koʻp neʼmatlar bergan, ularni sanab adogʻiga yeta olmaymiz, – deydi viloyat bosh imom-xatibi Ubaydullo Abdullayev. – Shubhasiz, ular ichida eng qimmatli va muhimlaridan biri – hayot, tiriklik neʼmatidir. Oqil inson – hayotiy dunyodan oxirati uchun foydalanib qolgan kishidir. Shunday ekan, inson hayotida Allohning amriga nechogʻlik itoat etsa, kelajakda oxirati ham obod boʻladi. Lekin shuni ham bilish kerakki, bu osonlik bilan boʻlmaydi. Inson hayoti doim bir xil neʼmatlar ichida kechmaydi – gohida yengil, gohida ogʻir, baʼzida xursandchilik, baʼzida musibat. Qurʼoni karimda bu haqda shunday deyilgan: “Haqiqatan, insonni (din va dunyo ishlarida mehnat va) mashaqqatda (boʻlish uchun) yaratdik” (Balad surasi, 4-oyat). Biroq hayot tashvishlariga toqatsizlik qilib Allohning omonati (joni)ni tahlikaga solayotganlar ham afsus topilib qolmoqda. Ular hayotning ushbu imtihonidan savob olish oʻrniga, aksincha, gunohga qoʻl oʻrib qoʻymoqdalar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻtgan qavmlar hayotidan misol keltirib bizni bu gunohning yomonligidan ogohlantirgan edilar: “Sizlardan oldin oʻtgan qavm orasida bir yaralangan kimsa bor edi. U ogʻriqqa chiday olmasdan, qoʻliga pichoq olib, yaralangan qoʻlini kesdi. Natijada u qon yoʻqotish tufayli vafot etdi. Shunda Alloh taolo: “Bandam oʻzini-oʻzi oʻldirib, mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni harom qildim”, – dedi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Inson aslida moʻjiza. Umr – ilohiy rizq, tiriklik – ulugʻ neʼmat. Uning har bir daqiqasi shukrini keltirish, yaxshi va xayrli ishlar etagini tutib, sabr-qanoat va iroda bilan yashash qiyinchiliklar yechimiga yoʻl ochadi, insonning oila va Vatan oldida yuzini yorugʻ qiladi.


6 250
Maʼsudjon SULAYMONOV, OʻzA